Putinning Zelenskiy bilan uchrashuvi, ayollar boshqaruvidagi Finlyandiya, Senatda so‘nggi yalpi majlis va haftaning boshqa xabarlari
Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.
Namanganga kechikkan reys. Uzbekistan Airways bayonoti nega aeroport izohi bilan mos kelmadi?
9 dekabr kuni Toshkent-Namangan yo‘nalishida chipta olgan yo‘lovchilardan biri bo‘lgan bloger Otabek Bakirov mazkur aviareysda yuz bergan dilxiraliklar to‘g‘risida yozdi va bu xabar ijtimoiy tarmoqda tarqaldi. Xabarda samolyot ichidagi yo‘lovchilar bir necha soatdan buyon ushlab turilgani, ayrim yo‘lovchilar o‘zini noxush his qila boshlagach tez yordam chaqirilgani, yana ayrimlar norozilik bildirib, holatni videotasvirga olishga uringanida militsiya naryadi chaqirilgani aytilgandi.
Shundan so‘ng Kun.uz muxbiri izoh olish uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi (Uzbekistan Airways) aloqa markazi bilan bog‘landi. Aloqa markazidagilar reys kechikishi, yo‘lovchilarga tez tibbiy yordam zarurati tug‘ilgani va xavfsizlik xodimi chaqirtirilgani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirib, bu savollarga Toshkent xalqaro aeroporti javob berishini ma'lum qildi.
Aeroport xodimlari ertalabki reys kechiktirilganini tasdiqladi va yo‘lovchilarga ishlarini bitirib kelish uchun ruxsat berilgani, yo‘lovchilar tushdan keyin aeroportga qaytib kelishgani haqida ma'lum qilishdi. Bu yerdagilar ham tez yordam va xavfsizlik xodimlariga ehtiyoj tug‘ilgani haqida ma'lumotga ega emasliklarini bildirishdi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi 9 dekabr kuni kechqurun, Namangan-Toshkent aviareysi soatlab ushlab turilgani haqidagi xabar saytlarda tarqalgach bu borada izoh berdi. Lekin bu bayonotdagi noaniqliklar shubhalarni keltirib chiqaradi, bayonotdagi gaplar avval Toshkent aeroporti izohidagi gaplarni inkor qiladi.
«Namangan» va «Farg‘ona» xalqaro aeroportlari quyuq tuman tufayli havo kemalarini qabul qilish uchun yopiq edi, shu sababli kompaniyaning HY-620 Moskva—Namangan yo‘nalishi bo‘yicha 8 dekabrda parvoz qilgan Boeing 757 havo kemasi komandiri qarori bilan «Toshkent» aeroportiga soat 17:41da qo‘ndi. «Namangan» aeroportida ob-havo uzoq muddat yaxshilanmaganligi bois, yerusti transporti bilan manzilga yetib olishni istagan yo‘lovchilarga, aviakompaniya qoidalariga muvofiq, Namanganga yetib olish uchun yo‘l xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya to‘lab berildi. Yo‘lovchilarga, jumladan, yuki ko‘p bo‘lganlarga, aviakompaniya tomonidan yakuniy manzilga eng yaqin qatnov bilan yetib olish taklifi berildi. 37 nafar yo‘lovchi 9 dekabr, dushanba kuni soat 08:25 dagi HY-095 qatnovi bilan Namanganga yetib borishga rozilik bildirdi.
«Namangan» aeroportida uzoq vaqt ob-havo o‘zgarmaganligi sababli HY-095 qatnov vaqti soat 10:00 ga, so‘ngra 12:00 va 14:00 ga ko‘chirildi. Uchishni kutish vaqtida yo‘lovchilar «Toshkent» aeroporti xalqaro yo‘nalishlar terminalining kutish zaliga joylashtirildi, u yerda ularga ikki marta issiq ovqat — kechki ovqat/ertalabki nonushta taqdim etildi. 9 dekabr kuni soat 07:00 da yo‘lovchilar Namanganga uchish uchun yerusti transporti bilan mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzaliga yetkazildi.
