Stalin qatag‘onlari: «Yot unsurlar»dan «Vrachlar ishi»gacha
Iosif Stalin — bu XX asrda eng mashhur nomlardan biri. U nafaqat SSSR tarixida, balki jahon tarixida ham eng uzoq iqtidorda bo‘lgan hukmdorlar qatorida turadi. U SSSRda 1922 yildan 1953 yilgacha, jami 31 yil hokimiyat tepasida bo‘lgan.
Stalin rahbarlik qilgan yillarda insoniyatga qarshi ko‘plab qatag‘onlar uyushtirilgan, uning shaxsiga sig‘inish esa eng avjiga chiqqan.
Mazkur maqolada Stalin hukmronlik qilgan davrda amalga oshirilgan qatag‘onlar haqidagi ma’lumotlarni yuzaki sanab chiqamiz. Zero, ularning har biri yanada chuqurroq o‘rgansa bo‘ladigan mavzu.
1920-yillar qatag‘onlari
Stalin o‘zining ilk qatag‘onlarini 1925-yillardan boshlagan edi. 1927 yilda Sovet-Britaniya munosabatlariga darz ketadi va Britaniya SSSR bilan savdo va diplomatik aloqalarni uzadi. SSSRda bu «chet el intervensiyasi» deb baholanadi hamda shaxsan Stalinning buyrug‘i bilan yoppasiga qama-qamalar boshlanib ketadi.
Eng avval xorijdan mamlakatga qaytgan sobiq muhojirlar qamoqqa olinadi. So‘ng sobiq pomeshchiklar, savdogarlar, poplar, quloqlar qamaladi. Ahamiyatlisi shundaki, o‘shanda SSSR bo‘ylab qancha odam qamalgani haqida hanuz aniq ma’lumotlar yo‘q.
«Shaxta ishi»
Shaxta ishi Donbassda bo‘lib o‘tgan. Donbassdagi ko‘mir va ruda konlarini o‘zlashtirishda xorijdan mutaxassislar chaqirilgan edi. 1928 yilda chet el josusi sifatida xorijlik mutaxassislar va ular bilan birga ishlaydigan SSSR fuqarolari bitta ham qolmasdan qamoqqa tiqiladi.
Partiya ichidagi «yot unsurlar» bilan kurash
1927 yil noyabr oyidan 1928 yil yanvar oyigacha SSSRda «partiyaviy tozalash» ishlari olib borildi. Ayniqsa, sobiq menshiviklarga umuman rahm qilinmadi.
Ularning lideri Lev Trotskiy 1928 yilda avval Olmaota shahriga surgun qilinadi. So‘ng xorijga qochishga majbur bo‘ladi.
Kollektivlashtirish davridagi qatag‘onlar
1928-1932 yillarda SSSRda xususiy mulk tugatilib, dehqonlar majburiy tarzda kollektivlashtiriladi. Bunda, dehqonlar qo‘lidagi barcha narsa: yer, suv, chorva mollari, dehqonchilik asboblari yangi tuzilgan jamoa xo‘jaliklar uchun tortib olinadi.
Boylar va o‘rtahollar yoppasiga «boy-quloq» deb atalib qamaladi yoki kimsasiz hududlarga surgun qilinadi.
Xo‘jaligidagi chorva mollari va dehqonchilik anjomlarini jamoa xo‘jaliklarga ixtiyoriy topshirmaganlar qattiq jazolanadi. Qarshilik ko‘rsatganlar hatto joyida otib tashlanadi.
Mamlakatdagi dehqonlarni talab, ularni majburiy tarzda jamoa xo‘jaliklariga a’zo qilish ishlariga Mixail Kalinin boshchilik qiladi.
Lagerlar bosh boshqarmasi (GULAG) maxsus bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, 1930-1931 yillarda, SSSR bo‘ylab kollektivlashtirish ishlarida 381 mingta oila quloq qilingan va 1 million 803 ming 392 nafar kishi qamalgan.
Stalin qatag‘onlari haqida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazgan tarixchi V.N.Zamskov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, SSSRda 1930-1940 yillar oralig‘ida aynan kollektivlashtirish davrida 2,5 million kishi qamalgan va 1930-1933 yillarda 600 ming kishi halok bo‘lgan.
Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra kollektivlashtirish davrida jami 4 million dehqon qatag‘on qilinadi.
G‘alla taqchilligi qatag‘oni
1932 yilda SSSRda g‘alla hosili juda past bo‘ldi va jamoa xo‘jaliklari belgilangan rejani zo‘rg‘a 15-20 foizga bajara oldi, xolos. Kuzga kelib hosil cho‘g‘i kamligini bilgan SSSR rahbarlari g‘alla yetishtiradigan hududlarda g‘alla yetishtirishga mas’ul bo‘lganlar va dehqonlarni jazolashadi.
«G‘alla ishi»da umumiy hisobda 5000 partiya xodimi, 15000 dehqon jazolanadi. Ko‘plab temir yo‘l stansiyalari rahbarlari va ishchilari jazolangan.
1933-1934 yillar qatag‘oni
Stalin qatag‘onlari 1934 yilda avj pallasiga chiqadi. Tarixchilar, buni o‘sha yilda SSSRda NKVD tashkil etilganiga bog‘lashadi. Yangi tashkil etilgan bu organ o‘sha paytda «ish ko‘rsatish» uchun ham ko‘pchilikni qamoqqa tiqadi.
RSFSR hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 1933 yilda 1 million, 1934 yilda 1,2 million kishi qamoqqa tashlanadi.
«Kirov ishi»
1934 yildan boshlab Stalinning siyosiy qatag‘onlari boshlangan. Avvaliga partiya saflari «yot unsurlar»dan tozalanadi. Keyin esa Leningradda «Kirov ishi» boshlanadi.
S.M.Kirov Leningrad obkomining rahbari bo‘lib ishlar, xalq orasida obro‘si nihoyatda katta edi. Uni Leningradda otib ketishadi. 1989-1990 yillarga kelib bu ish shaxsan Stalinning buyrug‘i bilan amalga oshirilgani ma’lum bo‘ladi. Ammo 1934 yilda bu haqda gapirish, surishtiruv o‘tkazish mumkin emas edi.
Kirovning qotili qo‘lga olinganda u G.Zinovev va L.Kamenev rahbarlik qilgan yashirin tashkilotga a’zoligini aytadi.
O‘sha yil 16 dekabrda Kamenev va Zinovev qamoqqa olinadi. Ulardan so‘ng, yana ko‘plab kishilar Kirovning o‘limida va yashirin tashkilotga a’zolikda ayblanib qamoqqa tashlanadi. O‘shanda, Stalin Kirovni o‘ldirtirib, shu bahona juda ko‘p odamni qamoqqa tiqadi.
«Pulkovo ishi»
1934 yilda quyosh tutilishi hodisasi yuz beradi va uni SSSR hududidan to‘liq kuzatish mumkin bo‘ladi.
O‘shanda Pulkovo observatoriyasi rahbari B.Gerasimovichga xorijiy olimlardan quyosh tutilishi hodisasini u boshchilik qilayotgan observatoriyadan kuzatishni so‘rab ko‘plab murojaatlar tushadi. Olim ularning aksariyatiga ijobiy javob beradi va ko‘plab xorijlik olimlar hodisani Pulkovo observatoriyasidan turib kuzatishadi.
Xorijliklar ketganidan so‘ng, observatoriyani NKVD bosadi va barcha xodimlarni «xorij josusi» sifatida qamoqqa oladi. Shundan so‘ng mamlakatdagi ko‘plab astronomlar, geologlar, geofiziklar, matematiklar «Pulkovo ishi»ga daxldorlikda ayblanib, qatag‘on qilinadi.
«Katta terror»
1936 yilda NKVD rahbari Yagoda bo‘shatilib, o‘rniga N.Yejov tayinlanadi. Shundan so‘ng «Katta terror» deb nomlangan qatag‘onlar boshlanib ketadi.
1937-1938 yillarda umumiy hisobda 1 mln 575 ming 259 nafar kishi qamaladi. Ulardan 681 ming 692 nafari tergovdan so‘ng otuvga hukm qilinadi.
Markaziy Osiyo respublikalaridan qamalganlar va otib tashlanganlar asosan «pankturkist», «millatchi», «diniy reaksioner», Rossiya taraflarda «troitskiychi», «menshevik», Ukrainada esa «banderachilar» deb ayblanib qatag‘on qilinadi.
Oktabr to‘ntarishi paytida o‘zini ko‘rsatagan va keyinchalik marshal unvoniga ega bo‘lgan Mixail Tuxachevskiy ham 1937 yilda qamaladi. Uni vatanga xiyonatda ayblashadi.
Tuxachevskiydan keyin SSSR mudofa vazirligining bir qator yuqori lavozimli harbiylari qamoqqa olinib, otuvga hukm qilinadi.
O‘shanda 4 yil ichida 11 000 nafar turli yuqori lavozimdagi harbiylar qamaladi yoki otuvga hukm qilinadi.
1937 yilda NKVD mamlakat bo‘ylab o‘zining barcha tuzilmalariga N00447 sonli «Sobiq quloqlar, jinoyatchilar va boshqa yot unsurlarni mahv etish» haqidagi buyrug‘ini jo‘natadi.
Shundan so‘ng, butun mamlakat bo‘ylab odamlarni siyosiy ayblar bilan qamoqqa tiqish boshlanib ketadi.
Oila a’zolaridan kimdir «qizillar»ga qarshi kurashgan yoki «boy-quloq» qilingan bo‘lsa bo‘ldi — uni «vatanga xiyonat»da ayblash uchun shu asosning o‘zi yetarli edi. So‘ngra, qarindoshlari orasida «yot unsurlar» bo‘lganlarni, «dushmanlar» bilan birga ishlaganlarni, diniy bilimga ega bo‘lganlarni siyosiy ayblar bilan qamash boshlanadi.
O‘shanda NKVD dastidan hech kim omon qolmaydi. Mamlakat bo‘ylab chaqimchilar nihoyatda ko‘payadi.
Kimdir NKVDchilarga yaxshi ko‘rinish uchun, kimdir mansab olish uchun, kimdir yana nimadir sabab bilan boshqalar ustidan chaquv xatlari yoza boshlaydi.
Shu tariqa, 1941 yil 22 iyun, fashistlar Germaniyasi SSSRga bostirib kirguncha, mamlakat bo‘ylab juda ko‘plab odam siyosiy ayblar bilan qamoqqa tiqiladi.
Urush davridagi qatag‘onlar
SSSR ikkinchi jahon urushini 1939 yilda boshlaydi. Urushlar natijasida Polsha va Chexoslovakiyadan G‘arbiy Belarus va G‘arbiy Ukrainaning, Finlandiyadan Kareliyaning bir qismini va Ruminiyadan Bessarabiyani tortib oladi.
Bosib olingan hududlarning aksariyat aholisi SSSR tarkibiga kirishga rozi bo‘lmaydi va qurolli qarshilik ko‘rsatadi. Ammo, kuchlar teng bo‘lmagani uchun ular yengiladi.
Shundan so‘ng o‘sha hududlarda yashaydigan aholining aksariyat qismi qamoqqa tiqiladi. Qamoqxonalar polyak, fin, karel, rumin, moldavan, ukrain, belarus asirlari bilan to‘ladi.
Urush davri deportatsiyalari
Nemislar SSSRga bostirib kirganidan keyin hamma mudofaa ishlari bilan band bo‘lib, mamlakat ichida siyosiy qatag‘onlar birmuncha to‘xtaydi.
1943 yilning kuzida, urushda SSSRning qo‘li baland kelib, nemislar ortga chekina boshlaganda qatag‘onlarning yangi to‘lqini boshlanadi. Stalinning buyrug‘i bilan turli millatlar sotqinlikda ayblanib o‘z uylaridan quvg‘in qilinadi.
1943 yil 12 oktyabrda SSSR Oliy Soveti Prezidiumining RSFSR tarkibidagi Qorachoy avtonom oblastida yashovchi qorachoylarni Qozog‘iston va Qirg‘izistonga badarg‘a qilish haqida qarori e’lon qilinadi.
1943 yil 27 dekabrda qalmiqlar, 1944 yil 29 yanvarda chechen-ingushlar, 24 fevralda bolqorlar, 10 mayda qrimtatarlar, 24 iyulda mesxeti turklar o‘z uyidan quvg‘in qilinib, mamlakatning boshqa hududlariga badarg‘a qilinadi.
