Sport | 18:20 / 25.12.2019
24778
9 daqiqa o‘qiladi

Iste'fo va o‘zgarishlar. O‘zbek futbolining 2019 yildagi asosiy 10 voqeasi

2019 yil o‘zbek futbolida voqealarga boy bo‘ldi. Ammo, yakunlanayotgan yil milliy futbolda unutilmas g‘alaba va yutuqlar bilan emas, ko‘proq o‘zgarishlar bilan tarixda qoldi. Tribuna.uz sayti 2019 yilda o‘zbek futbolida ro‘y bergan eng muhim 10 voqeani saraladi.

Osiyo Kubogi-2019’ning alamli yakuni

Qachon: yanvar oyi

Yil biz uchun Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan Osiyo Kubogi-2019 bahslari bilan boshlandi. Ektor Kuper qo‘l ostidagi O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z guruhida Ummon, Turkmaniston va Yaponiya bilan kurash olib borib, ikki g‘alaba va bir mag‘lubiyat bilan guruh bosqichidan nimchorak finalga yo‘llanma oldi. Avstraliyaga qarshi kechgan pley-off bahsida asosiy vaqtda hisob ochilmagan bo‘lsa, penaltilar seriyasida O‘zbekiston milliy jamoasidan omad yuz o‘girdi.

Superliga klublari soni 14taga oshirildi

Qachon: fevral oyi

Kartinki po zaprosu Superliga kun.uz

Superliga yangi mavsumi oldidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi klublar sonini oshirish borasidagi barcha gap-so‘zlarni keskin rad etib kelgan bo‘lsa-da, mavsum boshlanishiga bir hafta qolganida litsenziyalash qo‘mitasi «Surxon» hamda «Dinamo» klublariga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etdi va chempionatdagi klublar soni 12tadan 14taga yetkazildi.

«Hududlarda futbolni rivojlantirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan viloyat hokimlarini qadrlaydi. Bungacha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kabilar viloyat futbolini rivojlantirish yo‘lida katta hamjdagi ishlarni amalga oshirayotgandi. Ortda qolgan bir necha oy davomida esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlari hokimlari ham O‘FA bilan to‘laqonli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi», deya qarorni izohladi O‘FA rahbariyati.

Umid Ahmadjonov O‘FAdan ketdi

Qachon: iyul oyi

Image

O‘FA prezidenti, so‘ng esa birinchi vitse-prezident sifatida qariyb 2 yil faoliyat olib borgan Umid Ahmadjonov shu yilning yozida futbol va Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarligidan ketdi.

Rasmiy bayonotda «chet elga uyushtiriladigan xizmat safarlari ko‘pligi bois Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan ketishga qaror qilgani» aytilgandi.

«Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidentligi nihoyatda mas'uliyatli vazifa. Kelasi yil Tokioda Olipiya o‘yinlari boshlanadi. Mazkur musobaqaga vaqt kam qolmoqda. Xizmat safarlari ko‘p. Shu sababdan O‘zbekiston futbol assotsitsiyasi vitse-prezidentligidan bo‘shash bo‘yicha ariza yozdim», degandi Umid Ahmadjonov.

Shuningdek, Omon G‘ofurov PFL rahbarligidan ketdi.

Abdusalom Azizov - O‘FA prezidenti

Qachon: iyul oyi

15 iyul kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazilib, tashkilotga yangi prezident saylandi. O‘FA prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat Xavfsizlik Xizmati rahbari Abdusalom Azizov 80 nafar delegat tomonidan bir ovozdan saylandi. Shu tariqa, Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yangi prezidenti sifatiga ishga kirishdi.

Bunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov O‘FA rahbari sifatida ishlab kelayotgandi. Ramatov 2018 yilning 25 yanvar kuni mazkur lavozimga Umid Ahmadjonov o‘rniga saylangandi.

Ravshan Ermatov hakamlikni yakunladi

Qachon: iyul oyi

O‘zbekistonlik taniqli referi Ravshan Ermatov 2019 yilga kelib professional faoliyatiga yakun yasadi. 2003 yil 25 yoshida FIFA toifasidagi referiga aylangan Ermatov 16 yil davomida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishdi. U uchta jahon chempionatida – 2010, 2014 va 2018 yillarda o‘tkazilgan mundiallarda bahslarni boshqarib, eng ko‘p o‘yin boshqarish bo‘yicha rekord sohibi bo‘ldi. Qolaversa, Ravshan faoliyati davomida 1 karra jahon, 5 karra Osiyo, 10 karra O‘zbekistonning eng yaxshi hakami nomiga loyiq ko‘rilgan.

Ravshan Ermatovning hakamlikdan ketishi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti etib saylanishi bilan bog‘liqdir. Abdusalom Azizov rahbarligidagi O‘FAda boshqaruv tizimi amalda birinchi vitse-prezidenti etib saylangan Ravshan Ermatov qo‘liga o‘tdi.

