O‘zbekiston | 08:16 / 19.12.2019
43273
9 daqiqa o‘qiladi

Talabalar bilan quvnoq uchrashuv va imperator saroyidagi qabullar - Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi qanday o‘tmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 dekabrdan Yaponiyaga davlat tashrifini boshladi. Tashrifni Nagoyadan boshlagan prezident 18 dekabr kuni Tokioda ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shu o‘rinda Yaponiya va O‘zbekistonning aloqalari doim yaxshi bo‘lganini ta'kidlash kerak. O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan kunchiqar yurt bilan 1992 yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan va ular hamon davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kuni tongda rasmiy uchrashuvlarni boshladi. Dastlabki uchrashuv Aichi prefekturasi gubernatori Xideki Omura bilan o‘tkazildi. Yaponiyaning mashhur ilm-fan markazi hisoblangan Nagoya aynan Aichi prefekturasi markazi hisoblanadi. Uchrashuv davomida Toshkent viloyati Aichi prefekturasining sherigi etib belgilandi. Shuningdek, Xideki Omura bilan uchrashuvda Aichidan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘rib chiqish kelishib olindi.

Navbatdagi uchrashuv Nagoya shahri meri Takasi Kavamura bilan o‘tkazildi. Shavkat Mirziyoyev janob Takasi Kavamurani bir haftada ikkinchi marta qabul qildi. Oldingi uchrashuv 12 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgandi, bu galgisi esa Nagoyada bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuv davomida Toshkentda Nagoya yuqori texnologiyalar parkini qurish loyihasi muhokama qilingani ahamiyatli. Uchrashuv so‘ngida Toshkent shahar hokimligi va Nagoya meriyasi o‘rtasida bitim imzolandi.

«Sizlarni O‘zbekistonda kutaman» — 6 nafar Nobel mukofoti sovrindorini tarbiyalagan oliygohdagi uchrashuv

Tashrif doirasidagi yana bir muhim uchrashuv dunyoga mashhur Nagoya universitetida bo‘lib o‘tdi. Dunyo ilm-faniga 6 nafar fizika va kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlarini yetkazib bergan bu oliygohda ayni damda 16 ming talaba o‘qiydi. Ulardan 2,6 ming nafari xorijlik, xususan 30 nafari o‘zbekistonlik. Hozirga qadar bu oliygohda 400dan ortiq o‘zbekistonlik talaba va tadqiqotchilar tahsil olgan.

Shavkat Mirziyoyev Nagoya universitetida ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda prezidentning talabalar bilan uchrashuvi tasvirlangan norasmiy lavha tarqaldi. Bu quvnoq lavhada Shavkat Mirziyoyev talabalar bilan gaplashgan: «Rahmat, sizlar bilan ko‘rishganimdan xursandman, O‘zbekistonda kutamiz sizlarni. Yaxshi ilm, Yaponiya tajribasini o‘rganib qaytsanglar, hozirgi islohotlarni sizlar bilan birga amalga oshiramiz»,— degan prezident o‘zbekistonlik talabalarga.

Shavkat Mirziyoyev — Nagoya universitetining faxriy doktori

Nagoya universitetidagi uchrashuv doirasida Shavkat Mirziyoyevga bu oliygohning faxriy doktori unvonini berish marosimi ham o‘tkazildi. Universitet rahbarlari, Nobel mukofoti sovrindorlari va o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etgan tadbirda Shavkat Mirziyoyevga Nagoya universiteti faxriy doktori unvoni tantanali tarzda topshirildi: «Bu unvonni, men avvalo O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman»,— dedi prezident mukofotni qabul qilar ekan. Shuningdek Shavkat Mirziyoyev mukofotni qabul qilib olish marosimida yapon va o‘zbek xalqlarini o‘xshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan, tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini aytdi.

Nagoya universitetining bu faxriy unvoni Shavkat Mirziyoyevga ilm-fan sohasida qilgan ishlari, mamlakatda iqtisodni liberallashtirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasida qilgan ishlari e'tirofi sifatida topshirildi.

O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma fondi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilmiy-akademik almashuvlar va texnologiyalar transferi bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma fondini tashkil etishni taklif etdi. Ushbu fond ilmiy tadqiqotlarni, ikki mamlakat yosh olimlarining birgalikdagi ilmiy izlanishlarini moliyalashtirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashuvi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi aytildi.

Prezident ikki davlat azaliy do‘stligining ramzi sifatida O‘zbekistonda o‘zbek va yapon tillarida chop etilgan bir qancha kitob va albomlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etdi.

Shavkat Mirziyoyev 18 dekabrda Yaponiyaga davlat tashrifining Nagoyadagi qismini yakunlab, kunning ikkinchi qismida Tokioga yetib keldi. «Xaneda» xalqaro aeroportida Yaponiya ta'lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar, ta'lim tizimini tiklash masalalari vaziri Xagiuda Koichi kutib oldi. Ilm-fanga taraqqiyotining eng muhim omili deb qaraydigan Yaponiya uchun ta'lim vaziri juda muhim lavozim hisoblanishini ta'kidlash kerak.

Shavkat Mirziyoyev Tokioda Yaponiya bosh vaziri o‘rinbosari moliya vaziri Taro Asoni qabul qildi. Shu o‘rinda Taro Aso haqida ikki og‘iz. Esingizda bo‘lsa, Taro Aso 2008-09 yillarda Yaponiya bosh vaziri bo‘lgan. Oldinroq ikki yil davomida mamlakat ichki ishlar vaziri bo‘lib ham ishlagan. 2012 yilda Sindzo Abe ikkinchi saylanishida Aso unga o‘rinbosarlikka tayinlanadi. 2018 yil yangilangan hukumat tarkibida ham Taro Aso o‘z o‘rnini saqlab qoldi.

Taro Aso va Shavkat Mirziyoyev

Darvoqe, Aso yoshligida sport bilan ham shug‘ullangan. Ovga ishtiyoqmand bo‘lgan Aso o‘q otish bo‘yicha 1976 yilgi Olimpiada o‘yinlarida ham qatnashgan.

Shavkat Mirziyoyevning Taro Aso bilan uchrashuvida investitsiyaviy, texnologik, moliyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish hamda qishloq xo‘jaligi, energetika va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

Tashrif davomida soliq sohasi va bojxona ishi bo‘yicha imzolanayotgan ikki tomonlama bitimlar ahamiyati qayd etilib, bu uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishi ta'kidlandi. Iqtisodiyot tarmoqlari va moliya tizimini isloh etishning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Ushbu uchrashuv Akasaka qarorgohida o‘tkazildi. Bu mashhur binoning tarixi haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. 2009 yil rasman Yaponiya milliy xazinasi deb e'lon qilingan. Akasaka 1909 yilda imperator saroyi sifatida qurilgan. Ayni damda esa Yaponiyada keladigan yuqori martabali mehmonlar bu saroyda uchrashuvlar o‘tkazishadi.

Akasakada mehmon bo‘lgan ilk xorijlik rahbar AQShning 38-prezidenti Jyerald Ford bo‘lgan. 1974 yil Ford AQSh prezidentlari orasida ilk marta Yaponiyaga boradi va aynan Akasakada mehmon bo‘ladi. Bu binoda shuningdek «Katta yettilik» davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuvlar ham o‘tkaziladi.

Bu ajoyib saroyda O‘zbekiston prezidenti yana ikkita uchrashuv o‘tkazdi. Ulardan birida prezident Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi a'zolarini qabul qildi. Uchrashuvda liga raisi Taro Aso ham qatnashdi. Ushbu liga 16 yil avval tuzilgan. O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan Yaponiya parlamentida 1993 yilda O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi tashkil etilgan.

Yaponcha chiqish qilgan Laziz Qudratov

Kunning oxirgi uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda JETRO, JICA, JABIC, NEDO, JOGMEC, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu kabi korporatsiya va kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi. Bu uchrashuvda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov yapon tilida chiqish qilib mahalliy tadbirkorlarning hurmatiga sazovor bo‘ldi. O‘z vaqtida Yaponiyada ta'lim olgan Qudratov hukumatdagi yosh kadrlar mamlakat taraqqiyotiga ijobiy ta'sir qila boshlaganini ko‘rsatdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu uchrashuvda 16 dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes forumi natijalari muhokama qilindi. Uchrashuvda qatnashgan yaponiyalik tadbirkorlar O‘zbekistondagi valuta tizimining liberallashgani va viza olish tartibining soddalashtirilganini olqishladi.

Tadbirda qatnashgan Mitsubishi Corporation prezidenti va ijrochi direktori Takexiko Kakiuti biz bilan suhbatda O‘zbekistondagi o‘zgarishlar u yerda ishlash xohishini paydo qilayotganini ma'lum qildi: «Prezidentning ko‘zida ishtiyoqni ko‘rdim. O‘zbekistondagi yaxshi o‘zgarishlardan xabarim bor. Bu mamlakat bilan bog‘liq rejalarimiz bor. Menimcha, O‘zbekiston bilan ishlash biz uchun foydali bo‘ladi».

Shu tariqa Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga uyushtirayotgan tashrifining 18 dekabrdagi dasturi yakunlandi. Tashrif 19 va 20 dekabr kunlari davom ettiriladi.

O‘tkir Jalolxonov, Kun.uz muxbiri. Tokio

Mavzuga oid