Jamiyat | 11:20 / 26.12.2019
16606
9 daqiqa o‘qiladi

Aqchaliklarning simyog‘ochi va transformatori uchun aqcha yo‘qmi? Jalaquduqdagi 15 yillik muammo

Aholi vakillaridan kelgan murojaatni o‘rganish uchun Andijon viloyatining Jalaquduq tumani Aqcha qishlog‘iga bordik.

Aqcha mahallasida 424ta xonadon bo‘lib, aholi soni 2336 nafar. Kattagina qishloq.  To‘g‘risi, bizga arznoma yo‘llagan shu mahalla fuqarosi Zulunboy Mahkamov «ushlagan joyini qo‘yib yubormaydigan»lardan ekan. U kishining tinimsiz qo‘ng‘iroqlaridan so‘ng Aqchaning o‘ziga borib murojaatchining naqadar haqligiga guvoh bo‘ldik.

Ikki yil to‘xtovsiz yozilgan arizalar

Mahalladagi holat bilan tanishish asnosida aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

«O‘n yil Rossiyada ishlab, 2017 yili qaytdim. Qishloqdagi ichimlik suvi umuman yo‘q bo‘lib ketibdi. Yo‘l, bolalar bog‘chasi va elektr ta'minotidagi kamchiliklarni ko‘rib, turli idoralarga murojaat qilishga tushdim. Ariza yozmagan tashkilotim qolmadi. Lekin ish siljishi juda qiyin bo‘ldi. «Najot eshigini taqillataversang ochiladi», deyishgan. Men ham shunday qildim. Tuman hokimligi, viloyat tashkilotlari va prezident portaliga jo‘natgan murojaatlarimga 2018 yilda asta-sekin javob kela boshladi. Viloyat «Suvoqova» tashkilotining o‘sha paytdagi boshlig‘i M.Axunov 2018 yilning iyul oyida suv tarmog‘i aholi bilan hamkorlikda ta'mirlanishi rejalashtirilgani haqida ma'lumot bergandi.

Jalaquduq hududiy elektr tarmoqlari 2018 yil aprel oyida hududdagi 424 xonadonga xizmat ko‘rsatayotgan eski transformator o‘rniga 2019 yilning ikkinchi choragida katta quvvatli transformator qo‘yilishi haqida javob xati jo‘natdi.

Biroq va'dalar berilgani bilan amaliy ishga o‘tishmadi. Toshkent shahridagi prezident qabulxonasiga shu yilning o‘zida 3 marta ariza yozib keldim. Mutasaddilarni stoldan turg‘izish juda qiyin kechdi.

Uzoq yillik urinishlarimizdan so‘ng mahallamizga 2019 yilning ikkinchi oyidan suv tarmog‘i tortishga tushishdi, suv minorasi o‘rnatildi, lekin avgust oyida ishlar chalaligicha qolib ketdi.

Ming urinish va tortishuvlar bilan shu yil iyul oyida mahallaga katta kuchlanishli  transformator ham olib kelindi. Biroq shu bo‘yi unga simyog‘och yo‘q. Sim tortilmagan.

Ikkala muammo deyarli bitay deb qolganda yana hammasi to‘xtab qoldi», deydi Zulunboy Mahkamov.

Mahallani aylandik. Chindan ham ko‘chalarga suv tarmog‘i tortilib, minora ham o‘rnatilibdi. Transformator ham olib kelingan. Boshida, har ikki muammo hal bo‘layotganiga aholi xursand edi. Biroq  olti oy kutib yana hafsala pir bo‘lgan.

Chala qolgan ishlar

So‘nggi bosqichga kelganida ishlar taqa-taq yurmay qoldi. Ichimlik suvi tarmog‘ini tortgan firmaga mablag‘ ajratilmagani bois, suv nasosini yurgizish uchun zarur transformator va 9ta simyog‘och keltirilmay ish to‘xtab qolgan.

Mahallaga iyul oyida yangi o‘rnatilgan transformatorga ham 600 metr uzoqlikdagi katta kuchlanishli liniyadan sim tortish uchun 10ta simyog‘och kerak. Hozir transformator ko‘cha bo‘yida simsiz mung‘ayib turibdi.

Yana tuman hokimligi, tuman elektr korxonasiga yugur-yugur boshlandi. Bu orada yana 6 oy o‘tdi.

Dekabr oyining 10-12 kunlari Jalaquduq tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i, «Aqcha qishlog‘iga transformator o‘rnatib berildi. Transformator reja asosida 2020 yili ishga tushiriladi», degan javob xati bergan.

Tuman hokimi Sodiqjon Turdiyev dekabr oyida Aqchaga kelib, aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan.

«Mahalla ahli har ikki muammoni hokimga yetkazganida mutasaddi, saylovgacha barchasi hal bo‘lishini aytib va'da bergandi», deydi aholi vakillaridan Munisxon Madrahimova.

