Iqtisodiyot | 08:03 / 21.12.2019
34993
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi: asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat?

Foto: Shutterstock

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida asosiy o‘zgarishlar nimalardan iborat? Davlat soliq qo‘mitasi ayni shu borada tayyorlangan savol-javoblarni taqdim etdi.

Savol: Soliq islohotlarini amalga oshirishda 3 ta masala – soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortishni soddalashtirish, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirishni hal etish vazifasi belgilangan edi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ushbu mezonlarga to‘liq javob beradimi?

Javob: Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida ushbu jihatlar inobatga olingan. Bularga birma-bir to‘xtalib o‘tsak.

Soliq yukini kamaytirish bo‘yicha:

Birinchisi, QQS bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha summani, ya'ni “manfiy” qoldiq summasini to‘liqligicha qaytarish, asosiy vositalar hamda ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha QQS bir yo‘la hisobga olinishi belgilanmoqda.

Ikkinchisi, budjet tashkilotlaridan boshqa barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov 12 foiz (oldin 25 foiz edi) miqdorida belgilanmoqda.

Uchinchisi, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan soliq summasi o‘rtacha 30 foizga kamaytirilmoqda.

Soliqqa tortishni soddalashtirish bo‘yicha:

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining loyihasida amaldagi soliqlar soni 13 tadan 9 tagacha kamaytirilmoqda.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliqlarni to‘lashni tanlash huquqi berilmoqda.

Xususan, ular soliqni qat'iy belgilangan miqdorlarda to‘lash yoxud jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya asosida to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha:

Soliq nazorati shakllari 13 tadan 2 taga qisqartirildi.

Tekshirishlarni tayinlash tartibiga o‘zgartirish kiritilmoqda, tekshirishlar inson omilisiz faqat “Tahlika-tahlil” dasturi asosida 3 ta segmentga bo‘lish asosida amalga oshiriladi.

Davlat soliq xizmati organlari endilikda jarimalarni profilaktik tadbirlar o‘tkazgandan keyingina qo‘llaydi.

Mavzuga oid