Sport | 23:10 / 18.01.2020
23207
2 daqiqa o‘qiladi

Berdiyev va Abramov O‘zbekiston olimpiya jamoasi bilan uchrashib, futbolchilarni ruhlantirishdi

Tailandda o‘tayotgan futbol bo‘yicha U-23 Osiyo chempionatida olimpiya jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun taniqli murabbiylarimiz Ro‘ziqul Berdiyev hamda Vadim Abramov Tailandga yetib kelishdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston MOQ matbuot xizmati. 

Toshkentdan yetib kelgan har ikki mutaxassis olimpiya jamoasi vakillari bilan uchrashib, ularni ruhlantirganlar.

«Yigitlar, biz Toshkentda barcha o‘yiningizni ko‘rib turdik. Ha, Koreyaga qarshi o‘yin qiyin bo‘ldi. Lekin musobaqani kuzatib borayotgan mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, boshqa hech bir jamoaning sizlardan ustun joyi yo‘q. Janob Drulovich yaxshi murabbiy. Ishonamizki, bu kishidagi bor tajriba sizlarni kerakli natijaga erishishingiz uchun yetarli. Buyog‘iga har bir raqibni «yanchib» tashlash kerak. Nasib qilsa, Koreyadan finalda revansh olamiz», – dedi «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev. 

«Barchangizning imkoniyatingizni yaxshi bilamiz. Sizlar o‘zbek futboli tarixida yangi sahifa ochishga juda yaqin turibsizlar. Buyog‘iga ham bo‘shashmasdan faqat, olg‘a harakat qilish kerak. Uyda ota-onangiz va xalqimiz sizlardan g‘alaba kutishmoqda», – deya fikr bildirgan O‘zbekiston milliy jamoasi va «Bunyodkor» klubi bosh murabbiyi Vadim Abramov. 

«Murabbiylar jamoamizning BAAga qarshi bahsi oldidan qo‘llab-quvvatlash uchun kelishgan va Lyubinko Drulovich boshchiligidagi murabbiylar shtabining faoliyatiga aslo xalal berishmaydi» - deya yoziladi manbada.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston olimpiya jamoasi 19 yanvar kuni chorak final bosqichida BAA olimpiya jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bangkokdagi o‘yin soat 18:15da boshlanadi.

Mavzuga oid