O‘zbekiston | 16:49 / 21.12.2019
14472
3 daqiqa o‘qiladi

Kerolin Lemm munosib nomzod bo‘lmasa, ovoz berishning amerikacha tajribasi bilan o‘rtoqlashdi

Foto: KUN.UZ

White and Case yuridik firmasining hamkori va AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm 22 dekabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida chet ellik kuzatuvchilardan biri hisoblanadi.

Tahririyat xodimlariga bergan intervyusida u biron bir munosib nomzod bo‘lmagan holatda, Amerikadagi ovoz berish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

- Sizningcha, saylov byulletenida «hammasiga qarshi» ustuni bo‘lishi kerakmi?

- Bu ustun kerakligi yoki kerak emasligini bilmayman. «Hammasiga qarshi» ustuni o‘rniga, AQShda bo‘lgani kabi, bo‘sh ustunni qo‘shish haqida o‘ylab ko‘rish mumkin. Bu «write-in candidate» deb ataladi. U yerga siz o‘zingizning nomzodingiz yoki, xohlasangiz, o‘z ismingizni ham yozishingiz mumkin. Eng yaxshi senatorlardan biri - alyaskalik Liza Merkauski shu tarzda saylandi, sababi u o‘z nomzodini qo‘yganida partiyalar unga qarshi boshqa nomzodni qo‘yishdi. Keyin u «write-in candidate» sifatida nomzodini qo‘ydi va saylovda g‘olib chiqdi, hozir esa eng yaxshi senatorlardan biri. Buni sinab ko‘rish mumkin, bu holda siyosiy partiyalarning yordamisiz saylanish mumkin.

- Bu yil saylovlarni tashkil etish darajasini qanday baholaysiz?

- Saylovga tayyorgarlik juda yaxshi ko‘rinmoqda, men nomzodlar orasida ko‘plab ayollarni ko‘rmoqdaman va bu juda yaxshi. Saylovga hamma narsa tayyor, deb o‘ylayman.

- Saylovlarni tashkil etishda biron bir kamchilikni ko‘ryapsizmi?

- Men shu paytgacha biron bir kamchilikni ko‘rmadim, siyosiy partiyalar o‘zi shug‘ullanishi kerak bo‘lgan narsa bilan band, ular o‘z qarashlarini targ‘ib qilmoqda va o‘z nuqtai nazaridan muhim bo‘lgan muammolarni ko‘tarmoqda. Ular ochiq munozaraga tayyor, buni internet va televizorda ham ko‘rish mumkin. Bu yil keng ko‘lamli kampaniya bo‘ldi.

- Shu hafta oxirida saylovlarni bevosita kuzatasizmi?

- Ha. Yakshanba kuni men kun bo‘yi turli saylov uchastkalarida bo‘laman.

Mavzuga oid