Jahon | 19:06 / 19.12.2019
68029
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp, Qodirov, migrantlar va prezidentlik davridagi eng mudhish voqea – Putin matbuot anjumanida nimalar to‘g‘risida gapirdi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘n beshinchi bor matbuot anjumanini o‘tkazdi. Bu yilgi matbuot anjumaniga 1895 kishi akkreditatsiya oldi, bu 2018 yildagidan 200 nafar kishiga ko‘proqdir. Ilk matbuot anjumani 2001 yil 18 iyulda o‘tkazilgan, o‘shanda 400ga yaqin jurnalist ishtirok etgandi.

Foto: REUTERS

Matbuot anjumani 4 soat 18 daqiqa davom etdi. Bu vaqt ichida Rossiya prezidentiga 70dan ortiq savol berildi.

Bugungi matbuot anjumanida qaysi mavzular tilga olindi va Putin tomonidan qanday javoblar yangradi? Bu haqda batafsil Kun.uz sharhida.

Ukraina bilan gaz urushi to‘g‘risida

Rossiya prezidenti uch milliard dollarlik yevrobondlar haqida eslatdi. London sudining qaroriga ko‘ra, Kiyev pullarni qaytarishi kerak, ammo bunday qilmayapti. Rossiyadan esa Stokholm arbitraji qarori bo‘yicha o‘sha uch milliardni qaytarishni talab qilyapti. Bu qaror «qandaydir safsata», u Ukrainadagi og‘ir iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib qabul qilingan, deb ta'kidladi u.

Trampning impichmenti to‘g‘risida

TASS

«Trampning prezidentligi yakunlanguniga qadar muloqotimizni uzaytirishga keladigan bo‘lsak, siz go‘yoki uning prezidentligi tugayotgandek savol beryapsiz. Bunga ishonchim komil emas – hali senatdan ham o‘tishi kerak, u yerda esa respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etadi va ular allaqanday o‘ylab topilgan sabablar bilan o‘z vakillarini hukumatdan chetlashtirishni istashmasa kerak», dedi Putin jurnalistning «Trampning prezidentligi yakunlangunicha» Rossiya-AQSh munosabatlari qanday bo‘lishi to‘g‘risidagi savoliga.

«Bu shunchaki ichki siyosiy kurashning davomi va saylovlarda yutqazgan Demokratik partiya Trampga Rossiya bilan kelishib olish ayblovini qo‘ydi, keyin esa hech qanday kelishuv yo‘qligi ma'lum bo‘lgach, endi Ukrainaga bosimni o‘ylab topishdi», dedi Putin.

Ramzon Qodirov to‘g‘risida

Putin Chechenistonning avvalgi prezidenti Ahmat Qodirov terrorchilar qo‘lidan halok bo‘lganini eslatib o‘tdi.

«Amaldagi prezident, uning o‘g‘li hozirgacha har kuni xavf ostida», dedi u.

Rossiya prezidenti Ramzon Qodirov Putin taqiqlaganiga qaramasdan jangovar operatsiyalarda shaxsan ishtirok etishini aytdi.

«Qodirovga mehnat qahramoni unvonini berish mumkin, ammo hali yosh, kutib turadi», deb hazil qildi Putin.

Migratsiya va demografiya to‘g‘risida

Foto: Andrey Rudakov/Bloomberg

Putin Kanadada migratsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi vazirlik borligini aytdi. Ular qanday nomzodlar mos kelish-kelmasligini ko‘rib chiqishadi. Rossiyaga ham ana shunday yondashuv kerak, dedi u.

Rossiyaga ko‘chib kelishni xohlovchilar bizdagi kabi madaniy muhitdan bo‘lishi zarur. Markaziy Osiyo aholisida moslashuv qiyinroq kechadi. Ammo u yerlarda kurslar, oliy o‘quv yurtlarimizning filiallarini ochish mumkin, deb taklif qildi Rossiya prezidenti.

Putin bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki Shimoliy Kavkazga ham taalluqli ekanligini aytdi.

