Iqtisodiyot | 17:10 / 06.12.2019
19122
3 daqiqa o‘qiladi

Mubin Mirzayev: «Bundan buyog‘iga xohlagan korxonani xohlagancha tekshirish bo‘lmaydi»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, ularning mazmun mohiyatiga bag‘ishlab Qonunchilik palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan va joriy yilning 26 noyabrida birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan konseptual tarzda qabul qilingan, ayni paytda esa siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qo‘mitalar yig‘ilishlarida kechayotgan muhokamalarda maromiga yetkazilyapti.

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Soliq kodeksi loyihasida aytib o‘tilgan tahlika-tahlil dasturida 3ta segmentga ajratish qanday asoslarda amalga oshirilishi to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

«Bundan buyog‘iga xohlagan korxonani xohlagancha tekshirish bo‘lmaydi. Bizda Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi va xalqaro moliyaviy institutlar orqali uning dasturi ishlab chiqilyapti. Hozir 430 mingta korxonaning test sinovi natijasida 47ta mezon asosida dasturning o‘zi qaysi korxona yashil yo‘lakcha, sariq yoki qizil yo‘lakchaga tushishini aniqlab chiqadi. Biror bir soliq organi aralashib, uni yo‘lakchalarga o‘zi joylashtirmaydi. Ya'ni mezonlarni, ma'lumotlarni kiritadi, dasturning o‘zi aniqlab beradi», deydi Mubin Mirzayev.

U tahlika-tahlil dasturi hozirda test rejimida ekani va 15 dekabrgacha uni takomillashtirish jarayonlari amalga oshirilishi, 1 yanvargacha to‘liq ishga tushirilishi ko‘zda tutilganini aytib o‘tdi.

Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, dastur ikkita prinsipda bo‘ladi.

«Soliq qo‘mitasining o‘zida bu dastur kichik va o‘rta korxonalar asosida ishlaydi, Yirik soliq to‘lovchilar inspeksiyasida alohida dastur bor, u yirik soliq to‘lovchilarga. Ularning mezonlari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Yirik soliq to‘lovchilar uchun boshqa mezon, kichik va o‘rta korxonalar uchun boshqa mezon», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq soliq to‘lovchilar uchun yengilliklar to‘g‘risida ma'lumot berilgan edi.

Mavzuga oid