O‘zbekiston | 19:11 / 17.12.2019
71833
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda saylovlarni bahorga ko‘chirish taklif qilindi

Bosh prokuratura akademiyasi dotsenti Gulchehra Malikova O‘zbekistonda o‘tadigan saylovlar fuqarolar uchun noqulay muddatga belgilangan, deb hisoblaydi.

U Xalqaro matbuot markazida o‘tgan «O‘zbekiston saylovlari va xalqaro standartlar» mavzusidagi davra suhbatidan keyin Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida belgilangan muddat saylovchilarga turli qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgani haqida aytib o‘tdi.

«Saylovlar o‘tadigan qish kunlarida uzoq tumanlardagi saylovchilar va saylov uchastkasidagi xodimlar ahvolini tasavvur qiling. Ular saylov kampaniyasi boshlanganidan boshlab 40 kun shu uchastkada bo‘lishi kerak. 

Konstitutsiyaning 117-moddasida O‘zbekiston Prezidenti saylovi, Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda - dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilangan. Bu juda sovuq kunlarga to‘g‘ri keladi.

Bizning taklif: O‘zbekistonda saylovlar ob-havoning issiqroq kunlariga ko‘chirilishi kerak. Shu bilan saylovchilar ham, saylov jarayonlaridagi mas'ullar ham qiynalishmasdi», deydi u.

Gulchehra Malikovaning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistondagi saylovlar aprel oyida yoki Navro‘z bayrami kunlarida o‘tkazilishi kerak.

«Bunday paytda ob-havo yaxshi, odamlarda ham bayram kayfiyati hukm suradi», deydi u.

Mavzuga oid