Fan-texnika | 11:00 / 19.01.2020
91992
14 daqiqa o‘qiladi

AvtoVAZ qanday qurilgan edi? - Sobiq ittifoq avtosanoati avangardi tarixiga nazar

1950-yillarda sovet ittifoqida aholining turmush darajasi va daromad pastligi tufayli odamlarda avtomobil sotib olish uchun pul bo‘lmagan. Ustiga ustak, uncha rivojlanmagan va g‘arib avtosanoat faqat bir necha turda avtomobillar ishlab chiqargan, xolos.

O‘sha paytlarda sovetlar faqat uchta modelda yengil avtomobil ishlab chiqarishar edi: «Moskvich», «Pobeda» va «Zaporojyets». «Pobeda»ni o‘ziga to‘qroq fuqarolar, «Moskvich»ni o‘rtahollar sotib olishgan bo‘lsa, «Zaporojyets» asosan ro‘yxat asosida urush qatnashchilariga berilgan. Urush faxriylaridan ortgani aholiga sotilgan.

Shu o‘rinda bir eslatma: Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng SSSR Germaniyadagi juda ko‘plab zavod-fabrikalarning uskunalarini ko‘chirib keladi va mahsulotlarning nomini o‘zgartirib, o‘zida ishlab chiqara boshlaydi. 

Masalan, 1945 yilda dunyoga mashhur «General Motors» kompaniyasining Germaniyadagi sho‘’basi bo‘lgan «Opel AG» avtomobil zavodining uskunalari Moskvaga ko‘chirib kelingan. Shu tarzda Germaniyada ishlab chiqarilgan «Opel Kadett K38» bu yerda «Moskvich-400» nomi bilan ishlab chiqarilgan. Ittifoq konstruktorlarining o‘zlari yasagan «Moskvich» 1950-yillarning o‘rtalaridan boshlab paydo bo‘lgan. 

1960-yillarga kelib G‘arb dunyosi, xususan, AQSh, Germaniya, Fransiya, Italiya, shuningdek Yaponiya avtomobil sanoati juda rivojlanib ketdi va bu davlatlarning har birida 4-5tadan avtomobil zavodlarining har biri kamida 10-15ta markada avtomobil ishlab chiqarar edi.

Ana shunday holatda ittifoq rahbariyati zamonaviy «xalqchil» avtomobil zavodi qurish lozimligini tushunib yetdi. Ammo zamonaviy avtomobil zavodini sovetlarning o‘zi qurolmas edi: avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy liniyalarni tayyorlab beradigan zavodlarning o‘zi yo‘q edi. Shu jihatdan, sobiq ittifoq avtosanoati xorijlik hamkorlar ko‘magiga muhtoj edi.

Zamonaviy avtozavod qurish uchun xorijdan hamkorlar qidirish ishlari boshlandi. Germaniya, Fransiya, Italiyaning bir nechta avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan muzokalar o‘tkazildi. Ularning zavodlariga borib ishlab chiqarish jarayoni kuzatildi, modellar o‘rganildi.

Yakunda Italiyaning «Fiat» kompaniyasi bilan hamkorlik qilish haqida kelishuv imzolandi.

Zavod quriladigan shahar sifatida 54ta hududdan o‘sha paytda Kuybishev (hozirgi Samara) oblastidagi shaharcha tanlandi. Shaharga 1964 yilda italiyalik kommunist Palmiro Tolyatti nomi berilgan. Ungacha 300 yillik tarixga ega shahar Stavropol-na-Volge deb atalgan. Italiyaliklar bilan hamkorlik qilish aniq bo‘la boshlagach, sovetlar darhol Samara yaqinidagi bu shaharni nomini italyan kommunisti nomi bilan atab, so‘ng italiyalik hamkorlarga zavodni aynan ushbu shaharda qurish rejasini bildirishadi.

«Fiat» prezidenti Janni Anelli bilan SSSR Avtosanoat vaziri Aleksandr Tarasov o‘rtasida Tolyatti shahrida «Fiat» modellari asosida avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi va o‘zaro hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarilishi bo‘yicha shartnoma 1966 yilda imzolanadi.

