O‘zbekiston | 18:28 / 18.01.2020
63770
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda necha nafar rektor jinoyat sodir etganini ma'lum qildi

18 yanvar kuni Bosh prokuraturada bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta'lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish ahvoli va qonuniylikni ta'minlashga doir masalalar muhokama qilindi. Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev kun tartibidagi masala yuzasidan ma'ruza qildi.

Bosh prokuror o‘z ma'ruzasida oliy ta'lim sohasida korrupsiya tarqalgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi.

Jumladan, korrupsiya holatlari, asosan, talabalik safiga qabul qilish, o‘qish jarayonida topshiriladigan turli sinovlar, talabalarning bitiruv malakaviy ishi yoki magistrlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish, magistraturaga qabul, shuningdek, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirish, o‘qish yo‘nalishini o‘zgartirish hamda o‘qishga qayta tiklashda korrupsiya holatlari kuzatilayotganligi ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta'lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 220 nafari kollej va litseylarga, 106 nafari oliy o‘quv yurtlariga to‘g‘ri kelishi tanqid ostiga olindi.

Institut va universitetlarning jinoyat sodir etgan xodimlaridan 3 nafarini rektorlar, 5 nafarini prorektorlar, 15 nafarini dekan va dekan o‘rinbosarlari, 62 nafarini o‘qituvchilar tashkil etadi.

Kollej va litseylarda esa, 34 nafar direktor, 31 nafar direktor o‘rinbosari, 94 nafar o‘qituvchi jinoyatga qo‘l urgan.

Ta'kidlab o‘tish joizki, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishiga, sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha yig‘ilishdan farqli o‘laroq, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xususan, internet nashrlar vakillari chaqirilmadi.  

Mavzuga oid