Viloyatlarda hokimlar lavozimga tasdiqlandi, Zoyir Mirzayev «vazifasini bajaruvchi» qo‘shimchasidan xalos bo‘ldi
Bugun, 13 yanvar kuni viloyatlarda yangi chaqiriqdagi Xalq deputatlari viloyat kengashlarining ilk sessiyalari bo‘lib o‘tdi. Bunday sessiyalar, jumladan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham o‘tkazildi.
Kun.uz’ning sanab o‘tilgan viloyatlar hokimliklarining axborot xizmatlaridan olingan ma'lumotlariga ko‘ra, sessiyalarda 2019 yilning 22 dekabrda o‘tkazilgan xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha viloyat saylov komissiyasi raislarining axborotlari tinglangan. Tashkiliy masala ko‘rilib, viloyat hokimlari nomzodlari tasdiqlangan.
Jumladan, Surxondaryo bo‘lib o‘tgan sessiyada ishtirok etgan Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga 3-Darband saylov okrugidan saylangan deputat Bobolov To‘ra Abdiyevichning nomzodini Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida taqdimnomani o‘qib eshittirgan.
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Surxondaryo viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan To‘ra Abdiyevich Bobolovning nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror bir ovozdan ma'qullangan.
To‘ra Bobolov 2019 yil 1 maydan buyon Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.
Qayt etib o‘tish kerak, Surxondaryoda saylov yakunlariga ko‘ra, O‘zLiDePdan 27 nafar, O‘zXDPdan 15 nafar, O‘zMTDPdan 10 nafar, «Adolat» SDPdan 4 nafar hamda Ekologik partiyasidan 4 nafar deputat saylangan.
Buxoroda o‘tgan viloyat kengashi sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakili Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etgan.
Sessiyada O‘ktam Isoyevich Barnoyev Buxoro viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlash uchun xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashiga taqdimnoma kiritilgan. Deputatlar Barnoyevni Buxoro viloyati hokimi etib bir ovozdan tasdiqlagan.
O‘ktam Barnoyev 2016 yil 16 dekabrdan buyon Buxoro viloyati hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan sessiyada Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ishtirok etdi. Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov nomzodi bir ovozdan Samarqand viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqlandi.
Erkinjon Turdimov 2018 yil 12 iyuldan buyon Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelmoqda.
Qashqadaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonuninnig 2-moddasiga muvofiq, xalq deputatlari viloyat Kengashi a'zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan 24-Denov saylov okrugidan deputat Zoyir Toirovich Mirzayevning nomzodini tasdiqlandi.
E'tiborlisi, mazkur tayinlov bilan 2019 yil 26 oktyabrdan buyon viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Zoyir Mirzayev lavozimidagi qo‘shimchadan xalos bo‘ldi.
Bugun oltinchi chaqiriq Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining ham birinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiya ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Kudbiyev ishtirok etdi.
Sherzod Kudbiyev qonunchilik talabidan kelib chiqib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan viloyat hokimligiga Ergash Alibekovich Saliyev nomzodi tavsiya etilganini e'lon qildi.
Sessiyada E.Saliyevni viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlash uchun xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashiga taqdimnoma kiritildi. Deputatlar 2017 yilning oktyabrdan buyon Jizzax viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Ergash Saliyevni Jizzax viloyati hokimi etib bir ovozdan qayta tasdiqladi.
Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan sessiya ishida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakili A.Jo‘raboyev deputatlarga Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan Navoiy viloyati hokimligiga Qobul Beknazarovich Tursunov nomzodi tavsiya etilganini, nomzod bo‘yicha partiya guruhlari har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganini ma'lum qildi.
Deputatlar bir ovozdan 2016 yil 25 dekabrdan buyon shu lavozimda ishlab kelayotgan Qobul Tursunov nomzodini qo‘llab-quvvatlab, Navoiy viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqlashdi.
Sirdaryo viloyati Xalq deputatlari Kengashining oltinchi chaqiriq birinchi sessiyasida viloyat hokimini lavozimga tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. G‘ofurjon Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqlandi.
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 2-moddasiga muvofiq, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror bir ovozdan ma'qullangan.
Mavzuga oid
22:35 / 16.10.2024
Toshkent viloyatiga mingta yangi avtobus xarid qilinadi
18:10 / 28.08.2024
Samarqand viloyati hokimiga xitoylik maslahatchi tayinlandi
17:10 / 30.04.2024
"To‘ra Abdiyevich, qattiqroq oling" - Zoyir Mirzayev tibbiyotda yosh kadrlarni ishga olishdagi muammolar haqida
20:28 / 19.02.2024