1966 yilning 20 iyulida «Tolyatti shahrida avtomobil zavodi qurish haqidagi hukumat qarori» e’lon qilinadi. O‘shandan beri 20 iyul sanasi «AvtoVAZ» tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi.

Ilk yillarda zavodni yiliga yarim million avtomobil ishlab chiqaradigan qilib qurish, keyinchalik uni yana kengaytirib borish reja qilindi. Shu tariqa, Tolyatti shahrida zavod qurilishi boshlandi.

«Fiat» kompaniyasi bilan hamkorlik qilinishining yana bir sababi — kompaniya 1966 yilda ishlab chiqargan «FIAT 124» modeli o‘sha yili Yevropada «yil avtomobili» nominatsiyasida g‘olib chiqqan edi. Shuning uchun ham hamkorlik shartnomasida eng birinchi xuddi shu markani ishlab chiqarish haqida kelishuv imzolandi.

Avtozavod qurilishini boshlash haqida hukumat qarori chiqqanidan so‘ng, Tolyatti juda katta qurilish maydoniga aylandi. Bu yerga ittifoqning turli hududlaridan ko‘plab quruvchilar kela boshlashdi.

Ushbu avtozavod qurilishi uchun SSSRdagi 884ta mashinasozlik zavodlari ehtiyot qism tayyorlab bergan bo‘lsa, xorijdagi yana 900ta turli zavod va kompaniyalardan ehtiyot qismlar olib kelingan. Avtozavod Italiya kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan bo‘lsa-da, bu zavodga Italiya kompaniyalari bilan birgalikda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya hamda AQShdagi turli zavod va kompaniyalar ham ehtiyot qismlar yetkazib beradi.

Avtozavodni qurish rejasida uni ishga tushirish muddati olti yil etib belgilangan edi. Ammo, quruvchilar uni uch yarim yilda qurib, jihozlab bo‘lishdi va 1970 yil 19 aprelda zavod konveyeridan ilk oltita avtomobil chiqdi. Bu o‘sha «Fiat 124» modelining «sovetcha varianti» — VAZ-2101 «Jiguli» avtomobili edi.

«Jiguli» nomi Samara va Tolyatti shaharlari orasidagi Jiguli past tog‘lari nomidan olingan.

VAZ-2101 «Jiguli» avtomobili o‘sha paytda «kopeyka» laqabini oldi. Lekin, ushbu avtomobilning narxi o‘sha paytda anchagina qimmat edi va sobiq ittifoqda yashaydigan ko‘pchilik bu avtomobilni xarid qilolmas edi.

«Jiguli» chiqarila boshlangach ittifoqda avtomobil taqchilligi biroz kamaydi. Ammo, o‘sha paytda VAZ-2101ni do‘konlardan, erkin savdodan topib bo‘lmas edi. Odamlar pulini to‘lab, kamida 2 yil kutar edi. Ushbu avtomobilni qisqaroq muddatda, masalan olti oy yoki bir yilda olish uchun kattaroq lavozimda ishlaydigan amaldor yoki yuqori lavozimli partiya xodimini aralashtirish lozim bo‘lar edi.

Shuningdek mamlakat bo‘ylab mehnat ilg‘orlariga navbatsiz avtomobil xarid qilish imkoniyati berilar edi.

VAZ-2101 «Jiguli» 1970 yildan 1988 yilgacha ishlab chiqarildi va ushbu modeldan avtozavod umumiy 4,8 million dona ishlab chiqargan.

Yuqorida «odamlar VAZ-2101’ni sotib olish uchun ikki yillab kutgan» deyildi, bunga 1971 yildan boshlab VAZ-2101 xorijga eksport qilinishni boshlangani ham sabab bo‘lgan. Ushbu avtomobil o‘z davrida nafaqat o‘z avtosanoatiga ega bo‘lmagan davlatlarga, balki o‘z avtosanoatiga ega bo‘lgan davlatlarga ham eksport qilingan.

Xorijga eksport qilingan VAZ-2101 avtomobillar «Jiguli» nomida emas, balki «LADA» brendi bilan eksport qilingan.

