O‘zbekiston | 00:39 / 28.12.2019
10544
5 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda mast haydovchilarning aybi bilan 119 ta YTH sodir etilib, 56 nafar fuqaro halok bo‘lgan – IIV

2019 yilning o‘n bir oyida mast haydovchilarning aybi bilan 119 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 56 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 104 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Yilning o‘tgan davrida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 31605 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqarganligi aniqlangan. Bu haqda bugun, 27 dekabr kuni IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorovning aytishicha, ana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida mast holatda mashina boshqargan haydovchilarning mastligini tezkorlik bilan aniqlash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga o‘tilmoqda.

Erali Bozorov

“Yangi tartibga ko‘ra haydovchilarning alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari ta'siridan yoki o‘zgacha tarzda mast holatda ekanligini aniqlash bo‘yicha tekshiruv ikki xil tartibda amalga oshiriladi. Birinchisi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tekshirilgan, O‘zstandart agentligi tomonidan sertifikatlangan maxsus texnik vosita — alkotester  yordamida amalga oshiriladi. Ikkinchisi, haydovchi texnik vosita yordamida tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan yoxud unda texnik vosita orqali tekshiruv natijalariga e'tiroz mavjud bo‘lgan hollarda DYHXX xodimi transport vositasini boshqarayotgan shaxsning mast holatda ekanligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalariga olib boradi va   bu ish ya'ni tibbiy tekshiruv bevosita DYHXX xodimlari ishtirokida tuman va shahar davolash-profilaktika muassasalarining mas'ul xodimlari tomonidan o‘tkaziladi”, deya Erali Bozorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, xizmat olib borayotgan xodim tomonidan to‘xtatilgan transport vositasi haydovchisining og‘iz bo‘shlig‘idan alkogol hidi kelishi, uning bir holatda to‘g‘ri tura olmasligi ya'ni chayqalib turishi, nutqining buzilganligi, qo‘l barmoqlarining qaltirashi, yuz terisi rangining sezilarli o‘zgarganligi kabi holatlar uni tekshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

“Alkotester” yordamidagi tekshiruv qoidabuzarlik yuz bergan joyning o‘zida amalga oshiriladi. Belgilangan tartibga ko‘ra tekshiruv oldidan DYHXX xodimi transport vositasi haydovchisini texnik vositaning ishlash tartibi bilan tanishtiradi, zarur hollarda, haydovchining talabiga asosan texnik vositaga tegishli hujjatlarni ko‘rsatadi. Yana shuni ham ta'kidlash lozimki tekshiruv kamida ikki nafar xolis ishtirokida amalga oshiriladi. Agar DYHXX xodimida kuzatuv kamerasi (body camera) bo‘lsa  guvohlar bo‘lishi shart emas.

Ilhom Idirov

“Alkotester” – bu haydovchi tomonidan havoga chiqarilgan etanol bug‘larini aniqlovchi va tekshiruv natijalarini qog‘ozda aks ettiruvchi maxsus texnik vositadir. Tekshiruv chog‘ida haydovchi tomonidan havoga chiqarilgan etanol bug‘lari konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda DYHXX xodimi tomonidan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga muvofiq ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi hamda transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yiladi”, deydi IIV YHXBB bosh inspektori Ilhom Idirov.

Avvalroq IIV YHXBB axborot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov hozirgacha 109ta “Alkotester” qurilmasi olib kelingani, 2020 yilda yana 245tasini sotib olish rejalashtirilgani, kelgusida DYHXX xodimlarining barchasini shunday moslamalar bilan ta'minlanishini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, haydovchida alkogol miqdori 0,135 milligramm va undan yuqoriligi aniqlansa, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi bilan bir yil-u olti oydan uch yilgacha muddatga avtomobil haydash huquqidan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdoridan 25 baravarigacha jarima solishiga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid