O‘zbekiston | 02:10 / 19.12.2019
12055
6 daqiqa o‘qiladi

MSK vakili: “Xalqaro kuzatuvchilarning vakolati keng, faqat Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga rioya qilishlari shart”

O‘zbekiston saylovlar ostonasida turibdi. Har bir kun, har daqiqa bizni bu muhim siyosiy jarayonga yaqinlashtirmoqda. Biz Markaziy saylov komissiyasi a'zosi, yuridik fanlari doktori Gulnoza Ismoilova bilan suhbatda bo‘ldik.

– Gulnoza opa, “Yangi O‘zbekiston –  yangi saylovlar!”, bu shior biz uchun nimani anglatadi?

– O‘zbekiston chindan yangilandi. So‘nggi yillardagi islohotlar samarasiga hammamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Mana shu yangi davrdagi ilk saylovlarimiz albatta katta qiziqishga sabab bo‘ldi va ko‘plab xorijiy davlatlar o‘z kuzatuvchilarini bizga yubormoqdalar. Bu shiorning tug‘ilishi ham bejizga emas. Yangi saylov kodeksini qabul qildik, unda qator ijobiy o‘zgarishlar, yangiliklar o‘rin olgan. Umid qilamizki, joylarda saylov jarayoni va ovoz berish kuni qonunlarimizga muvofiq, uyushqoqlik bilan o‘tkaziladi.

– Xorijiy kuzatuvchilar haqida gapirdingiz, ularning soni necha nafarga yetdi va yana qanchasini kutyapmiz?

– Bugungi kunga qadar (suhbat 16 dekabr kuni yozib olingan. Tahr.) 180 dan ortiq xorijiy kuzatuvchiga MSK tomonidan akkreditatsiya berildi. Ular uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchilar, yana aynan saylov kunlariga yaqin  500-600* nafar kuzatuvchini kutyapmiz. Ular orasida turli davlatlar, yirik tashkilotlar, turli ittifoqlar vakillari mavjud. Har qanday davlat o‘z kuzatuvchisini yubormoqchi bo‘lsa, tegishli tartibda murojaat qilishi va hujjatlarini topshirib, ruxsatnoma olishi mumkin. Kuzatuvchilarning kelib-ketish va O‘zbekistonda bo‘lish xarajatlari o‘z davlatlari yoki ularni yo‘llagan tashkilotlari hisobidan qoplanadi. Bugungi kunda xalqaro tashkilotlar, jumladan YeXHT demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi, YeX HT Parlament Assambleyasi, MDH, ShHT va boshqa xalqaro kuzatuvchilar missiyalari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilgan.

– Kuzatuvchilarning vakolatlari qay darajada?

– Biz xalqaro kuzatuvchilar bilan birga mahalliy kuzatuvchilarimiz ham ish olib borishlarini e'tiborga olishimiz kerak. Mahalliy kuzatuvchilar qatorida avvallari faqat siyosiy partiya kuzatuvchilari ishtirok etgan bo‘lsa, Saylov kodeksida o‘z aksini topgan yangilik - fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilarining ishtiroki ham juda muhim. Kuzatuvchilarning vakolatlari juda ham keng. Ular saylov jarayonining barcha bosqichlarida, jumladan saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini kuzatish, ovoz berish jarayonida hamda byulletenlarni sanash, natijalarni hisoblash jarayonlarida ham ishtirok etishlari mumkin.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ham o‘z faoliyatlarini bemalol olib borishlari mumkin. Faqat saylov komissiyasining faoliyatiga va saylovchining ovoz berish jarayoniga xalaqit bermaslik, uning tanloviga ta'sir o‘tkazishga urinmasligi shart. Umuman, Konstitutsiyamiz, qonunlarimiz va Saylov kodeksimizga rioya qilishlari kerak.

Yana bir muhim jihatni aytib o‘tmoqchi edim – qonunchiligimizga ko‘ra, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin  so‘rovnomalar o‘tkazilishi, Exit poll kabi saylov taxminiy natijalarining e'lon qilinishi mumkin emas. Saylovchining erkin tanloviga xalal berish taqiqlanadi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zosi, yuridik fanlari doktori Gulnoza Ismoilova

–Saylovlar borasida to‘xtalar ekanmiz, balki juda muhim yo‘nalish – gender tengligi bo‘yicha ham fikrlashsak. Bu borada 2019 yil katta yangiliklarga boy bo‘ldi. Ayting-chi, saylovlarda ayol nomzodlar faolligi qay darajada va fursatdan foydalanib, saylovga borish-bormaslikni o‘ylab turgan opa-singillarimizga nima degan bo‘lardingiz?

– Albatta, jamiyatimizda ayollar o‘rni beqiyos. Saylov qonunchiligi va jarayonida, umuman davlat siyosati darajasida amalga oshirilayotgan islohotlar, amaliy choralar ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erkaklar bilan teng huquq va imkoniyatlarda davlat va jamiyat ishlarida ishtirok etish kafolatlari o‘rnashganligini ko‘rishimiz mumkin. Bilasizmi, bir paytlar qabul qilingan normalarga ko‘ra bu borada ayollar kvotasi 30 foiz qilib belgilangan va odatda 31-32 foiz atrofida nomzodlar ko‘rsatilar edi. Hozirgi kunda ayollarimiz faolligi shu darajaga bo‘ldiki, ularning nomzodlar orasidagi ko‘rsatkichi 42 foizga yetdi. Bugungi kunda biz ayollarning saylov komissiyalari tizimidagi ishtirokining ijobiy dinamikasini qayd etishimiz mumkin. MSKda xotin-qizlar soni 35 foizgacha o‘sdi (ilgari 18 foiz edi), okrug saylov komissiyalarining rahbarlik lavozimlarida 46 foizgacha (ilgari 21 foiz) o‘sganini kuzatishimiz mumkin. Eng muhimi, ularning har biri shu vatan ravnaqi uchun o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan.

Saylovga boruvchi ayollarimizga kelsak, men ularga qarata “Sizning ovozingiz mana shu mamlakat kelajagi uchun juda muhim, bu jarayonda albatta qatnashing va munosib nomzodga ovoz bering. Zero ayol, ona sifatida siz ham farzandlarimizning kelgusidagi hayoti uchun mas'ulsiz” degan bo‘lardim.

* Maqola e'lon qilingunga qadar xorijiy kuzatuvchilar soni 850 nafarga yaqinlashgani ma'lum bo‘ldi. Ular orasida Lixtenshteyn, Kuvayt kabi davlat vakillari ham bor.

Abror Zohidov suhbatlashdi, tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid