O‘zbekiston | 20:00 / 20.01.2020
90721
3 daqiqa o‘qiladi

«Biz ittifoqqa a'zo bo‘lib kirmayapmiz» - Prezident YeOII bo‘yicha xavotirlarga o‘rin yo‘qligini aytdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida gapirdi.

«Integratsiyalashuv haqida ikki og‘iz aytsam. Ko‘p odamlarimiz chet elda ishlab yuribdi. Qozog‘iston va Rossiya. Ularga bepisandlik bilan qarashimiz mumkinmi?

Bitta narsani bilib qo‘yinglar. Hech kim mustaqillikni hech kimga berib qo‘ymaydi. Mustaqillik xalq ishongan prezidentning qo‘lida. 

Biz ittifoqqa a'zo bo‘lib kirmayapmiz. Biz avval hozirgi sharoitda bu ma'qulmi, noma'qulmi, shuni bilishimiz kerak. 

2 milliard dollarlik meva-sabzavotlarimizni qayta ishlash bo‘yicha katta jarayonni boshlab yubordik. 

Shuncha tayyorlagan mahsulotimizni qayerga olib boramiz? Kim kutib turibdi? To‘g‘ri, Yevropada qimmatroq. Lekin standartini qilish kerak. Yillar davomida yerimiz zaharlangan, suvimiz zaharlangan...», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident O‘zbekiston YeOIIga faqat kuzatuvchi maqomida kirishini ta'kidladi:

Mustaqillikni birovga berib qo‘yadi, degan xomxayol gaplar hoyu-havas gaplar. Kim berib qo‘yadi mustaqillikni?

Islohotlarimizga hamma xayrixoh bo‘lib tursin, oyoqqa turib olaylik.

Kuzatuvchi degani — a'zo degani emas. Tomoshabin degandek. Kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz.

Sankt-Peterburgda Vladimir Vladimirovich bilan ko‘p narsalarni kelishib oldik. Bir narsaga amin bo‘linglar, hamma qilgan harakatlarimiz millatimiz manfaati, iqtisodiyotimizning ertangi kuni uchun.

Iqtisodiyotimizni barqaror qilish uchun ham bizga hozir 50 milliard dollar kerak. Bugun og‘ir, tahlikali zamonda yashayapmiz. To‘g‘ri yo‘lni topish uzoq, lekin shunga intilish kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning oktabr oyida Rossiya Federatsiyalar Kengashi spikeri Valentina Matviyenko Toshkentga qilgan safari mobaynida (hali prezident bilan uchrashmasdan turib) O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a'zo bo‘lmoqchiligi haqida gapirgandi. Shundan keyin O‘zbekiston tomoni bu borada muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan, chuqur o‘ylab ko‘rilgandan keyingina bir qarorga kelinishi ma'lum qilingandi. O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston jamoatchiligi ushbu ittifoqqa kirish-kirmaslik masalasini muhokama qilib keldi.

Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni ziyolilar bilan uchrashuv chog‘ida tashqi siyosatdagi ayrim jihatlarga to‘xtalgan, mustaqillik hech kimga berib qo‘yilmasligini aytgandi.

YeOII — xalqaro iqtisodiy tuzilma hisoblanadi. Uning maqsadi muvofiqlashtirilgan iqtisodiy siyosat yuritish va mahsulotlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakatlanishi uchun erkin hudud barpo etish hisoblanadi. Bunday ittifoq tuzish bo‘yicha kelishuv 2014 yilda imzolanib, 2015 yil 1 yanvarida kuchga kirgan. Bugungi kunda ittifoq tarkibiga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston a'zo hisoblanadi.

Mavzuga oid