Jamiyat | 19:49 / 24.12.2019
52368
2 daqiqa o‘qiladi

Rishod Sobirov: «21 yoshimda yuz ming dollar topganman. Tuni bilan pul sanaganmiz»

Sentabr  oyida start berilgan «Modul 5» loyihasining 2019 yildagi so‘nggi sonida dzyudo bo‘yicha Olimpiada o‘yinlari sovrindori Rishod Sobirov, dizayner Dilnoza Umirzoqova, startapchi Ulug‘bek Ismatov, «Volontyorlar maktabi» yetakchisi A'zamxo‘ja Rasulov hamda «Cambridge» o‘quv markazlari asoschisi Jahongir Po‘latov o‘z hayotiy va kasbiy tajribasi bilan bo‘lishdi.

Taniqli sportchi Rishod Sobirov yoshlarga maqsad tomon dadil qadam tashlash zarurligi haqida so‘zlarkan, shunday dedi:

«Do‘stlarim meni tungi klublar, restoranlarga qo‘riqchilikka 200 - 300 dollar oylikka ishga chaqirishardi, lekin men o‘z ustimda ishlash, dzyudo bilan mashg‘ul bo‘lishni afzal bilgandim. Shu vaqtlar oyiga yuz ming so‘m atrofida pul topardim. Qiyin bo‘lgan, albatta.

2008 yilda Olimpiada o‘yinlari sovrindori bo‘lganimda 100 ming dollar mukofot puli berishgan. O‘sha vaqtda Bosh vazir bo‘lgan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev qo‘ng‘iroq qilib, qizg‘in tabriklagandi.

Yuz ming so‘mga yashaydigan yosh sportchi yigitning hayotida bunday rag‘bat, mukofotga sazovor bo‘lish hech qachon yoddan chiqmaydigan xotira bo‘lib qolgan, shunda hatto tuni bilan pul sanab chiqqanmiz».

Ma'lumot uchun, "Modul 5" loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusi asosida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan loyiha hisoblanadi. Motivatsion platforma doirasida shu vaqtga qadar sportchilar Shahram G‘iyosov, Elshod Rasulov,Sarvinoz Qurbonboyeva, boshlovchilar Jamshid Umirzoqov, Otabek Mahkamov, "Webster" universiteti talabasi, "Chegarasiz" loyihasi qahramoni Xayrullo Ruhiddinov, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev ishtirok etgan.

"Modul 5" loyihasi mualliflari 2020 yilda ham ushbu motivatsion maydoncha O‘zbekiston va jahonda mashhur yoshlar, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari ishtirokidagi nutqlar, shuningdek, boshqa yangilanishlar bilan faoliyatini davom ettirishini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid