O‘zbekiston | 19:03 / 21.12.2019
8154
3 daqiqa o‘qiladi

Odamlarga yaxshi bo‘lishi uchun inqiloblar yuz berishi shart emas – amerikalik ekspert

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Bugun, 21 dekabr kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Kolumbiya universiteti Xalqaro va jamoatchilik munosabatlari maktabi professori Uilyam Bryuster Eimke mahalliy jurnalistlar bilan uchrashdi.

Muloqot davomida professor AQShning tashqi siyosati, davlatning Markaziy Osiyo davlatlarini nega qo‘llab-quvvatlashi haqidagi savollar yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirdi.

«AQShning oddiy fuqarosi sifatida aytishim mumkinki, AQSh Markaziy Osiyoni muhim tinchlik nuqtalaridan biri sifatida biladi.

Shuningdek, AQSh hukumati rivojlanayotgan davlatlarni iqtisodiy va xavfsizlik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga katta e'tibor bilan qaraydi va bu kabi davlatlar barqaror va mustaqil bo‘lishi tarafdori», - deya qayd etdi Uilyam Bryuster Eimke.

Uning mulohazalariga ko‘ra, AQShning qarashi davlatlarning terrorizm va boshqa xavflardan xoli bo‘lishlari uchun yordam berishga asoslanadi.

«Afg‘oniston va boshqa ayrim davlatlarda muammolar yuzaga kelayotganining asosiy sababi hududning barqaror taraqqiy etmayotgani va iqtisodiy jihatdan hukumat fuqarolarini to‘liq ta'minlay olmayotgani bilan bog‘liq.

Umumiy olganda, odamlarga yaxshi bo‘lishi uchun endi revolyutsiyalarga jamiyatda muhtojlik yo‘q.

Agar odamlar yaxshi daromad olsa, ta'lim olishga imkoni bo‘lsa, ularga hech qanaqa revolyutsiyalarning keragi yo‘q.

Hozir juda ko‘p odam harbiy xizmatda umrini sarflashni xohlamaydi, ular tinch hayotni ustun qo‘yishadi», - deydi xorijlik professor. 

Uning mulohazalariga ko‘ra, xavfsizligi to‘liq ta'minlanmagan odamlar tajovuzkorlik qilishga moyil bo‘ladi. AQShning maqsadi esa boshqa davlatlarning iqtisodiy barqaror o‘sishiga va xavfsiz bo‘lishiga yordam berishdan iborat.

«Markaziy Osiyo davlatlari o‘z-o‘zini ta'minlash, terrorizmga qarshi kurashish va barqarorlikka erishishda muvaffaqiyatli harakat qilmoqda.

AQSh esa mazkur mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda ishlashdan manfaatdor. USAID’ning taraqqiyot bo‘yicha loyihalari ham mana shu yaxshi maqsadlarga asoslangan», - deya qo‘shimcha qildi Uilyam Bryuster Eimke.

Mavzuga oid