Putinning Medvedev boshchiligidagi hukumatni iste'foga ketkazishi sababi ma'lum qilindi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin milliy loyihalar amalga oshirilishi qoniqarsiz holatdaligi sababli Dmitriy Medvedev boshchiligidagi hukumatning ishidan norozi bo‘lgan. Bu haqda Forbes nashri o‘z manbalariga asoslanib xabar berdi.
Vazirlar mahkamasiga yaqin manbalardan birining ma'lum qilishicha, 2019 yil oxirida Putin va Medvedev o‘zaro uchrashuvda loyihalarning borishini muhokama qilishgan. “Putinga hisobot berilganda, milliy loyihalar va milliy maqsadlar umuman boshqa tekisliklarda yotgani va birinchisi ikkinchisiga erishishga yordam bermasligi ma'lum bo‘lgan. Bu esa Putinda salbiy munosabat keltirib chiqargan”, deb aytgan manba.
Ta'kidlanishicha, Medvedevni iste'foga chiqarish qarorini shaxsan Putinning o‘zi qabul qilgan. Kreml saytida hukumat iste'fosi e'lon qilinishidan bir soat oldin Putin Medvedev bilan uchrashgani haqida xabar e'lon qilingan. Biroq bu uchrashuv tafsilotlari ma'lum qilinmagan.
2019 yilda milliy loyihalar konfiguratsiyasi Hisob palatasi rahbari Aleksey Kudrin tomonidan tanqid qilingan. Kudrin Putinga hisobotida milliy loyihalarda “hech narsa bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi”ni, ular maqsadlarga erishishga imkon bermasligini aytgan. Shuningdek, milliy loyihalar ijrosi borishini parlament oliy palatasi spikeri Valentina Matviyenko ham tanqid qilib, ularning 15-35 foizgagina bajarilganini “rasvogarchilik” deb atagan.
15 yanvarda Medvedev Putin ishtirokidagi hukumat yig‘ilishida o‘z mahkamasi iste'foga ketishini e'lon qildi.
Rossiyaning 2024 yilgacha mo‘ljallangan milliy loyihalari ijrosi uchun bevosita hukumat javobgar hisoblanadi.
Mavzuga oid
15:59
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024
Anapa aholisi mazut to‘kilishi sababli Putinga murojaat bilan chiqdi
14:14 / 23.12.2024