Jamiyat | 09:00 / 24.01.2020
23256
9 daqiqa o‘qiladi

«Bolani 1,5 yoshidan dorbozlikka o‘rgatamiz» – milliy san'at ustasi Tursunali polvon bilan suhbat

Bu insonni ko‘rganimizda o‘zbek milliyligi, urf-odatlarimiz ko‘z oldimizga keladi. Ustoz-shogird an'analarining davomchisi – Tursunali polvon Mamajonov kuni kecha tahririyatimiz mehmoni bo‘ldi.

– Tursunali aka, sizni yirik tadbirlarda muntazam ko‘rib turardik. Ammo oxirgi paytlar kamnamo bo‘lib qoldingiz. Milliyligimiz targ‘ibotchisi bo‘lgan Tursunali Polvon bugun nimalar bilan band?

– 2016 yilda Farg‘ona va Samarqand kabi viloyatlarda hayvonot bog‘lari tashkil qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori chiqdi. Viloyatimiz hokimi shu yilning o‘zidayoq bu ishni amalga oshirdi va 2016 yilning dekabr oyida bog‘ foydalanishga topshirildi. Shu hayvonot bog‘iga meni bosh qilib qo‘yishgan. Shundan beri bir joyga bog‘lanib qoldim.

Endi, hayvonot olamiga bir kirib ketsangiz chiqish qiyin ekan. Hayvonlar ham farzandingizday bo‘lib qolarkan-da. To‘rt gektar yerimizga yana bir gektar qo‘shimcha yerni obod qilyapmiz va bu maydon to‘laligicha volerlardan iborat. Juda noyob hayvonlarimiz bor. Bular yirik albinos bo‘g‘ma ilon, qora laylak, zebra, jirafa kabilardir.

Odamlarimizning qiziqishi yaxshi. Bog‘imiz to‘la-to‘kis davlat ta'minotida, tushgan mablag‘larni rivojlanishga sarflaymiz. Bundan tashqari, o‘zimning ikkita ko‘chma hayvonot bog‘im bor, o‘g‘illarim ishlatishadi.

– Tosh o‘ynatib turibsizmi?

– Sal qo‘polroq va hazil tarzida aytsam, o‘ynashdan qolganim yo‘q. Albatta, toshni biz yoshligimizdan muntazam o‘ynab keldik, bu odatni tashlay olmaymiz. Nevaralarim 25 nafar bo‘lsa, qizlarimdan tashqari 17 nafar nabiram ishimizni davom ettiryapti, 5-6 nafari polvon, dorboz. Hali go‘dak bo‘lgan chevaralarim ham kichkina-kichkina toshlarni o‘ynatib, «Men polvonman», deyishadi.

Shu paytga qadar mingdan ortiq kishi mendan shogirdlikka olishni so‘ragan bo‘lsa, yuz nafarchasi davom ettirib ketdi. Tashlab ketganlarning ko‘pchiligi tirikchilik tashvishida bo‘lishdi, og‘ir sinovlarga chiday olishmadi. Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda, Tojikistonda shogirdlarim bor. O‘zimizda yashagan turk birodarlarimizdan shogird tushgan polvonlar bugungi kunda Turkiyada yashab yurishibdi.

Polvonlikka-ku shogird tushsa bo‘ladi, lekin dorbozlik ancha murakkab. Sababi, biz bolalarni 1,5 yoshidan dorbozlikka o‘rgatamiz. Chunki 2 yoshida qo‘rquv hissi shakllanadi. Bolaligidan dorda yurgan bola keyinchalik ham yerda yurgandek yuraveradi.

Dorning o‘ziga xos alohida tarixi bor. Bu san'at vodiyda paydo bo‘lgan va mudofaa maqsadlarini ko‘zlagan. Vodiyga kirmoqchi bo‘lgan dushman har tarafdan tog‘ oshishi kerak bo‘lgan. Usta askarlar daralardan arqon bog‘lab, nayzani langar qilib o‘tib ketaverishgan. Bu darajaga yetkazish uchun bolalar oldin pastliklarda dor tikib o‘rgatilgan. Asta-sekin bu san'at tomoshalar uchun ham xizmat qilgan, to‘ylarda, sayillarda dorlar tikilgan.

– Guruhingiz bilan ko‘p tomoshalarni Shohimardonda o‘tkazardingiz. Bugun ham bu an'ana davom etyaptimi?

– Juda uzoq yillar Shohimardonda tomoshalar ko‘rsatib keldik. O‘rtada bu tomoshalar butunlay to‘xtab qolgan paytlar bo‘ldi, aloqalar uzildi. Yana qiyinchilik bilan tiklandi. Hozir sal murakkabroq bo‘lsa-da, bordi-keldi bo‘lib turibdi. Oramiz 25 kilometr, lekin o‘tib qaytishimiz uchun pasportimizga 8ta muhr uriladi. Bu bir marta borib keladigan sayyohga balki bilinmas, lekin biz kabi muntazam qatnaydiganlar 5-6 marta borib kelishsa pasporti to‘lib qoladi. Yana bolalarni metrika bilan o‘tkazishmaydi, pasport olish kerak. O‘zbek bolasini olib boradi-da, ko‘pchilik buni bilmay ovora bo‘lib qaytib ketadi.

Menimcha, ikki davlat hukumatlari bu masala ustida bir o‘ylab ko‘rishlari kerak. Balki tranzit hududida sifatida o‘tib ketishmi... Turizm shunda yanayam rivojlangan bo‘lardi.

– Bir necha yil avval hamma yoppasiga tosh (girya) izlab ketishdi. Bu jarayonni kuzatdingizmi, fikringizcha, bunga sabab nima edi?

– Kuzatdim. Ko‘pchilik mendan ham tosh so‘rab keldi. Nima qilasizlar, desam, o‘zlaricha sir tutishdi. Qachondir kimdir tosh orasiga qimmatbaho metall quyib qo‘ygan ekan, degan gaplar ta'sirida qancha-qancha toshlarni arralab tashlashdi. Firibgarlikning bir turi-da buyam. Yaqinda eski buyumlar bozoriga borsam, bir sotuvchi «Polvonaka, elliktacha toshim bor, suvtekinga bervoraman, olib keting» deb qoldi. To‘plaganlar tashlab ketishgan-da...

O‘sha paytlari biz ham tosh topolmay qoldik. Toshlarimiz tez-tez sinib turadi, almashtirish kerak. Lekin hozirgi toshlarga nisbatan eski toshlar yaxshi, pishiqroq. Biz ham tosh ichiga qo‘rg‘oshin quyamiz. Shunda 36 kilolik tosh 55 kiloga yetadi.

Har zamonda og‘ir toshlar ham o‘ynatib turamiz. Eng qadimiy va og‘ir toshimiz To‘lanboy Qurbonov degan katta polvondan qolgan. U kishi 85 yoshda dunyodan o‘tgan. Hayotligida o‘zi uchun 80 kilolik tosh quydirgan ekan. Polvonlar yig‘ilishida kim shu toshni o‘ynata olsa, o‘shanga sovg‘a qilaman, deganida mening nevaram ko‘tardi va shu tosh bizga o‘tdi.

– Hozir shiddatli davrda yashayapmiz. Bir vaqtlar asrlar davomida yo‘qolgan buyumlar, odatlar bugun bir avlod ichida yo‘qolyapti yoki qayta tiklanyapti. Shaxsiy kuzatuvlaringizga ko‘ra, ana shunday holatlarga misollar keltira olasizmi?

– Bir necha yil oldin qurilish bozoriga borsam, rosa eski eshik-romlar qalashib ketibdi. So‘rasam, «Hamma «akfa»ga o‘tib ketdi», deyishdi. Yaqinda borsam, o‘sha bozorlarda eski «akfa» romlar chiqarib sotishyapti, yog‘och yo‘q.

Yoki yaqingacha yo‘qolib ketgan yog‘och qoshiqni olaylik. Bozorlarda yana paydo bo‘la boshladi, og‘izni kuydirmaydi, kavlaganda tovalarni qirmaydi. Temirchilik ham yo‘qolib ketgandi, sababi, asosiy buyurtma – taqaga ehtiyoj qolmadi. Ot boqilmay qo‘ydi-da. Mana, hozir otlar ko‘payib qoldi, ko‘pkarilar tiklandi, o‘z-o‘zidan temirchiga ham ish ko‘payadi. Surxondaryodagi festivalda temirchilarimiz rosa uzangi yasashyapti ekan, arab amirliklaridan mingdan ortiq buyurtma tushibdi. Demak, tiklanyapti-da.

Milliyligimizni butun dunyo tan olib turganida, o‘zimiz tan olmasak, polvonlikni, dorbozlikni, hunarmandlikni ko‘tarmasak, uyat bo‘ladi-da.

Liboslarimizga qarab xursand bo‘laman. Atlas-adraslar yo‘qolib ketgandi. Hozir ayollarimiz adrasdan shunaqa liboslar tiktirib kiyishyaptiki, ko‘rib havasing keladi. Yarashyapti! Milliyligimizning uyg‘onishi shu.

– Polvonlik ham, dorbozlik ham o‘ziga yarasha murakkab san'at. Masalan, dorni tikish uchun bir necha ishchi ishlashi, yirik mashinalar zarur. Bu ma'lum mablag‘ni talab qiladi. Bu mablag‘ning manbasi qayer – grantlar, homiylar bormi?

– Grantlar yo‘q. Ko‘p san'atkorlar madaniyat bo‘limlarida, istirohat bog‘larida ishlashadi. Bittadan avtobus berilgan, ular ham juda eskirib ketgan. Endi ajabmas, dorbozlikka ham jiddiy e'tibor berilsa... Sababi, xalqning o‘zidan chiqqan ming yillik san'atda bu. Harakat qilinsa, YuNeSKO himoyasiga ham olinishi mumkin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchilar – Abdusalim Abduvohidov, Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid