Foto: Partiya rahbarlari saylovda ovoz berishdi
Bugun, 22 dekabr kuni O‘zbekistonda soat 08:00dan boshlab barcha saylov uchastkalari ochildi. Unda 20,5 milliondan ortiq saylovchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ovoz bermoqda.
O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning yetakchilari birin-ketin saylovda qatnashmoqda.
Dastlab «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Narimon Umarov saylovda ovoz berdi.
Partiya matbuot xizmati xabar berishicha, u turmush o‘rtog‘i bilan 683-«Ko‘kcha» saylov uchastkasiga tashrif buyurdi. Partiya rahbari hudud aholisini saylovda faol ishtirok etishga chorladi va o‘zi ham siyosiy jarayonning bevosita ishtirokchisiga aylanib, ma'qul ko‘rgan nomzodiga ovoz berdi.
O‘zLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov Yunusobod tumanidagi 140-sonli saylov okrugiga qarashli 724-saylov uchastkasiga borib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov Shayxontohur tumanidagi 680-saylov uchastkasiga oila a'zolari bilan birga borib ovoz berdi.
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov feysbukdagi sahifasida 225-saylov uchastkasida ovoz bergani haqida post qoldirgan.