«Namangan» aeroportida ob-havo yana yomonlashgani yo‘lovchilarning samolyotda uzoq vaqt kutishiga sabab bo‘ldi. Ba'zi agressiv kayfiyatdagi yo‘lovchilar holatni tushunmasdan, ob-havoga qaramasdan, tezroq Namanganga uchishni talab qildi. «Namangan» aeroporti ochilishi to‘g‘risida ma'lumot olinishi bilan, havo kemasi komandiri uchishga qaror qildi va yo‘lovchilar samolyotga taklif qilindi. O‘sha agressiv kayfiyatdagi yo‘lovchilardan biri samolyot sahniga chiqgach, o‘z e'tirozlari bilan katta bort kuzatuvchisiga tashlandi. 5 nafar yo‘lovchi, shu jumladan, katta bort kuzatuvchisiga tan jarohati yetkazgan yo‘lovchi ayol aeroport militsiya liniyaviy bo‘limi vakillari tomonidan qatnovdan chetlashtirildi, bu holat ekipaj a'zosini almashtirishni talab etdi.
Ta'kidlash joizki, ushbu vaqt davomida Uzbekistan Airways rahbariyati va mas'ul xodimlari aeroportda bo‘lib, tushuntirish ishlari olib bordi va yo‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘ldi, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun barcha choralarni ko‘rdi. Uzbekistan Airways yo‘lovchilardan uchish va qo‘nish aeroportlarida qishki mavsumdagi yomon ob-havo sharoiti tufayli parvozlar jadvaliga kiritilayotgan o‘zgarishlarga tushungan holda yondashishni so‘raydi, chunki parvozlar va yo‘lovchilar xavfsizligi bizning eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.
Bu bayonotdan keyin bir necha savol paydo bo‘ladi. Birinchidan, shuncha gap bo‘lib o‘tgan ekan (bortdagi to‘polon va aviakompaniya xodimi jabrlanishi), nega aviakompaniya vakillari Kun.uz so‘roviga javoban bunday voqealardan bexabarliklarini aytishgandi? Yoki ma'lumot nega yashirilgandi?
Yo‘lovchilarga ikki mahal issiq ovqat berilgani haqidagi iddaochi? Avvalo, bu xizmat qaysi yo‘lovchilarga qaysi vaqtda ko‘rsatilgani aniq emas. Agar Moskvadan Namanganga uchishda Toshkentga qo‘nishga majbur bo‘lgan yo‘lovchilarga bo‘lsa, ularga nega tushlik berilmagani haqida savol paydo bo‘ladi. Rossiyadan kelgan samolyot 9 dekabr kuni soat 17:41da qo‘ngan, ular 10 dekabr kuni soat 15:35da uchgani hisobga olinsa, ularga 3 mahal ovqat berilishi kerak emasmidi?
Qolaversa, Toshkent aeroporti bergan izohda ertalab bortga chiqqan yo‘lovchilarning barchasi reys kechiktirilgach ortga qaytarilgani, ularga biror yumushi bo‘lsa bajarib kelish uchun javob berilgani aytilgan. Nega aeroport va aviakompaniyaning fikri bir joydan chiqmayapti?
Bayonotda 5 nafar yo‘lovchi qatnovdan chetlashtirilgani ham aytiladi. Bortda janjal ko‘targani aytilayotgan ayoldan boshqa yo‘lovchilarning chetlatilishining sababi nima edi? «Bortkuzatuvchini safdan chiqargan» yo‘lovchining keyingi taqdiri nima bo‘lgan? Samolyot uchavermagani uchun bortni tark etishga majbur bo‘lgan yo‘lovchilarga (bu haqda bloger Otabek Bakirovning postida keltiriladi) nega befarqlik bilan qaraldi? Ularga kompensatsiya to‘lab beriladimi?
Aeroport izohi bilan mos kelmayotgan aviakompaniya bayonotidagi gaplar to‘g‘riligiga qanday ishonish kerak? (O‘sha reysda keyinchalik Namanganga uchgan qolgan yo‘lovchilar bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi)
O‘zbekistonda yagona bo‘lgan aviakompaniya aybni yo‘lovchilarning o‘ziga ag‘darib qo‘yavermasdan, o‘z imijini yaxshilash ustida ishlasa bo‘lmaydimi?
Finlyandiya: yosh ayollar boshqaruvidagi mamlakat
34 yoshli Sanna Marin jahondagi eng yosh bosh vazir bo‘ldi. Hukmron Sotsial-demokratik partiyasi (SDP) rahbari Antti Rinne Finlyandiyada pochta ishchilari ish tashlashi bilan ro‘y bergan mojarodan keyin iste'foga chiqdi va shu vaqtgacha Tranposrt va kommunikatsiyalar vaziri sifatida ishlab kelgan Marin xonim ichki ovoz berish yo‘li bilan bosh vazir lavozimiga saylandi.
