Jamiyat | 16:23 / 08.12.2019
26372
12 daqiqa o‘qiladi

«Qonunni o‘qib, o‘zimni ertakka tushib qolganday his qildim». O‘zbekistonda inklyuziv sharoitlar yetarlimi?

Ko‘pchilikda nogironligi bor insonlardan hayiqish, o‘zini orqaga tortish odati bor. Stereotip shunchalik kuchli shakllanganki, uning ortiga nazar solishga harakat qilib ko‘rmaganmiz. Ya'ni imkoniyati cheklanganlar oddiy, o‘zimiz qatori odamlar ekanini unutib qo‘yamiz. Ularning dunyosiga nigoh solganda, qanchadan qancha muammo borligi, hattoki eng primitivlari ham hal etilmayotganini bilib olasiz.

Nogironligi bor fuqarolarga hamma qatori imkoniyatlar berilyaptimi? Ularning fuqarolik huquqlari (masalan, ishlash, o‘qish) hukumat tarafidan ta'minlab berilyaptimi? Albatta deyishdan oldin quyidagi fikrlarga e'tibor qaratish muhim.

«O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning atigi 2 foizi ish bilan ta'minlangan»

Ra'no Shodiyeva (Nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlar respublika markazi rahbari):

– Hozirgi kunda nogironligi bo‘lgan fuqarolar 710 ming nafarni tashkil qilyapti. Ulardan 101 ming 316 nafari bolalar va 300 mingdan ortig‘i ayollardir.

Nogironligi bo‘lganlar cheklangan ijtimoiy infrastruktura, jumladan, ma'lumot olish imkoniyati, ishga joylashish borasida diskriminatsiya bilan tez-tez to‘qnash kelishadi. Jamoatchilik stereotipi, ta'lim olish, qaror qabul qilishdagi cheklovlar ham shular jumlasidan.

Bu yil BMTning «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasini O‘zbekiston hukumati imzolaganiga 10 yil to‘ladi. Ayni vaqtda ushbu hujjatni ratifikatsiya qilish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Konvensiyaning realizatsiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z imkoniyatlarini to‘la ochib berishga, ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘mak beradi. Inklyuziv ta'lim-tarbiyani rivojlantirish orqali yuqoridagi muammolarni hal qilish mumkin.

Fikrimcha, inklyuziv ta'lim to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish vaqti keldi. Inklyuziv ta'limning maqsadi – har bir inson teng huquqlilik asosida bilim olish imkoniyatini yaratishdir. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta'minlashda respublika bo‘ylab 3 foizlik kvota ajratilgan. Atigi 2 foiz nogironligi bo‘lgan fuqarolar ish bilan ta'minlangan.

Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilishi zarur. Ularga nisbatan jamiyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynovchi resurs sifatida qarashni shakllantirish lozim.

«Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qonunni o‘qib, o‘zimni ertakka tushib qolganday his qildim»

O‘rol Normatov (O‘zbekiston Fanlar akademiyasi doktoranti):

– Nogironligi bor fuqarolarga mo‘ljallangan ish o‘rinlarining kamligi, mavjudlariga ham joylashish qiyinchiliklari bor. Ular sog‘lom insonlar qatorida bir qancha jabhalar, masalan, ta'lim sohasida ishlay olishadi. Jamiyatimizda kuchli stereotip shakllangan. Nogironligi bor fuqarolarimiz tashkilotlarga ish so‘rab borishganda, ish beruvchida ularga nisbatan kuchli qarshilik paydo bo‘ladi. Bir necha asossiz bahonalar, mavjud ish o‘rnini ham yashirish holatlarini o‘z boshimdan o‘tkazganman.

Ilgari nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ish bilan ta'minlagan tashkilotlarga soliq imtiyozlari qo‘llanilardi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida bu masala ancha bahslarga sabab bo‘ldi. Shu holatdan keyin bu tashkilotlarda nogironligi bo‘lganlarga munosabat o‘zgardi. Bu bo‘yicha bizda ma'lumotlar bor.

