Parvez Musharraf sirtdan o‘lim jazosiga hukm qilindi
Islomobod maxsus sudi kollegiyasi mamlakatning sobiq prezidenti Parvez Musharrafni davlatga xiyonat qilishda ayblab sirtdan o‘lim jazosiga hukm qildi. U hozirda Dubayda yashamoqda.
Pokistonning sobiq prezidenti Parvez Musharraf sirtdan o‘lim jazosiga mahkum qilindi. 2013 yilda boshlangan sud ishi bo‘yicha hukm uch sudyaning ikki nafari o‘lim jazosi uchun ovoz berishi orqali chiqarildi.
Reuters xabariga ko‘ra, u 2007 yilda Pokistonda harbiy holat joriy qilgani va konstitutsiyaga amal qilinishini to‘xtatgani uchun davlatga xiyonat qilishda ayblangan.
Ayni vaqtda 78 yoshda bo‘lgan sobiq prezident 2016 yildan buyon Dubayda yashamoqda, u o‘ziga qarshi sud ishlariga biror marta kelmagan, unga davolanish uchun xorijga chiqishga ruxsat berilgandi.
General Parvez Musharraf 1999 yilda harbiy to‘ntarish oqibatida hokimiyat tepasiga kelgan, 2001-2008 yillarda Pokiston prezidenti bo‘lgan, ommaviy namoyishlar natijasida hokimiyatdan ketishga majbur bo‘lgan.
Musharrafga qarshi ayblovlar u 2007 yilda sud uning qayta saylanishi qonuniyligini tekshirishni boshlaganida Konstitutsiyaga zid tarzda harbiy holat joriy etishiga ham taalluqlidir.
Sud hukmiga apellyatsiya berish mumkin. Dekabr oyida shifoxona aravachasidagi sobiq-prezident videomurojaat qilib, o‘ziga qarshi jinoiy ishni asossiz deb atagandi.
Davlatga xiyonat
2007 yil noyabrida general Musharraf konstitutsiining amal qilishini vaqtinchalikka to‘xtatdi va mamlakatda favqulodda holat joriy etdi, bu esa ommaviy namoyishlarga olib keldi.
2008 yilda impichment xavfi ostida qolgan prezident iste'foga chiqadi.
2013 yilda Navoz Sharif Pokiston bosh vaziri etib saylanadi. General Musharraf 1999 yilda aynan uni hokimiyatdan ag‘dargan edi. Hokimiyat tepasiga qaytgan Sharif zudlik bilan general Musharrafga davlatga xiyonat aybi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘attiradi. Sud jarayoni 2014 yil martida boshlanadi.
General Musharrafning o‘zi bu ish siyosiy maqsadlarga ega bo‘lgani va uning konstitutsiyaga amal qilishni vaqtinchalikka to‘xtatish qarori Vazirlar Mahkamasi va hukumatning barcha a'zolari tomonidan ma'qullangani haqida aytadi. Ammo sud bu dalilni inkor etadi, keyin general qonun buzilishida ayblanadi.
Pokiston konstitutsiyasiga ko‘ra, davlatga xiyonatda ayblangan shaxs qatl etilishi belgilangan. General Musharraf bir necha marta chaqiruv olganiga qaramay sudlarga kelmagan.
Nima uchun bu muhim?
General Musharrafga rasmiy ayblov - tez-tez harbiylar boshqaruviga o‘tgan mamlakat tarixidagi muhim ishoradir.
Pokistonning ko‘plab bosh qo‘mondonlari yoki shaxsan o‘zi mamlakatni boshqargan, yoki siyosatchilar orqali barchasini nazorat qilgan.
General Musharraf ilk bor davlatga xiyonatda ayblangan Pokiston armiyasi bosh qo‘mondonidir. Tahlilchilarning fikricha, hozir amalda bo‘lganlar ham, iste'fodagi harbiy zobitlar ham bu ishda voqealar rivojini diqqat bilan kuzatishmoqda, chunki bu hodisa keyinroq sodir bo‘ladigan voqealarga o‘rnak bo‘lishi mumkin.
General Musharraf kim?
U 1998 yildan Pokiston armiyasini boshqara boshlagan. Pokiston armiyasining Hindiston bilan chegaradagi nizoda (Kargil urushi deb ham nomlanadi) ishtiroki o‘sha vaqtdagi bosh vazir Navoz Sharif va general Musharraf o‘rtasida jiddiy ziddiyat keltirib chiqaradi. 1999 yilda armiya Sharifni hokimiyatdan ag‘daradi va general Musharraf hokimiyatni o‘z qo‘liga oladi.
General Musharraf 2008 yilga qadar prezidentlik lavozimini saqlab turgan. Uning boshqaruvi davrida unga bir necha marta suiqasd amalga oshirilgan.
U xalqaro arenada AQSh bilan faol hamkorlik qilgan hamda buni terror bilan urushdagi hamkorlik deb atagan.
Iste'foga chiqqach general Musharraf Pokistonni tark etadi, ammo 2013 yilda vatanga qaytib, umumxalq saylovlariga nomzodini qo‘yishga harakat qiladi. Ammo sud uning nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tishiga taqiq qo‘yadi.
Davlatga xiyonatda ayblov bo‘yicha sud tinglovlariga u faqat ikki marta kelgan, shundan keyin u vaqtni yoki gospitalda yoki Islomobod yaqinidagi fermasida o‘tkazgan.
2014 yilda u Karachiga ko‘chib o‘tadi, ikki yil o‘tib esa mamlakatdan chiqib ketadi.
Mavzuga oid
17:10
Pokiston Afg‘onistondagi nishonlarga havodan zarba berdi
00:15 / 22.12.2024
Pokistonda Imron Xonning 25 nafar tarafdoriga hukm o‘qildi
14:56 / 19.12.2024
O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari Pokiston bozoriga olib kiriladi
13:48 / 18.12.2024