Sobiq ittifoqdan xorijga avtomobil eksport qilish masalasida shunday yo‘l tutilganki, avtozavodda xorijga eksport qilinadigan avtomobillar alohida tayyorlanib, ularning sifati mamlakat ichida sotiladigan avtomobillardan ancha farq qilgan. Ayniqsa, avtomobil salonini jihozlashda eksportga chiqarish uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga katta e’tibor berilgan.

1976 yilda AvtoVAZ o‘zining eng muvaffaqiyatli modellaridan biri, VAZ-2106 modelini ishlab chiqarishni boshlaydi. Bu modelning ko‘rinishi VAZ-2101 modelidan biroz farq qilar edi. Ushbu model AvtoVAZ konveyerlaridan 2006 yilgacha chiqdi. Umumiy hisobda AvtoVAZ VAZ-2106 modelidan ham 4 million donadan oshiqroq ishlab chiqargan.

Avtomobil «Fiat» kompaniyasi tomonidan 1972 yilda ishlab chiqarilishi boshlangan «FIAT 124 Speciale» modelining o‘zi edi. Unga 1,6 hajmli, 75 ot kuchiga ega bo‘lgan motor o‘rnatilgan va u o‘z tezligini 152 km/soatga chiqara olar edi.

1977 yilda AvtoVAZ xorijda «rus Jipi» nomi bilan mashhur bo‘lgan VAZ-2121 «Niva» avtomobilini ishlab chiqara boshladi. Bu avtomobil AvtoVAZda sovet konstruktorlari tomonidan yasalgan ilk model edi.

«Niva» VAZ-2121 xorijga eksport qilingan avtomobillar orasida eng muvaffaqiyatli chiqqan model hisoblanadi. Uzoq yillar davomida uning faqat 30 foizi mamlakat ichida sotilgan, 70 foizi xorijga eksport qilingan. Jumladan, Yevropa, Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo mamlakatlari va hatto Kanada va Buyuk Britaniyagacha ushbu avtomobil yetkazib berilgan.

«Niva» o‘sha paytda hatto dunyo avtomobil sanoatini egallagan Yaponiyaga ham eksport qilingan. Buyuk Britaniya, Yaponiya, Hindiston kabi mamlakatlarda yo‘llarda harakatlanish chap taraflama bo‘lgani uchun bu mamlakatlarga eksport qilingan avtomobillar rul chambaragi o‘ng tarafga o‘rnatilgan holda ishlab chiqarilgan.

1977 yilda jami 2,5 million dona «Niva» ishlab chiqariladi. Ushbu model 2005 yilgacha «Niva» VAZ-2121 nomi ostida ishlab chiqarildi. 2005 yildan boshlab esa «LADA» 4x4 nomini oldi. Oradan ancha yillar o‘tib, ittifoq tarqab ketganidan so‘ng AvtoVAZ AQShning «General motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda yangi «Niva Chevrolet» modelini yaratib, ancha yillar bu modeldagi avtomobillarni Rossiyaning o‘zida ham, xorijda ham muvaffaqiyat bilan sotdi.

Ammo, 2014 yilda boshlangan Ukraina-Rossiya mojarosidan keyin xalqaro hamjamiyat, shu jumladan AQShning Rossiya iqtisodiga nisbatan sanksiyalar joriy etishi oraga sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ldi. Rossiya tomonining AQSh kompaniyalariga qarshi joriy qilgan javob sanksiyalari tufayli «Niva Chevrolet» modelini ishlab chiqarish to‘xtatildi. Uning o‘rniga AvtoVAZ «Urban» modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ammo bu model uncha ommalashmadi.

Darvoqe, 1991 yilgacha AvtoVAZ yana ko‘plab modellarni taqdim etdi. Ularning bir qismi, masalan VAZ-2103, VAZ-2105, VAZ-2107, VAZ-21011 kabi modellar «Fiat» kompaniyasining modellari bo‘lsa, 1980-yillarning boshida yaratilgan VAZ-2108 va VAZ-2109 modellari AvtoVAZning o‘z konstruktorlari tomonidan yasalgan edi. Bu ikki model ikki xil «Sputnik» va «Samara» markalari bilan chiqariladi.

1991 yilda ittifoq tarqab ketishi ortidan AvtoVAZ uchun og‘ir damlar boshlanadi.

Bir tarafdan aholining xarid quvvati pasayishi, ikkinchi tarafdan, eksportga avtomobil chiqmay qolgani, uchinchidan, Rossiya avtomobil bozoriga xorijdan ko‘plab arzon avtomobillar kirib kelishi AvtoVAZni tom ma’noda «sindirdi».

Boz ustiga, zavod sexlari ustidan nazoratni turli jinoiy guruhlar egallab olib, mashina savdosi bilan o‘shalar shug‘ullana boshladi.

AvtoVAZ shu holatda 2000 yilgacha «amallab» yetib keldi. Rossiya rahbarligiga Putin kelganidan so‘ng, bir tarafdan AvtoVAZga xorijdan hamkor qidirish ishlari boshlangan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan zavodni egallab olgan jinoiy to‘dalarga qarshi ayovsiz kurash boshlandi. Bu kurash natijasida shu narsa oshkor bo‘ldiki, AvtoVAZdagi jinoiy to‘dalarga mamlakatdagi taniqli va badavlat insonlar rahnamolik qilgan. Ulardan biri Boris Berezovskiy bo‘lsa, yana biri uning o‘ng qo‘li va hamkori Badri Patarkatsishvili edi.

O‘sha «tozalash» vaqtida ulardan biri Patarkatsishvili o‘ldirildi, Berezovskiy esa Londonga qochdi. Shu tariqa, AvtoVAZ jinoiy to‘dalar changalidan ozod qilinib, uning aksiyalaridan ma’lum qismi Fransiyaning «Renault» kompaniyasiga sotiladi. Shundan keyin bu kompaniya SSSR vaqtida ishlab chiqarilgan barcha eskirgan modellardan voz kechib, yangi modellar ishlab chiqarishga kirishadi.

Bugungi kunda AvtoVAZ LADA 4x4, LADA Largus, LADA Granta, LADA Vesta, LADA X-RAY kabi modellarni ishlab chiqarmoqda. Umuman olganda AvtoVAZ Yevropadagi eng yirik avtozavodlardan biri bo‘la oldi. Avtozavod bugungi kungacha 50dan ortiq modelda qariyb 30 millionta avtomobil ishlab chiqargan.

Yuqorida qayd etilganidek, bugungi kunda, Rossiya iqtisodiyotiga qarshi AQSh boshliq G‘arb dunyosi sanksiyalari davom etmoqda. Tabiiyki, AvtoVAZning ishlari ham yaxshi emas. Sanksiyalar ilk joriy etilgan 2014 yildan buyon AvtoVAZning avtomobil ishlab chiqarishi, uni sotish ko‘rsatkichlari Rossiyada xorijiy avtomobillar savdosi fonida tushib ketgan.

Masalan, 2018 yilda Rossiyada 1,6 million dona yangi avtomobil sotilgan. Shundan 350-400 mingtasini yoki bor yo‘g‘i 25 foizini AvtoVAZ ishlab chiqargan avtomobillar tashkil etdi. Agar Germaniya, Fransiya, Yaponiya kabi avtomobilsozlik rivojlangan davlatlardagi holatga qarasangiz, ularda o‘zida ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosi kamida 60-70 foizni tashkil etadi.

Rossiyada AvtoVAZ avtomobillarining savdosi tushib ketganiga asosiy sabab bu yerda yig‘ilayotgan avtomobillar hanuz sifat va qulaylik tarafdan xorij kompaniyalari ishlab chiqargan avtomobillarga yutqazayotgani bo‘lmoqda. Shuning uchun ham xaridorlarning bir qismi yangi xorij avtomobillarini sotib olayotgan bo‘lsa, yana bir qismi ikkilamchi bozordan xorijdan keltirilgan avtomobillarni xarid qilmoqda.

Umuman olganda, AvtoVAZning keyingi taqdiri Rossiyaning xalqaro hamjamiyat bilan qanday aloqa o‘rnatishiga bog‘liq. Agar xalqaro hamjamiyat Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarni davom ettiraversa, bu AvtoVAZga ham aks ta’sir qilishi aniq. Agar, sanksiyalar yumshatilsa yoki olib tashlansa AvtoVAZ istiqbolda yana gurkirab ketishi mumkin.

G‘ayrat YO‘LDOSh tayyorladi.

Mavzuga oid