Masala yuzasidan takliflarim bor. Ta'lim sohasini olaylik. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, nogironligi bor o‘qituvchilarga kotibalar biriktiriladi. Ularning vazifasi yozuv-chizuvlar bilan bog‘liq ishlarda yordamlashish va boshqa qo‘shimcha ishlarni bajarishdir. Shu amaliyot boshqa sohalarga ham tatbiq qilinishi mumkin. To‘g‘ri, bu qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi. Ammo kutilganidan yuqori natija berish ehtimoli ham bor. Ma'lum bir tashkilotda kichik tajriba olib borilsa yaxshi bo‘lardi.

Qonunchilikka muvofiq, ish beruvchi tashkilotlar nogironligi bor fuqarolarga 3 foizlik kvota ajratishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu talab har doim ishlamaydi. Shuning uchun uni yoki ishlatish, yoki umuman olib tashlash lozim. Avvalo, tashkilotlar 3 foizlik kvota ajratishga imkoniyati yetadimi, degan savolga javob berish kerak.

Og‘riqli muammo – huquqiy hujjatlarda belgilangan imkoniyatlarning amalda ishlamasligi. «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni o‘qib chiqdim. Ochig‘ini aytganda, o‘zimni ertakka tushib qolganday his qildim. Qonunlar ishlashi kerak. Men oliy ma'lumotli bo‘la turib, shuncha qiyinchilikka duch kelayotganim vaziyat ancha jiddiy ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Har bir hududda mehnat birjasi bor. U yerda nogironligi bor fuqarolarga mo‘ljallangan ish o‘rinlari haqida ham ma'lumot bo‘lishi kerak. Bo‘sh ish o‘rniga mutaxassis bor-u, nega unga ish berilmadi, deb talab qilinishi lozim.

«Nogironligi bo‘lgan insonlar, deganda nafaqa oladigan boqimandani tushunmaslik lozim»

Jamoliddin Yoqubov (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistraturasini tamomlagan, hozirda ishsiz):

– Bir do‘stim bandlikka ko‘maklashish markaziga (BKM) murojaat qilganida, o‘sha yerdagilar nogironlik nafaqasi yetmayaptimi, degan. Biz ham shunaqa qotib qolgan fikrda yashasak, boqimanda bo‘lib qolishimiz aniq-ku. Ularda shu nafaqa bilan oila tebratish mumkin, degan tushuncha bor. BKMlar unga ish taklif qilgan, lekin bu taklifni sog‘lom inson ham rad etgan bo‘lardi. Ish joyi do‘stimning yashash joyidan ancha uzoq bo‘lgan. Qanday qilib ko‘zi ojiz inson u yerda faoliyat olib borishi mumkin?

Nogironlar deganda barchaning tushunchasi shunday: bunday toifadagilar imkoniyati cheklanganlarga mo‘ljallangan maktablarda dars berishi yoki umuman ishlamay uyda o‘tirib, davlat bergan nafaqaga yashashi kerak. Biz haqimizdagi tasavvurlar g‘alati. Yana bir holat: nogironligi bor fuqarolarga oid qonunchilik haqida ish beruvchilarda tushuncha juda oz. Qonunni bilmasliklari oqibatida biz kabilarni ishga olishdan o‘zlarini tortishadi.

Nogironlikka oid huquqiy baza bilan keng jamoatchilikni tanishtirish kerak. Ko‘zi ojizlarning dars o‘tishi bo‘yicha metodik qo‘llanma ishlab chiqilsa, bizga ham ancha yengil bo‘lardi. Ko‘plab fanlardan brayl yozuvi bo‘yicha darsliklar yetishmaydi, o‘z vaqtida yangilanmaydi. Natijada, eski ma'lumot asosida ko‘zi ojiz abituriyent OTM kirish imtihonlariga tayyorlanishga qiynaladi.

Nogironligi bor fuqarolarga nisbatan achinish hissi kuchli bo‘ladi. Ularga nisbatan ibrat namunasi deb qarashni bas qilish vaqti keldi. Biz ham boshqalar kabi teng huquqli inson ekanligimizni unutmang. Yana bir taklifim shundan iboratki, nogironligi bor fuqarolarimiz ishini yengil qiluvchi bir qancha mobil qurilma, dastur, ilovalar bor. Ularning o‘zbekcha variantlarini ham ishlab chiqishlarini xohlardim.

