Jahon | 00:39 / 18.01.2020
27553
2 daqiqa o‘qiladi

Oyatulloh Xominaiy 8 yil ichida ilk bor maviza o‘qidi

Foto: AP

Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy 17 yanvarda 8 yil ichida ilk bor maviza o‘qidi va unda Ukraina samolyoti halokati hamda AQSh bilan munosabatlarga izoh berib o‘tdi. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.  

Xominaiy o‘z mavizasida general Qosim Sulaymoniyning “shahidlarcha o‘lganini” va Eronning general o‘limi uchun AQShdan o‘ch olganini eslab o‘tgan.

Eron oliy yetakchisi AQSh amaldorlarini “AQSh Eron xalqi bilan birga ekanini aytganda yolg‘on so‘zlaydigan masxarabozlar” deb atagan.
 
“Agar siz [amerikaliklar] Eronga yaqin turgan bo‘lsangiz ham, buni Eron xalqi ko‘kragiga pichoq urish istagida qilasiz”, deb aytgan Xominaiy.

Oyatulloh Tehronda eronlik harbiylar aybi bilan yuz bergan aviahalokat qurbonlari yaqinlariga hamdardlik bildirgan va xorijiy matbuotni samolyot yo‘q qilinganini aytib eronliklarni aldashga uringanlikda ayblagan.

“Dushmanimiz yutuqlarimizga soya solish uchun fojiadan foydalanishga harakat qildi”, deb aytgan Xominaiy.

U, shuningdek, yadro kelishuvi bo‘yicha Fransiya, Germaniya va Britaniya bilan keskinlik borligini aytib o‘tgan.  

“Yevropaning bu davlatlari Amerika qarollari ekani aniq bo‘ldi... Biroq siz, Yevropa davlatlari shuni yodda tutishingiz kerakki, Amerika Eron millatini tiz cho‘ktira olmagan”, deb ta'kidlagan oyatulloh. 

Mavzuga oid