Tutzor o‘rnida metan «zapravka» qurishga urinish: Kosonda 164 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan yo‘q qilindi
Ba'zan qaysidir fuqaroning o‘tin uchun bir yo ikki daraxt kesgani, mazkur holat o‘rganilib, fuqaroga bir necha million so‘mlik jarima qo‘llangani haqda eshitib qolamiz. To‘g‘ri, o‘zboshimchalik bilan kesilavergan bir-ikki daraxt salmog‘i bora-bora o‘rmonga aylanishi mumkin.
Kosonda esa xuddi shu holatning aksi sodir bo‘layotganga o‘xshaydi. Quyi obronliklar bir necha oydan beri tutzorni saqlab qolish uchun kurashadi. Mazkur tutzorni buzib, o‘rnida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi qurilishi rejalashtirilayotgani yuzasidan bong urib kelishadi.
Bundan bir necha oy oldin aholining ana shu xavotirlari sabab Kun.uz muxbirlari ham voqea joyiga borishgandi. O‘rganish jarayonida mazkur hududda nafaqat tutzor, shu bilan birga yer ostidan ulkan mablag‘ sarflab o‘tkazilgan xalqaro aloqa kabellari ham o‘tgani ma'lum bo‘lgandi.
Hokimlik vakillari holat yuzasidan izoh berarkan, «Hech qanaqa «zapravka» qurilmaydi, qurilish hokim qarori bilan to‘xtatilgan» deya aniq ma'lumot bergandi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, xuddi shu mazmundagi ma'lumot Quyi obron mahallasi faoliga ham yuborilgan.
Shu bilan masalaga boshqa qaytilmagandi. Ammo kuni kecha Quyi obronliklardan tahririyatga qayta murojaat yuborildi. Ma'lum bo‘lishicha, shu yil 14 yanvar kechasi tutzor yo‘q qilingan. Aniqrog‘i, 164 tup tut bir kechada kesib tashlangan.
Aholi vakillari ma'lum qilishicha, ular tutlarni kesgan odam bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni tasvirga olgan. Mahalla faoli Abdurahmon Jo‘rayevga ko‘ra, tutzor yo‘q qilgan odam xuddi o‘sha – bundan bir necha oy oldin shu tutzor o‘rnida avtomobillarga gaz quyish shoxobchasi qurmoqchi bo‘lgan «Iftixor gaz servis» MChJ xodimi ekan.
Ko‘rinib turibdiki, mazkur korxona hali ham tutzorlarni yo‘q qilib o‘rnida aholining noroziligiga qaramay «zapravka» qurish rejasidan voz kechmagan.
Bu hududda gaz quyish shoxobchasi qurish mumkin yoki yo‘qligi o‘rganish lozim bo‘lgan alohida masala. Biz esa e'tiboringizni masalaning ikkinchi tomoniga qaratmoqchimiz: aytilganidek, daraxtlar 14 yanvar kuni kechasi kesib tashlangan. Oradan besh kun o‘tdi. Nega hamon atrofni-muhitni muhofaza qilish, IIB va boshqa idoralar ushbu qonubuzilish bo‘yicha biror harakatni amalga oshirmagan. Axir, tutzorlar, umuman, qonun faqat Quyi obronliklarniki emas-ku?
Yana bir masala. Respublika Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi «Pillachilik tarmog‘ida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida xuddi shu muammo bo‘yicha aniq vazifa qo‘yilgandi: «2019 yil 1 noyabrga qadar qishloq xo‘jaligi ekinlari dalalari chetidagi va yo‘l bo‘yidagi tut daraxtlarini xatlovdan o‘tkazib, qat'iy hisobini yuritish va ularni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish holatlarining oldini olish choralarini ko‘rsin».
Afsuski, Prezident topshirig‘i ham bepisand qoldirildi.
Xullas, mahalla ahli qo‘lidan kelguncha harakat qildi, barcha idoralarga murojaat qildi. Bir necha marta daraxtlar kesilishining oldi olindi ham. Lekin qachongacha faqat aholining o‘zi kurashishi kerak qonunsizlik bilan? Quyi obronliklar ana shu savollarga javob kutyapti.
Anvar MUSTAFOQULOV, Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
08:53 / 14.12.2024
“Gaz issiq o‘lkalarga uchib ketdi” - metanga navbat kutayotganlar
19:53 / 12.12.2024
“Uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metanda navbatda turgani ma’qul” - Energetika vazirligi
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
15:18 / 20.11.2024