«Nogironligi bor fuqarolarni ishga olgan tashkilotlarga BHMning 50 baravarigacha subsidiya berilishi kutilmoqda»

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Temur Mahmudov:

– Vazirlik tuman hokimliklari bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan shaxslar, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy harakat olib boradi. 2019 yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj (shu jumladan, nogironligi bo‘lgan) shaxslarga 123 ming ish o‘rni zaxiralangan. Ularni ishga joylashtirish bo‘yicha faol dasturlar ishlab chiqildi. Birinchidan, korxona va tashkilotlar mehnat organlari orqali nogironligi bor fuqarolarni ishga qabul qilishsa, ish beruvchi tashkilotga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning ikki baravari (446 ming so‘m) 12 oy davomida moliyalashtirib beriladi. Bunda subsidiya berish mexanizmi joriy etildi. 

Shuningdek, ish beruvchilar nogironligi bo‘lgan fuqarolarning malakasini oshirishni tashkil etishsa, vazirlik jamg‘armasi tomonidan BHMning 4 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi. 11 ming nafar fuqarolar shu subsidiyalardan foydalanishdi va bunga davlat budjetidan 9 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bir necha kun oldin Sog‘liqni saqlash vazirligidan nogironligi bor fuqarolarning ro‘yxatini oldik. Hozir respublika bo‘yicha 600 mingga yaqin nogironligi bor fuqarolar mavjud. Shulardan qariyb 162 ming nafari mehnatga layoqatli. Ularga moslashtirilgan ish o‘rinlari kerak. Bu yo‘nalishda kamchilik va xatolarimiz borligini tan olamiz.

2020 yil Davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasida nogironligi bor fuqarolarni ishga qabul qilgan tashkilotlarga har oy BHMning 50 baravarigacha subsidiya berish ko‘zda tutilgan.

«Nogironligi bor shaxslarning yutuqlariga «mo‘jiza» deb qarashni bas qilish kerak»

Dilmurod Yusupov (Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti):

– Nogironligi bor insonlar agar O‘zbekiston sharoitida bir yutuqqa erishsalar, bu, albatta, bir mo‘jiza, deb darhol jamiyat tomonidan e'tirof etiladi. Ammo hozirgi kunda ko‘plab to‘siqlar va nogironligi bo‘lgan insonlarga bo‘lgan munosabatga jamiyatimiz ko‘z yumib kelmoqda. Qarang, butkul ko‘zi ojiz bo‘lsa-da, kar bo‘lsa-da, qo‘l yoqi oyog‘i yo‘q bo‘lsa-da (!) u shunday yutuqlarga erishibdi, deyishadi. Buyuk Britaniyada va boshqa rivojlangan davlatlarda bu holat (oldindan o‘zr so‘rayman) «inspiration porn» deb ataladi (o‘zbek tilida «ilhomlantiruvchi porno»). Bu – nogironligi bor insonlarni faqat nogironlik holatidan kelib chiqqan holda boshqa ishyoqmas va nogironligi yo‘q abituriyent va talabalarga ibrat yoki namuna sifatida ko‘rsatish degani.

Yana bir muammoni aytishim kerak, deb o‘ylayman: nogironlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomada «kasb va mehnat tavsiyalari» bandi bo‘lib, unda «maxsus yaratilgan sharoitda» so‘zlari yoziladi. Shuning o‘zi ham ish beruvchini cho‘chitib qo‘yishi tabiiy. Chunki xodimning xavfsizligiga u javobgar. O‘z tinchligini o‘ylab ham nogironligi bor shaxsni ishga olmasdan rad javobini beradi.

Biz keng jamoatchilik va hukumatimiz nogironligi bor fuqarolarga sharoitlar yaratib berish mumkinligini isbotlashimiz kerak. Ular «mo‘jizalar» emas, balki odatiy holga aylanishlari kerak.

Xulosa

Nogironligi bor insonlar mehnatga layoqatsiz emas, ular ham jamiyatning foydali bo‘g‘iniga aylana oladi. Ularning salohiyatidan to‘liq foydalanish iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga hissa qo‘shadi. Buning uchun esa eng avvalo ijtimoiy stereotiplarni yorib o‘tish zarur.

Muhabbat Ma'mirova tayyorladi.

Mavzuga oid