Toshkentda noshirlik-matbaa kollejining yangilangan binosi tantanali ravishda ochildi
Bugun, 5 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi Noshirlik matbaa sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash kollejining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
540 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan muassasa binosi qisqa vaqt ichida to‘liq kapital ta'mirdan chiqarildi. Xalqaro ta'lim standartlariga mos shart-sharoitlar, darsxonalar va o‘quv laboratoriyalari yaratilib, ta'lim maskani zamonaviy texnika va jihozlar bilan ta'minlandi.
Bilim dargohida sohaga oid kitob va elektron darsliklar fondiga ega katta axborot-resurs markazi, kompyuter va o‘quv-amaliyot xonalari, kichik bosmaxonalar, barcha sharoitlarga ega sport zali o‘quvchilarga xizmat ko‘rsatadi.
«Respublikada yagona hisoblangan ushbu kollejni qayta ta'mirlash jarayonida nafaqat uning ko‘rinishi, dizayni va sharoiti, balki butun o‘quv rejalari, uslubiy qo‘llanmalari, metodikasini ham ishchi guruhi tuzgan holda qayta o‘rganib chiqmoqdamiz. Hozirda poligrafiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha katta yo‘l xaritamiz bor», deya Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Besh yo‘nalish - «Matbaa ishlab chiqarish texnik-texnologi», «Dasturiy injiniring texnigi», «Keng assortimentdagi kiyimlar konstruktori», «Axborot resurs markazi kutubxonachisi», «Buxgalteriya hisobi va audit» bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi kollejda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo matbaa-noshirlik sohasining tarixi va bugunidan hikoya qiladigan «Matbaa tarixi» muzeyi ham tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirda agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham so‘zga chiqib, muassasa o‘quvchilariga ulkan zafarlar tiladi.
«Mening do‘stlarim. Sizlarga eng yuqori marralarga erishishlaringizni tilayman. Kelajagingiz uchun barcha eshiklar ochiq. Sizlar uchun hozir eng zo‘r vaqt. To‘g‘ri eshiklarni oching va eng zo‘r eshiklarni tanlang. Taqdiringiz o‘z qo‘lingizda. O‘z maqsadlaringizga erishishingizga ishonamiz va yutuqlaringizdan hamisha quvonamiz», dedi Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida.
Marosimda ta'kidlanishicha, endilikda «O‘zbekiston», «O‘qituvchi», G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari hamda «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi o‘quv muassasasining hamkor tashkilotlari etib belgilandi. Kollej o‘quvchilari olgan nazariy bilimlarini ushbu tashkilotlarda amaliy mashg‘ulotlar bilan yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma'lumot uchun, mazkur ta'lim maskani 1970 yil Toshkent matbaa texnikumi nomi bilan faoliyat boshlagan. O‘rta maxsus ta'lim markazining 2004 yil 27 yanvardagi 16-sonli buyrug‘iga asosan, texnikumga «Toshkent matbaa-noshirlik kasb-hunar kolleji» maqomi berilgan.
O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi farmoniga muvofiq, kollej Noshirlik matbaa sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash kollejiga o‘zgartirildi va O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga tasarrufiga o‘tkazildi.
Mavzuga oid
11:41 / 11.11.2024
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
18:37 / 30.10.2024
Saida Mirziyoyeva Fashion Trust Arabia taqdirlash marosimida ishtirok etdi
20:53 / 28.10.2024