O‘zbekiston | 20:44 / 07.12.2019
16765
6 daqiqa o‘qiladi

«Parlament dovyurak bo‘lishi kerak». Safoyev saylov, unga hokimlar aralashuvi va yangi import bojlari haqida

6 dekabr kuni O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida «O‘zbekistondagi islohotlar va parlament saylovlari» mavzusida media anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida Kun.uz muxbiri Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan suhbatda bo‘ldi.

«Hozir O‘zbekiston demokratiyasi uchun muhim saylovlar arafasida turibmiz. Saylovning ahamiyati O‘zbekiston bilangina cheklanib qolmaydi: O‘zbekistonning taqdiri, uning rivojlanish yo‘nalishi nafaqat Markaziy Osiyoga, balki kengroq miqyosda ham ahamiyat kasb etadi. Saylov jarayonlari xalqaro e'tiborni jalb etayotgani bejiz emas. Ko‘p savollar bor, qiziqish katta.

Saylov O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy-iqtisodiy reytinglariga ta'sir ko‘rsatadi. Sarmoyadorlar ko‘pincha u yoki bu mamlakatga pul tikish mumkinmi-yo‘qmi deganda birinchi navbatda u yerdagi siyosiy barqarorlik, xalq va hukumat o‘rtasidagi muloqot darajasi, huquqiy poydevor va qonun ustuvorligi masalalariga ahamiyat qaratishadi. Bularning barchasi parlament va parlament saylovlariga bog‘liq.

Demak, oldimizda turgan hodisa nafaqat siyosiy ahamiyatga ega; saylovlar O‘zbekistonga iqtisodiy manfaat ham olib kelishi mumkin», – deydi Safoyev.

– Yangi saylanadigan parlament hozirgisidan qanchalik va qaysi jihatlari bilan farq qiladi, deb o‘ylaysiz?

– Albatta, buni saylov ko‘rsatadi. Biz o‘z umidlarimizni aytishimiz mumkin. Kelajak parlament – bu O‘zbekiston siyosatchilarining yangi avlodi. Ular xalqning orzu-umidlari va mushkulotlarini chuqur tushungan, ich-ichidan anglagan va ularni sidqidildan ilgari surishga tayyor bo‘lgan, vatani uchun, xalqi uchun jon kuydiradigan samimiy insonlar bo‘lishi kerak.

Ikkinchidan, yangi parlament yuqori darajada professional, xalqaro miqyosda raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Chunki O‘zbekistonning kelajagi va mamlakatning raqobatbardoshligi birinchi navbatda uning qonunlari bilan, parlament o‘z funksiyalarini bajarishi bilan bog‘liq. Yangi parlament shunga qobil bo‘lishi kerak.

Eng muhimi, parlament dovyurak bo‘lishi kerak. Hukumatni tanqid qilishi, hukumatning turli organlarini javobgarlikka tortib, qonunlar va xalqaro majburiyatlarimizni ijro etishga nafaqat da'vat etish, balki kerak bo‘lsa majbur qilishga qodir organ bo‘lishi kerak. Buni xalqimiz kutyapti.

FQvmuQPfZCpehFWm6HWDGQ868xEGk5RA.jpg (1280×853)
Londondagi media anjuman spikerlari. ​​​​Chapdan o‘ngga: elchi Said Rustamov, senator Sodiq Safoyev, britaniyalik siyosatchi Alan Dunkan, deputat Eldor Tulyakov

– Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar hokimlarning aralashuvisiz o‘tishiga qanchalik ishonasiz?

– Bilasizmi, amaliy siyosatda bo‘lgan insonlar, shu jumladan jurnalistlar uchun biron narsaga ishonish yoki ishonmaslik kifoya emas. Biz birgalikda ishlashimiz kerak. Saylovning sof, halol va shaffof bo‘lishini ta'minlash – bizning burchimiz.

Albatta, o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda bo‘lmaydi. Buning uchun ishlash kerak, nazorat qilish kerak; kuzatuvchilarni tashkil qilishimiz, qonunlar ijrosini ta'minlashimiz kerak. Shuning uchun gap ishonish-ishonmaslikda emas, biz yengni shimarib, belni bog‘lab ishlashimiz kerak. Shu jumladan, ommaviy axborot vositalari ham.

– Hozir nol stavkadagi yuzlab tovar turlariga 1 yanvardan import boji joriy etilishiga iqtisodchi sifatida munosabatingiz qanaqa?

– Bilasizmi, davlatning iqtisodiy siyosati qandaydir yagona bitta klishelarga yoki oldindan tayyorlangan sxemalarga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. U milliy manfaatlardan kelib chiqadi.

Nazariy nuqtayi nazardan, albatta, ochiq savdo – har doim to‘g‘ri. Lekin uning o‘zini har doim hisoblash kerak, qabul qilinayotgan qarorlardan qancha odam yutadi, qancha odam yutqazadi. Yuz foiz hammaga manfaat keltiradigan qarorlar bo‘lmaydi – kimdir yutadi, kimdir yutqazadi.

Qaror shunday bo‘lishi kerakki, birinchidan u uzoq muddatlik milliy manfaatlarga xizmat qilishi va iloji boricha ko‘proq odamlarning moddiy va ma'naviy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Buni iqtisodchilar hisoblashi kerak.

Ichki ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlash ham davlatning burchlaridan biri. Lekin men iqtisodchi sifatida ishonamanki, davlatning asosiy burchi – birinchi navbatda milliy iste'molchini himoya qilish va uning manfaatlarini ko‘zlagan holda ishlash. Milliy iste'molchi ayni paytda milliy ishlab chiqaruvchi hamdir. Uning mablag‘i nafaqat iste'mol qilishga, balki ishlab chiqarishga ham qaratiladi. Shuning uchun har bir qarorda mana shuni hisobga olish kerak. Bu yerda qandaydir soddalashtirilgan yondashuv noto‘g‘ri bo‘ladi.

Mavzuga oid