Jahon | 08:20 / 08.01.2020
203506
2 daqiqa o‘qiladi

Eron AQShga yana bir ogohlantirish bilan chiqdi, Oq uyda Tramp boshchiligida tezkor yig‘ilish boshlandi

Tehron Vashingtonni AQSh bazalariga amalga oshirilgan raketa zarbalariga javob qaytarmaslik haqida ogohlantirdi. Islom inqilobi soqchilari korpusining ma'lum qilishicha, AQSh ittifoqchilari Eronga qarshi zarbalar ularning bazalaridan amalga oshirilsa, unda ular ham hujumlar nishoniga aylanishi mumkin.

Foto: EPA-EFE/STRNGER

Tehron Vashingtonni AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga berilgan zarbalardan keyin, Eronga javoban hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi. Islom inqilobi soqchilar korpusining tegishli murojaati 8 yanvar, chorshanba kuni ertalab e'lon qilindi.

Xabarda aytilishicha, Eron AQShning har qanday reaksiyasiga yanada keskinroq javob qaytaradi. Shuningdek, Islom inqilobi soqchilar korpusi AQSh ittifoqchilarini, agar ular Eronga qarshi hujumlar uchun amerikaliklarga bazalar taqdim etsa, unda ularga ham hujum qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Shu bilan birga, Oq uyda AQSh prezidenti Donald Tramp, mudofaa vaziri Mark Esper, davlat kotibi Mayk Pompeo va Birlashgan shtab boshliqlari raisi Mark Milli ishtirokida tezkor yig‘ilish boshlangani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida, Iroq g‘arbi va shimolidagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar berdi. Tehron bazalardan biri yo‘q qilingani haqida ma'lum qilmoqda. Pentagon yetkazilgan zararni hali baholamadi.

AQSh Mudofaa vazirligi o‘zining ikkita bazasiga hujum qilingani to‘g‘risida xabar berdi. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, Erbildagi baza ham raketa zarbasiga uchragan. AQSh harbiylariga ko‘ra, Eron o‘ndan ortiq ballistik raketalar uchirdi. 

Eron va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi Iroqda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi ortidan ro‘y berdi.

Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi. 

Mavzuga oid