Jamiyat | 23:45 / 28.12.2019
38595
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar yana bir xususiy bandlik agentligi faoliyatidan norozi

Samarqand shahrida joylashgan «AMILEE BAHORA» xususiy bandlik agentligi tomonidan Yevropa davlatiga ishga jo‘natilganlar duch kelayotgan muammolar Youtube portali orqali tarqaldi.

Videoda mazkur bandlik agentligi tomonidan Litvaga ishga jo‘natilganlardan 60 kishi ularni hech kim u yerda kutib olmagani, oziq-ovqat va yotoq puli uchun mardikorlik qilib kun kechirishayotgani hamda kun o‘tishi uchun turli og‘ir mehnatlarni bajarishga majbur bo‘lishayotganini  bayon qilishgan.

Biz mazkur murojaatni o‘rganish uchun Samarqanddagi «AMILEE BAHORA» xususiy bandlik agentligining Registon ko‘chasida joylashgan ofisiga bordik. Bu yerda bandlik agentligidan norozi ko‘plab fuqarolarga duch keldik. Biz qiziqqan dastlabki jihat — fuqarolar xorijga ishga jo‘natilishi uchun eng kamida 25-30 millionlab pul sarflashgan.

Ayni paytda va'da qilingan ishga erisha olmasdan xorijda sarson bo‘lganlar ham bor. Boshqalarning sarson bo‘layotganini ko‘rib, fikridan qaytib pulini qaytarib olish dardida bo‘lganlari ham bor. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi davlatiga kirish uchun viza ololmaganlari ham pulini qaytarib olish dardida.

Bandlik agentligi yuristi Jahongir Tohirov xorijga borganlar shartnomada ko‘rsatilgan ishni qilmasdan qaytib kelishganini ma'lum qildi. Ishlayotganlar hech qanday to‘siqsiz, maza qilib yurganini aytib, Litvada turib «xor bo‘ldik, och o‘tiribmiz», deganlar esa tuhmat qilayotganligini ma'lum qildi.

Biroq xorijdan aloqaga chiqqanlardan biri hanuz maoshlarini ololmayotganini aytdi.

Murojaatchilarning ayrimlariga Armaniston poytaxti Yerevandagi Litva elchixonasi orqali Yevropa Ittifoqiga o‘tkazish, so‘ngra ularni Germaniyada katta maoshli ish bilan ta'minlash, jumladan, yuk mashinalari haydovchiligi va'da qilingan. Aslida esa ular kam maoshli boshqa og‘ir ishlarga jalb qilinganligini aytishmoqda.

Murojaatchilar bu borada ichki ishlar bo‘limi, prokuratura, viloyat hokimligiga murojaat qilishgani, biroq pullarini undirish borasida biror sezilarli harakat amalga oshirilmaganini ta'kidlashmoqda.

Xususiy bandlik agentligining yuristi Jahongir Tohirov bundan tarzda shov-shuv ko‘tarish xalqaro hamkorlikka raxna solishini, xorijlik hamkorlarning O‘zbekistonga ishonchi so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkinligini, fuqarolar o‘z ixtiyorlari bilan shartnomalarga imzo qo‘yishganini ta'kidladi.

Fuqarolar agentlik o‘z xizmatlari uchun AQSh dollarida to‘lovlar qabul qilganiga oid vaziyatni huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rganib chiqishi lozim, deb hisoblamoqda.

Agentlik mijozlariga ko‘ra, xorijliklar ularni aldamagan. Faqat bandlik agentligi bilan shartnoma imzolagan hamkorlar ularni chuv tushirishgan. Bu yerdan noto‘g‘ri hujjat qilib berilgani sababli ular tayinli ishga kira olishmagan. Chunki bandlik agentligi tomonidan tayyorlangan hujjat muayyan korxonada ishlash huquqinigina bergan.

Agentlik yuristi arizalar bo‘yicha tekshirish jarayoni ketayotgani aytdi. Fuqarolarning arizalari yuzasidan javoblar mazkur tekshirish yakunlariga ko‘ra berilishini ta'kidladi.

«AMILEE BAHORA» xususiy bandlik agentligi va uning mijozlari o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari Agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentliklari e'tibor qaratib, belgilangan tartibda munosabat bildirishiga umid qilib qolamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi

Mavzuga oid