«Ayrim migrantlar bu yerda o‘zlarini nojoiz tushadi. Ammo iqtisodiyotga migratsiya kerak. Shuning uchun migratsiyani taqiqlash emas, aql bilan yondashish lozim", - dedi u.

Iqlim o‘zgarishlari to‘g‘risida

«Bizda harorat ko‘tarilishi sur'ati yer yuzidagi o‘rtacha sur'atdan 2,5 baravarga yuqori. Biz shimoliy mamlakatmiz, hududimizning 70 foizi shimoliy kengliklarda joylashgan. Abadiy muzlik ustida qurilgan butun boshli shaharlarimiz bor. Agar muzliklar erisa qanday oqibatlar kelib chiqishini tasavvur qilyapsizmi? Juda jiddiy», - dedi Putin.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, chiqindi chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinda AQSh, so‘ngra Xitoy, YeI davlatlari va to‘rtinchi o‘rinda Rossiya turadi, dedi u.

Putin iqlim o‘zgarishi sababini hech kim bilmasligini, insoniyat iqlimga qanchalik ta'sir ko‘rsatayotganini hisoblab bo‘lmasligini, ammo qo‘l qovushtirib o‘tirish ham kerakmasligini qo‘shimcha qildi.

Liviya to‘g‘risida

Turkiyalik jurnalist Rossiya hukumati Suriya, Liviyaning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlashini, ammo G‘arb Rossiya Haftarni qo‘llab-quvvatlayotganini aytayotganini, bu borada Putinning fikri qanday ekanligini so‘radi.

Putin turk jurnalistini G‘arb OAV yozayotgan hamma narsaga ishonmaslikka, ular Anqara to‘g‘risida nima yozishayotganini o‘qib chiqishga chaqirdi.

«Rossiya Sarraj bilan ham, Haftar bilan ham muloqotda. Liviyani boshboshdoqlik va inqirozga kim olib kelganini bilasiz. Liviyada hozir kim haq, kim aybdor ekanligini aniqlash mushkul. Eng to‘g‘ri yo‘l – jangovar harakatlarni to‘xtata oladigan yechimni topish», - dedi Rossiya prezidenti.

 Belarus bilan ittifoq to‘g‘risida

Putin ruslar va belaruslar deyarli bir xalq ekanligini qayd etdi. 

«Ittifoq davlati tuzish to‘g‘ri qaror bo‘lgan bo‘lar edi, ammo oldinga qo‘yilgan aksariyat vazifalar amalga oshmagan», - dedi u.

Ammo YeOII doirasida ko‘p ishlar qilindi va bu yerda integratsiya Ittifoq davlatiga nisbatan chuqurroq, deya qayd etdi u.

Vladimir Putin Minskka yetti milliard dollar kredit ajratilganini ta'kidladi. Rossiya Belarusni ko‘plab yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlamoqda, dedi u.  

Xitoy bilan munosabatlar to‘g‘risida

Putin Rossiya-Xitoy munosabatlarida eng asosiy narsa yuqori darajadagi ishonch ekanligini aytdi. Uning fikricha, SSSR parchalanganidan so‘ng bir qutbli dunyo paydo bo‘lishi mumkin degan tasavvur uyg‘ongan, ammo bu xato.

Ikkinchi jahon urushidan keyin AQShning jahon YaIMdagi ulushi 50 foizni tashkil etgan, hozir esa Xitoy AQShni ortda qoldirdi, dedi Putin.

Dunyo bir qutbli bo‘lishi mumkin emas va bunda Rossiya bilan Xitoyning o‘rni katta, izohladi Rossiya prezidenti.

Prezidentlik davridagi eng mudhish voqea to‘g‘risida

Uning so‘zlariga ko‘ra, bular Beslan va «Nord-Ost»dagi teraktlardir. Rossiya prezidenti bu voqealarni hech qachon unutolmasligini aytdi.

U shuningdek, qashshoqlik muammosini oxirigacha yecha olmaganini qayd etdi.

Mavzuga oid