Jamiyat | 17:45 / 14.01.2020
188662
5 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2020: Fanlar majmuasidagi asosiy o‘zgarishlar

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirishda test topshiriladigan fanlar majmuasi 2019 yil 19 dekabrda tasdiqlangan edi.

Uzoq kutilgan qarordagi asosiy yangilik majburiy fanlar blokining kiritilishi bilan bog‘liq. 2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki qismga – majburiy va ta'lim yo‘nalishiga mos fanlarga ajratiladi.

Kun.uz ta'lim yo‘nalishiga mos fanlar yuzasidan abituriyent va o‘qituvchilardan tushayotgan murojaatlarga asosan, Davlat test markazi bilan bog‘lanib, asosiy o‘zgarishlarga aniqlik kiritdi.

1. O‘zbek filologiyasi yo‘nalishida ikkinchi fan – chet tili

Yangi tasdiqlangan fanlar majmuasida «5120112: Filologiya va tillarni o‘qitish (tillar bo‘yicha)» yo‘nalishi bo‘yicha ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlaridan imtihon olinishi belgilangan.

«Biroq negadir ro‘yxatda 2019-2020 o‘quv yili uchun fanlar majmuasida ko‘rsatilgan «5120101: Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili» yo‘nalishi va unga qaysi fanlardan imtihon olinishi ko‘rsatilmagan.

Shu sababli o‘zbek filologiyasi yo‘nalishida o‘qishni xohlagan abituriyentlar qaysi fanlardan imtihon topshirishni bilishmayapti. Ona tili va adabiyotdan tashqari ikkinchi fan tarixmi yoki chet tili?» – deb yozadi samarqandlik o‘qituvchi Samgin Qurbonov.

DTM matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, «5120112: Filologiya va tillarni o‘qitish» ta'lim yo‘nalishlarining barchasida yo‘nalishga mos fanlar sifatida ona tili va adabiyot hamda chet tili fanlari tasdiqlangan.

Nafaqat «Filologiya va tillarni o‘qitish», balki «Xorijiy til va adabiyoti», «Tarjima nazariyasi va amaliyoti» kabi ta'lim yo‘nalishlarining barchasi tillar bo‘yicha bitta guruhga birlashtirilgan.

2. Tarix yo‘nalishida ikkinchi fan – geografiya

Bu yil tarix yo‘nalishlari uchun tarix va geografiya fanlaridan imtihon olinadi. Avvallari bu yo‘nalishga kirishdagi ikkinchi fan ona tili va adabiyot edi.

3. Toshkent davlat yuridik universiteti, yurisprudensiya yo‘nalishi

TDYuUga kirish uchun fanlar majmuasi 2019 yilgacha tarix (3.1 ball), ona tili va adabiyot (2.1), chet tili (1.1) ketma-ketligida, 2019 yili esa ona tili va adabiyot (3.1 ball), chet tili (2.1), tarix (1.1) etib belgilangan edi.

2020 yildan esa mazkur universitet uchun ham boshqa OTMlarning yurisprudensiya yo‘nalishlari kabi tarix va chet tilidan test olinishi belgilangan.

4. Turizm yo‘nalishi

«5610300: Turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)» yo‘nalishida ham o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, endilikda turizm sohasida o‘qimoqchi bo‘lgan abituriyentlar chet tili va tarix fanlaridan imtihon topshirishadi.

Lekin turizmga oid boshqa yo‘nalishlarda, masalan, «Turizm sohasida marketing», «Turizm sohasida logistika» kabi qator yo‘nalishlar uchun chet tili va matematika fanlaridan imtihon qo‘yilgan.

«Birinchi va ikkinchi» fanlar endi yo‘q, birinchi darajali ikkita fan bor

2020-2021 o‘quv yili uchun kirish imtihonlarida barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari kiritiladi.

Bu uchta fandan 15tadan jami 45ta test topshirig‘i beriladi. Har bir to‘g‘ri javobga 2,1 ball beriladi, maksimal ball – 94,5 ball.

Ikkinchi bo‘limda esa abituriyent tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos ikkita fan bo‘yicha test olinadi. Har bir fandan 30tadan jami 60ta test savoli beriladi. Har bir to‘g‘ri javob 3,1 ball bilan baholanadi. Maksimal ball – 186 ball.

Shu tariqa, abituriyentlarga 5ta fan bo‘yicha jami 105ta test topshirig‘i beriladi. To‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 280,5 ball.

Mavzuga oid