Endi 2015 yildan buyon Finlyandiya parlamenti a'zosi bo‘lib kelayotgan 5ta partiyadan iborat koalitsiyaga rahbarlik qiladi. Qayd etish kerakki, Finlandiya birlashgan hukumati partiyalarining hammasiga ayollar rahbarlik qiladi. Koalitsiyadagi boshqa partiyalarda 32 yoshli Li Anderson «Chap Alyans», 34 yoshli Mariya Oxisalo «Yashil liga», 32 yoshli Katri Kulmuni «Markazlashgan partiya» hamda 55 yoshli Anna Mayya Xenriksson «Shved milliy partiyasi»da rahbar hisoblanadi.
Marin Finlyandiya siyosatida kardinal o‘zgarishlar qilishi kutilmayapti: besh partiyali koalitsiya siyosiy dasturni kelishib olgan. Ammo Sanna Marin hukumat faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lishi kerak deb hisoblaydi.
«Biz saylovchilar ishonchini qaytarish uchun yaxshi mehnat qilishimiz kerak», - deydi u.
Sanna Marindan avvalgi bosh vazir Antti Rinne hukumatni bir yarim yil davomida boshqardi va davlat pochta xizmati xodimlari ish tashlashi fonida kechgan mojaro tufayli iste'foga ketishga majbur bo‘ldi. Bu ziddiyat pochtalar rahbariyati maoshlarni pasaytirishga qaror qilgani tufayli kelib chiqqandi.
Parijda «Normand to‘rtligi» uchrashuvi
«Normand to‘rtligi» (Ukraina, Rossiya, Germaniya, Fransiya) 9 dekabr kuni Parijda 2016 yil oktyabridan buyon ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Qariyb 8 soatlik muzokaralardan keyin Rossiya va Ukraina prezidentlari yil oxiriga qadar asirlar almashinuvi, o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish, Ukraina sharqidagi yana uchta hududdan harbiy kuchlarni olib ketish va to‘rt oydan keyin yangi uchrashuv to‘g‘risida kelishib olishdi.
Butun front liniyasidan qurolli kuchlari olib ketish bo‘yicha kelishuvga erishilmadi. Ukraina qanday sharoitda Rossiya bilan davlat chegarasi nazoratini qaytarib olishi mumkinligiga ham aniqlik kiritilmadi. Tomonlarning fikri bir joydan chiqmadi: Rossiya prezidenti bu «Minsk bitimi»dagi kelishuv bo‘yicha, ya'ni Donbassda saylovlar bo‘lganidan so‘ng, amalga oshishini aytdi, Ukraina rahbari bu shartga rozi emasligini bildirdi. Qrim mavzusiga esa umuman teginilmadi.
Sammit tashabbuskori bo‘lgan Vladimir Zelenskiy Ukraina qonunchiligida «DXR» va «LXR»ga alohida maqom berishni tartibga solishi ko‘zda tutilgan «Shtaynmayyer formulasi»ga rozi bo‘lishga majbur bo‘ldi.
Gaz muammolari ham ochiq qoldi. «Naftogaz» kompaniyasi ijrochi direktori Yuriy Vitrenko tomonlar «kelishuvlarni davom ettirishga kelishib olgan»i haqida ma'lumot berdi. Yil yakuniga qadar biror natijaga erishilmasa, 2020 yil 1 yanvardan Rossiya gazi Yevropaga yetkazib berilmaydi.
Telegramdagi Tashqarida kanali muallifi «Normandiya to‘rtligida yolg‘iz qolgan Ukraina» sarlavhali postida vaziyatni tahlil qilgan:
Makron uchun bu Fransiyaning diplomatik vositachilik qudratini oshirishga qaratilgan harakatlari tufayli ayniqsa muhim. Umuman, Fransiya ham, Germaniya ham Qrim va Donbass tufayli Rossiyaga qarshi qo‘yilgan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish tarafdori bo‘lib turgan bir paytda ushbu to‘rtlikda Ukraina 3 ga 1 vaziyatda qolib ketdi, degan fikr ham mavjud.
Zelenskiy o‘tgan haftada TIME jurnaliga bergan intervyusida Ukrainadan boshqa yirik davlatlarning o‘zaro muzokaralarida, qandaydir o‘yinlarda vosita sifatida foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik uchun harakat qilishini aytgandi. Amalda Fransiya va Germaniya aynan shunday qilishga urinayotgandek ko‘rinmoqda.