Xayrlashuv

Uzoq yillar davomida o‘zbek futboli yetakchilari sifatida gavdalangan, O‘zbekiston milliy jamoasida to‘p surib kelgan Server Jeparov, Aziz Haydarov va Anzur Ismoilov singari tajribali futbolchilar 2019 yilda vatan jamoasidagi faoliyatlarini yakunlashdi.

Bosh jamoada eng ko‘p – 128 o‘yin o‘tkazgan 37 yoshli Server Jeparov va 34 yoshli Aziz Haydarov (85 o‘yin) nafaqat milliy jamoadan ketishdi, balki futbolchilik faoliyatlarini ham yakunlashga qaror qilishdi. Ravshan Ermatov taklifi bilan har ikki sobiq futbolchi O‘FAda ish boshladi. Anzur Ismoilov esa faoliyatini faqat klubi safida davom ettirishini e'lon qildi.

Ektor Kuperning iste'fosi

Qachon: sentabr oyi

O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralash bosqichi 1-turida Falastinga safarda kutilmaganda mag‘lub bo‘lgach (2:0), O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va bosh murabbiy Ektor Kuper o‘rtasidagi mavjud shartnoma o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilindi.

2018 yilning avgust oyida O‘zbekiston milliy jamoasi boshqaruviga kelgan argentinalik mutaxassis bosh jamoaga bir yildan ortiqroq muddat davomida ustozlik qildi.

Ektor Kuper bilan 2018 yilning 1 avgustidan 2021 yilning 30 noyabrigacha, JCh-2022 saralash sikli uchun shartnoma tuzilgandi va agar terma jamoa Qatarda o‘tkaziladigan mundialga yo‘llanma olsa, shartnoma avtomatik tarzda turnir yakunigacha uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi. Kuper O‘zbekiston milliy jamoasini 17 o‘yinda maydonga boshlab tushdi, bu o‘yinlarda 7 g‘alaba, 4 durang va 6 bor mag‘lubiyat qayd etildi. 2019 yilgi Osiyo Kubogida O‘zbekiston nimchorak finalda Avstraliyaga penaltilar seriyasida yutqazdi (0:0, 2:4).

Vadim Abramovning qaytishi

Qachon: sentabr oyi

Ektor Kuper iste'fosidan keyin, «Bunyodkor» klubi ustozi Vadim Abramov O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanadi. O‘FA murabbiylar kengashi yurtimizdagi taniqli mutaxassislardan biri sanaladigan Vadim Karlenovich nomzodini ma'qulladi.

Ushbu mutaxassis qo‘l ostidagi JCh-2022 saralash bahslarida milliy jamoamiz Yaman (5:0), Singapur (3:1), Saudiya Arabistoni (2:3) va Falastin (2:0) bilan o‘yin o‘tkazib, hozircha 9 ochko bilan o‘z guruhida peshqadam bo‘lib turibdi.

«Paxtakor» treblga erishdi

Qachon: sentabr-oktabr-noyabr

2019 yilgi mavsumda O‘zbekistonda Toshkentning «Paxtakor» klubiga teng kela oladigan jamoa topilmadi. «Sherlar» o‘zbek klublari ichida birinchi bo‘lib trebl qayd etishdi. Shota Arveladze shogirdlari sentabr oyida Superligada muddatdan avval chempionlikni nishonlagan bo‘lsa, oktabr oyida O‘zbekiston kubogi finalida Olmaliqning OKMK klubiga imkoniyat qoldirmadi (3:0). Dekabr oyi boshida esa Liga kubogi finalida bu safar ham Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK yirik hisobda (6:2) mag‘lub etilib, uchinchi sovrin qo‘lga kiritildi. Mavsum yakunida Dragan Cheran 23ta gol bilan eng yaxshi to‘purar, Arveladze esa turnirning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Eldor Shomurodovga atalgan yil

Qachon: mavsum davomida

Image

Ushbu mavsumda yarq etib ko‘zga tashlangan futbolchi – Eldor Shomurodov bo‘ldi. Yil boshida Osiyo Kubogida O‘zbekiston milliy jamoasi safida Ummon, Turkmaniston va Yaponiya milliy jamoalari darvozasini ishg‘ol etgan hujumchi Rossiya Premer-ligasida «Rostov» safida ham yorqin mavsum o‘tkazmoqda. U Rossiyada bir necha marta oy laureatiga aylandi, ramziy jamoalardan o‘rin oldi. Shomurodov 2019 yilda «Rostov» safida 10ta gol urib, Rossiya chempionati to‘purarlari safidan joy oldi. O‘zbekiston milliy jamoasida ham eng ko‘p – 11ta golga mualliflik qildi. Bu esa Eldor O‘zbekistonning 2019 yilgi eng yaxshi futbolchisi nomiga munosib ko‘rilishiga sabab bo‘ldi. Shubhasiz, 2019 yil aynan Shomurodovga ataldi.

Usmon IBODOV

Mavzuga oid