O‘zbekiston | 15:18 / 11.01.2020
36619
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Aripov: «Kommunal xizmatlar uchun ko‘r-ko‘rona maoshdan ushlab qolishga yo‘l qo‘yilmaydi»

Foto: KUN.UZ

Bugun, 11 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida tabiiy gaz bo‘yicha debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz manbasining xabar qilishicha, yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov kommunal xizmatlar uchun maoshdan to‘lov ushlab qolinishi masalasiga to‘xtaldi.

«Shu vaqtgacha korxona-tashkilotlar xodimlarining maoshidan kommunal xizmatlar uchun oyma-oy mablag‘ ushlab qolingan. O‘sha iste'molchi haqiqatan ham qarzdormi, yo‘qmi, bu birovni qiziqtirmagan. Buni yemagan somsaga pul to‘lash, deyish mumkin. Endi bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.  

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor, albatta. Ko‘plab hududlarda aholining kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasligi natijasida juda katta qarzdorlik kelib chiqmoqda. Masalan, Sayxunobod, Do‘stlik, Muborak, Ohangaron tumanlarida ahvol og‘ir. Iste'molchi o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmayapti, tuman mas'ullari, ayniqsa, MIB xodimlari ham muammoni bartaraf etishga shoshilgani yo‘q.

Shuning uchun tezroq elektron hisoblagichlarga o‘tishimiz kerak. Aytaylik, 2019 yilda 2,5 millionta mana shunday zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda yana 4,5 millionta hisoblagichlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilyapti. Endi iste'molchi xuddi uyali aloqa uchun oldindan to‘lov qilgani kabi, tabiiy gaz yoki elektr energiyasiga ham shunday to‘lov qilsin. Shundagina ikki tomonda ham bugungidek sarsongarchilik holatlari kuzatilmaydi», - dedi bosh vazir. 

Videoselektorda kommunal to‘lovlardan qarzdorlik holati yuqori bo‘lgan Sayxunobod hamda Do‘stlik tumani mas'ullari ogohlantirildi.

Mavzuga oid