Mahalladagi yagona suv manbai

«Aqcha» MFY binosi yonida bitta aholi «kachalka» deb ataydigan suv qudug‘i bo‘lib, mahalla ahli mana shu joydan ro‘zg‘or uchun suv tashir ekan. Tasavvur qiling, ichish, ovqat tayyorlash, yuvinish uchun yagona suv manbai.

Mahallaning katta-kichigi turli idishlarga suv to‘ldirayotgan ekan. Yosh bola va qizaloqlarning qo‘lidagi turli idishlarga sovuqda suv to‘ldirayotganini kuzatdik. Uyi yaqin xonadonlar ikki qo‘lidagi chelakda, uzoqroqlari esa aravacha va velosipedda suv tashir ekan. Suv tashish asosan ayollarning yumushi ekan.

«15 yildan beri shu ahvol. O‘g‘lim bolaligida xuddi shu kichkintoylarga o‘xshab «baklashka»da suv tashirdi. Mana hozir kollejni bitirdi. Mahallaning 25 foizi uyiga zax suvni tortadigan «kachalka» o‘rnatgan. Qolgan 75 foizi uzoqdan kelib bo‘lsa ham mana shu joydan ro‘zg‘orga suv tashiydi», deydi Doniyorbek Abdujabborov.   

Aqchaga suv tizimini tortish bilan shug‘ullanayotgan «Vodiy kapital» korxonasi rahbari Sherzod Hoshimov bilan telefon orqali suhbatlashdik. Firma rahbari transformator va 9ta beton «simyog‘och» uchun mablag‘ yo‘qligi tufayli ish to‘xtab turganini bildirdi.

«Aqchada 480 million so‘mlik ish hajmi bo‘lib, bizga mablag‘ning 15 foizini tushirib berishgan. Viloyatdan mablag‘ ajratilmayotgani uchun ish to‘xtab turibdi», deydi o‘zini Sh.Hoshimov deya tanishtirgan quruvchi.

Mahalla yo‘llari ham abgor. Tabiiy gaz yo‘q. Ayollar tibbiyot muassasasi yo‘qligidan ham shikoyat qilishdi. Aholi qiynalib yashamoqda. Aqchada hal qilinishi zarur bo‘lgan muammolar yig‘ilib qolgan. Necha yildirki, ichimlik suvi va elektr muammosi hal bo‘lishini orzu qilib saylovni kutishdi. Endi esa yangi yilni kutishyapti.

Tuman hokimligida

Jalaquduq tumani hokimligiga borib, hokimning qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Furqatbek Sultonov bilan uchrashdik.

Mutasaddi tuman «Aqcha» MFYdagi muammolar bo‘yicha izoh berdi.

«Ayni paytda tumanimizning 12ta hududida qurilish korxonalari tomonidan ichimlik suvi tarmog‘i tortish ishlari olib borilmoqda. «Osuda hayot», «Bo‘ston», «O‘zbekiston», «G‘ayrat» va boshqa mahallalarda ham ichimlik suvi tarmog‘i tortilmoqda. Aqcha qishlog‘ida «Vodiy kapital» jamiyati 5 kilometr tarmoq tortib bo‘lgan. Hududda bitta transformator o‘rnatish muammosi qolgan. Biz quruvchilar bilan gaplashganmiz, suv tarmog‘i shu oy oxirigacha bitadigan bo‘lgan. Ularning mablag‘i masalasi viloyatdan hal bo‘ladi. Shu kunlarda aholi suv ichadi», dedi u.

Hokimlikdan chiqib, bizni ko‘chada kutib turgan murojaatchi Zulunboy Mahkamovga mutasaddi tez kunlarda mahalla muammosi hal etilishi haqida va'da berganini aytdik.

«Bunday va'dalarning ko‘pini eshitib, ishonmay qo‘yganmiz», deydi u ishonchsizlik bilan.

Aqchaliklar ikki yil davomida murojaat qilaverib holdan toygan. Maqsadga yetay deganlarida to‘xtab qolgan muammolari bilan yashashmoqda. Aslida tuman hokimligidagilar aholi murojaat qilmasdan masalani joyiga borib o‘rganishlari, chora ko‘rishlari kerak edi. Unday bo‘lmadi.

Balki, bu safar ularning yillar davomida amalga oshmayotgan muammolari tez kunlarda bitar. Axir Jalaquduq kattalari va'da berdi-ku?

Savollarga javobni nasib qilsa ikki hafta ichida yana Aqchaga borganimizda ko‘ramiz.

Qani, Aqchaning simyog‘ochi va transformatoriga ham aqcha topilib qolar...

Jurnalist Elmurod Ermatov

Mavzuga oid