O‘zbekiston | 09:35 / 20.12.2019
14847
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Birinchi chiqishimdayoq qo‘shnilar bilan aloqalar yaxshilanishi kerakligini aytganman»

Yaponiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev 19 dekabr kuni mamlakat senati raisi Akiko Santo xonim bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida Yaponiya senati raisi Shavkat Mirziyoyevning qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilash siyosatini olqishlashini aytdi.

«Avvalo ajoyib sovg‘a uchun rahmat (prezident uchrashuv boshlanishida Akiko Santo xonimga guldasta sovg‘a qildi). Senat raisi bo‘lgandan keyin sizning mamlakat bilan faqat yaxshi aloqalar haqida gapirish mumkin. Norboyeva xonim va janob Safoyev bilan uchrashuvlarimiz ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Sizning qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilayotganingizni olqishlayman», dedi Akiko Santo.

O‘z navbatida Shavkat Mirziyoyev o‘zining ilk ish kunidanoq qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilash muhimligini aytganini ta'kidladi:

«Avvalo bizning mamlakatga bo‘lgan simpatiyangizdan mamnunman. Siz avval Senat raisining birinchi o‘rinbosari bilan, keyin rais bilan, mana endi yil oxirida prezident bilan uchrashyapsiz.

Men o‘zimning ilk chiqishimdayoq qo‘shnilar bilan munosabatlar yaxshilanishi kerakligi haqida gapirganman. Bizning bu siyosiy yutug‘imizga to‘g‘ri baho berganingizdan xursand bo‘ldim», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi bugun 20 dekabr kuni yakunlanadi. Prezident tashrifning oxirgi kunida Yaponiya imperatori Naruxito bilan uchrashadi.

Mavzuga oid