Ekspert fikri: yangi Soliq kodeksi qaysi qonunlarda o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda?
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilindi. Shu sababli, soliq sohasi bilan bog‘liq boshqa qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ehtiyoji paydo bo‘ldi va “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun xujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi 2019 yil 9 dekabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma'qullandi.
Bu qonun amaldagi 13ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Jumladan, bu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasida foydali qazilmalarni qidirish, razvedka qilish va qazib olish uchun yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya olgan yer qa'ridan foydalanuvchilar imzoli bonus va tijoratbop topilma bonusini to‘lashlari belgilab qo‘yildi. U bir martalik to‘lov hisoblanishi, Soliq kodeksida esa doimiy hisoblanadigan va to‘lanadigan soliqlar ko‘zda tutilganligi sababli, Soliq kodeksining 252-moddasidan O‘zbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonuniga o‘tkazilmoqda. Shuningdek, bu qonunda imzoli bonus stavkalari ham belgilab berilmoqda. Bunda, imzoli bonus stavkalarining eng kam hajmi foydali qazilmaning turiga qarab 2 barobarga, oltinni qidirish va razvedka qilish bo‘yicha esa 10 barobarga kamaytirilmoqda.
Imzoli bonus stavkalarining eng kam hajmini pasaytirilishi xorijiy investitsiyalarni bu sohaga, ayniqsa kam o‘rganilgan hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishga jalb qilish imkoniyatini beradi. Bu qonun bilan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasning “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 44-moddasida belgilangan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab quvvatlash sohasidagi vakolatlaridan biri bo‘lgan mahalliy soliqlar bo‘yicha imtiyozlar belgilash vakolati chiqarib tashlanmoqda. Chunki barcha soliq imtiyozlari Soliq kodeksida belgilanishi tartibi o‘rnatilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda va fermer xo‘jaligi rahbarining barcha soliq va majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng ixtiyorida qolayotgan foyda summasi bo‘yicha imtiyozni bekor qilish taklif etilmoqda. Bunda, unga dividend sifatida qarash va 5 foiz stavkasida soliqqa tortish nazarda tutilmoqda. Xuddi shunday tartibda oilaviy korxona ishtirokchilari uchun belgilangan imtiyozlar ham bekor qilinmoqda. Shu bilan birga, agar xususiy korxona (oilaviy korxona) yoki fermer xo‘jaligi foydasini (daromadini) taqsimlamagan holda o‘z ixtiyorida qoldirsa, bunday holatda dividend solig‘i to‘lanmaydi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasi (Chet ellik investorlarning xo‘jalik faoliyati), O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasida (Investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish) nazarda tutilgan normalar hozirgi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati” to‘g‘risidagi yangi qonuni loyihasi ko‘rib chiqilayotganligi tufayli o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish taklif qilinmoqda.
Hamdam Otajonov (Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, ekspert)
Mavzuga oid
13:26 / 30.03.2024
Senatorlar turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
07:24 / 13.04.2022
Soliq kodeksiga foyda solig‘i bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi
08:40 / 31.12.2021
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i kamaytirildi
07:44 / 28.12.2021