Rossiya uchun esa hozirgi status-kvo qulay. Moskvani Ukrainadagi holat ham Gruziya va Moldaviyadagi kabi de-fakto markazdan mustaqil kvazidavlatlar/hududlar paydo bo‘lishi qoniqtiradi - bu unga uzoq muddatli ta'sir richagini taqdim etadi. G‘arbdagi yetakchilar esa yana bir marta agressorga yetarli bosim qila olish qobiliyatlari yo‘qligini ko‘rsatmoqda
O‘zbekiston saylov arafasida
Buyuk Britaniyada so‘nggi 5 yilda uchinchi marta o‘tkazilgan muddatidan avvalgi saylovlarda kutilmaganda Boris Jonson boshchiligidagi konservatorlar katta farq bilan g‘alaba qozondi - «Brekzit» tarafdorlari 650tadan 368ta mandat olishdi, Korbi boshchiligidagi leyboristlar 191 mandat bilan kifoyalanishdi. Bu Margater Tetcher davridan beri konservatorlarning yaxshi natijasi bo‘ldi, Boris Jonson bosh vazirlik lavozimida yana besh yil qoladi va uning davrida «Brekzit» amalga oshishi oydinlashdi.
O‘zbekistondagi saylovlarga ham yaqin qolmoqda va saylovoldi kampaniyasi avj pallasiga kirgan.
Parlament saylovlariga 10 kun qolgan vaqtda, 12 dekabrdan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi. Dunyoning turli chekkalarida, Rossiyada, Turkiyada, Janubiy Koreyada va boshqa hududlarda ham O‘zbekiston fuqarolari ovoz berishmoqda.
11 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida ishtirok etgan O‘zbekiston ekologik partiyasi vakili Ulug‘bek Pirmuhammedov Toshkentga kelayotgan viloyatliklarni qayd etishning yangi tartibini joriy etishni taklif qildi.
«Fikrimizcha, fuqaro Toshkentga kelishidan oldin o‘zining hududidagi inspektordan ro‘yxatdan o‘tishi maqsadga muvofiq. Shunday tizim joriy etilsa, Toshkentda muammolarga uchrashining oldi olinadi», degandi partiya faoli.
Uning bu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy va kinoyali munosabatlarga sabab bo‘ldi.
Telegramdagi Bakiroo kanali muallifi «aqlli ovoz» berish haqida yozdi.
Birinchi va asosiy qoida, nomzodlarning partiyaviy mansubligi aslo muhim emas.
Ikkinchi qoida, nomzodlar orasidan ustuvor ravishda eng yoshini tanlang. Bunda ularning amaldor, siyosiy partiyalar rahbarlari yoki qovunchilar emasligiga alohida e'tibor qarating.
Uchinchi qoida, byulletenda ikkinchi qoidaga mos nomzod bo‘lmasa, ayol nomzodni tanlang.
To‘rtinchi qoida, ikkinchi va uchinchi qoidaga mos nomzod bo‘lmasa, byulletenda o‘zingiz deputat sifatida ko‘rishni istagan shaxsning ismi sharifini qayd eting. Bunga to‘la haqlisiz.
Beshinchi qoida, aqlli ovoz berish yagona alternativa.
Senatning 2019 yildagi so‘nggi, yigirma beshinchi yalpi majlisi
14 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida 85 nafar senator, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, O‘zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 17 ta masala, shu jumladan 11ta qonun ko‘rib chiqilib ma'qullandi.
Tanzila Norboyeva: Muammolarni senatorlar ko‘tarib chiqishi kerak emasmidi?
Milliy gvardiya bevosita prezidentga bo‘ysunishi belgilab qo‘yildi
Senatorlar «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunni ma'qulladi
Ortiqcha undirilgan soliqni qaytarishning kechiktirilgan har bir kuni uchun penya to‘lanadi
Senat jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish ishida birinchi galda OAVga tayanadi
Tanzila Norboyeva: Xalqimiz o‘zi saylagan deputatni yoki senatorlarni taniydimi?
Senator majburiy mehnatga sabab bo‘layotgan omilni aytdi
Adliya vaziri: «Qonunlarni hadeb o‘zgartirmaslik uchun moratoriy belgilash kerak»
Adliya vaziri: «O‘zbekiston investitsion erkinlik bo‘yicha 100 balldan 10 ball olgan»
Mavzuga oid
23:48 / 11.09.2024
11 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 06.04.2020
Shifoxonaga tushgan Jonson, qirolichaning murojaati, neft bo‘yicha kelisha olmayotgan Rossiya va Saudiya hamda kunning boshqa xabarlari
22:31 / 04.04.2020
Farg‘onada shaharlarga yangi hokimlar, propiska haqda yangi qonun loyihasi, Turkiyada koronavirusga qarshi yangi choralar va kunning boshqa xabarlari
21:19 / 03.04.2020