Jamiyat | 13:45 / 11.12.2019
7988
3 daqiqa o‘qiladi

7 mlrd so‘m miqdoridagi gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi 

Illyustrativ foto

“O‘zneftgazinspeksiya” tomonidan 7 mlrd so‘m miqdoridagi gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilning 2 dekabridan 9 dekabriga qadar “O‘zneftgazinspeksiya”, “Xududgazta'minot” hamda “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari bilan birgalikda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha muntazam tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlar natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta'minoti korxonasiga 7 mlrd 439 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan MChJ va Angren shahridagi MChJ korxonalari tekshirilganda, gaz hisoblash uskunasiga tashqaridan ta'sir yetkazishga sharoitlar yaratilganligi ma'lum bo‘ldi. Ya'ni, gaz hisoblagich xotirasidagi foydalanilgan gaz miqdori to‘liq yozib borilmagan.

Hisoblash uskunalari konfiguratsiyasi o‘zgartirilganidan tashqari, bir necha kun davomida hisoblash uskunalari elektr ta'minotidan uzilganlik holatlari ham bo‘lgan. Shunga ko‘ra, shu vaqt mobaynida ishlatilgan tabiiy gazning sarflangan miqdori saqlanib qolmagan.

“Toshkentgaz” hududiy filiali tomonidan berilgan texnik shartga ko‘ra, MChJ korxonasida tabiiy gazning umumiy soatbay sarfi 3600 metr kub/soatni tashkil etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazdan 30 kun davomida noqonuniy foydalanilganlik hajmi 2 mln 592 ming metr kubni tashkil etib, bu 1 mlrd 710 mln so‘m miqdordagi zarar yetkazilgan.

Boshqa bir MChJning keramika mahsulotlarini ishlab chiqarish sexida, texnik shartga ko‘ra, tabiiy gazning umumiy soatlik sarfi 1683,4 metr kub/soatni tashkil etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazdan 45 kun davomida noqonuniy foydalanilgan hajmi 3 mln. 156 ming metr kubni tashkil etib, 3 mlrd 156 mln so‘m miqdordagi zarar yetkazilganligi ma'lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, yana bir o‘g‘irlik Angren shahridagi korxonaga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchasida ham aniqlandi. Ushbu korxonada gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta'sir ko‘rsatilganligi aniqlanib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiiy gazdan 53 kun davomida noqonuniy foydalanilganlik hajmi 1 mln 272 ming metr kublik, 1 mlrd 272 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 10 ta issiqxona, parrandachilik xo‘jaliklari, sopol buyumlar ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, boshqa faoliyat bilan shug‘ullanuvchi 196 ta korxona gaz ta'minoti korxonasiga jami tabiiy gazning noqonuniy iste'moli hajmi 1 mln 301 ming metr kub (1 mlrd 118 mln so‘m) ni tashkil etib, 1 mlrd 506 mln so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazganligi ma'lum bo‘ldi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.

Mavzuga oid