Sport | 17:12 / 15.01.2020
48668
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyo chempionati-U23. O‘zbekiston Janubiy Koreyaga yutqazdi, ammo chorak finalga chiqdi

Tailandda Osiyo chempionati-U23 bahslari davom etmoqda. «S» guruhida 3-tur doirasida Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushgan O‘zbekiston 1:2 hisobida yutqazdi, ammo chorak finalga chiqdi.

Foto: Tribuna.uz

O‘yinning 6-daqiqasida hisob ochildi. Janubiy Koreyaning 16-raqamdagi vakili Jun Sun Von o‘zbekistonlik himoyachi o‘ziga tashlab bergan to‘pga jarima maydonchasiga kirmay turib zarba berdi va to‘p uning jamoadoshi O Se Xunga tegib darvoza to‘ridan joy oldi.

21-daqiqada hisob tenglashdi. O‘ng qanotdan Aziz G‘aniyevning uzatmasini Bobur Abduxoliqov bosh golga aylantirdi — 1:1.

Ikkinchi bo‘limni ham O‘zbekiston vakillari ketma-ket hujumlar bilan boshlashdi. 49-daqiqada Jasur Yaxshiboyev jarima maydoniga kirmay zarba berish uchun juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo uning zarbasi darvoza to‘sini yonidan o‘tib ketdi. 51-daqiqada koreyslar 30 metrlar uzoqlikdan jarima zarbasi tepishdi. Birinchi zarba «jonli devor»ga tekkan bo‘lsa, ikkinchi xavfli zarba noaniq bo‘ldi.

72-daqiqada koreyslar yana oldinga chiqib olishdi. Birinchi gol mullifi O Se Xun bu gal jarima maydonchasiga kirmay chiroyli gol urdi - 2:1.

80-daqiqada Janubiy Koreya hisobdagi farqni oshirishi mumkin edi. Jon Vu Yon ikki marta ketma-ket zarba yo‘lladi va har safar himoyachilar to‘pni zo‘rg‘a qaytarib qolishdi. O‘yin oxirigacha janubiy koreyaliklar ustunlikni saqlab qolishdi va guruhda 9 ochko bilan birinchi o‘rinni band etishdi.

Drulovich shogirdlari ham mag‘lubiyatga qaramay guruhda 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, pley-offga chiqdi. Chunki 3-tur doirasida parallel kechgan Xitoy-Eron uchrashuvida eronliklar kerakli natijaga erisha olishmadi. Eron 1:0 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsada, to‘plar nisbati yomonroqligi tufayli uchinchi o‘rinda qoldi.

Endi O‘zbekiston keyingi bosqichda D guruhining birinchi o‘rin vakili bilan kuch sinashadi. Ayni vaqtda bu guruhda  BAA va Iordaniyada 4tadan ochko bor, uchinchi o‘rindagi Vetnam 2 ochkoga ega.

16 yanvar kuni uchinchi turda Iordaniya BAA bilan, Vetnam Shimoliy Koreya bilan o‘ynaydi.

Osiyo chempionati-U23
«S» guruhi
3-tur
O‘ZBeKISTON — JANUBIY KOReYa 1:2

Gollar: Bobur Abduxoliqov (21) — O Se Xun (5, 72).
Bankok, «Tamassat» stadioni.

O‘zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Ilhom Alijonov, Husniddin Aliqulov, Islom Qobilov, Hojiakbar Alijonov, Abdulla Abdullayev (Oybek Rustamov, 78), Aziz G‘aniyev, Sanjar Qodirqulov, Oybek Bozorov (Nurillo To‘xtasinov, 71), Jasur Yaxshiboyev, Bobur Abduxoliqov (Mirjahon Mirahmadov, 90).

Janubiy Koreya: Song Bum Kyun, Kang Yun Sung, Jyong Te Uk, Kim Dong Hyun, Jong U Yong, Kim Je U, Jung Sun Von (Li Don Yon, 60), Um Von Sang, O Se Xun, Von Du Je, Yun Jong Kyu.

Mavzuga oid