O‘shanda, badarg‘a qilinganlarni yuk vagonlariga tiqib olib ketishgan. Og‘ir sharoitda ularning ko‘pchiligi halok bo‘lgan. Stalin vafotidan keyin ularning bir qismiga vataniga qaytishga ruxsat beriladi.
Yevropalik mahbuslar va harbiy asirlar
Urush SSSR hududidan chiqib, Sharqiy Yevropa hududiga o‘tganidan so‘ng, GULAG qamoqxonalari harbiy asirlar va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida SSSRga qarshi bo‘lgan aholi vakillari bilan to‘la boshlaydi.
O‘sha paytda, Polsha, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya, Chexoslovakiya kabi mamlakatlar aholisi orasida nemislar bilan birga kommunistlarni ham birday yomon ko‘radigan insonlar yetarlicha topilar edi.
SSSR qo‘shinlari nemislarni quvib o‘sha davlatlar hududiga kirar ekan, SSSRni yoqtirmaydiganlarning aksariyati qamoqxonaga jo‘natiladi.
Urush tugaganidan so‘ng nemislar qo‘liga asir tushgan, Sharqiy Yevropa mamlakatlarida partizanlik harakatlarida qatnashgan SSSR fuqarolarning barchasi vatan xoini sifatida qamoqqa tiqiladi.
«Zvezda» va «Leningrad» jurnallari «ishi»
1946 yil 14 avgustda hukumatning «Zvezda» va «Leningrad» jurnallari haqida qarori chiqadi. Qarorda bu jurnallar o‘z sahifasida A.Axmatova va M.Zoshchenkoning «sovet realizmiga yot bo‘lgan» asarlarini bergani uchun qattiq tanqid ostiga olingan edi.
Shundan so‘ng, mamlakat bo‘ylab barcha gazeta va jurnallar «elakdan o‘tkaziladi». Yana qaytadan adiblar, jurnalistlar, adabiy xodimlar qamoqqa tiqila boshlandi. Odamlar uchun yana tahlikali kunlar boshlandi.
O‘zbek adiblaridan Shukrullo, Said Ahmad va ko‘plab adiblar o‘sha davrda qamalgan edi.
«Yahudiylar ishi»
1948 yilda esa «Yahudiylar ishi» nomi bilan qatag‘onlar to‘lqini boshlanadi.
Bu qatag‘onning boshlanishiga SSSRda faoliyat yurituvchi «Yahudiy antifashist komiteti» tashkilotining Yaqin Sharqda tashkil etilayotgan Isroil davlati bilan yaqin munosabatlar o‘rnatishi sabab bo‘lgan.
Bu tashkilotni 1942 yilda teatr aktyori va rejissyori Solomon Mixoels tuzgan edi. Urush tugaganidan so‘ng bu tashkilotning xorijdagi yahudiy tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatishga urinishi boshdanoq Stalinga yoqmay kelayotgan edi.
1948 yilda Isroil bilan aloqa o‘rnatishi bu tashkilot ishining taftish qilinishiga va mamlakatdagi aksariyat taniqli yahudiylarning qamalishiga sabab bo‘ladi.
Bu ish ortidan 1949 yilda AQSh kommunistik partiyasi Kommunistik partiyani «antisemitizm»da ayblaydi. «Yahudiylar ishi» tufayli o‘sha paytda mamlakatdagi ko‘plab taniqli yahudiylar qamaladi va otuvga hukm qilinadi.
Ular orasida mamlakatdagi rahbar shaxslardan biri bo‘lgan V.Molotovning xotini P.Jyemchujina ham bor edi. U 1953 yilgacha — Stalin vafotigacha qamoqda qoladi.
Stalin dafn etilganidan so‘ng, Molotov Beriyaga qo‘ng‘iroq qiladi va shaxsan Beriyaning buyrug‘i bilan Jyemchujina qamoqdan ozod qilinadi.
«Yahudiylar ishi» 1952 yilgacha davom etadi va mamlakatdagi eng taniqli 13 nafar yahudiyning otib tashlanishi bilan tugaydi.
«Vrachlar ishi»
1950-yillarda SSSRdagi eng kuchli vrachlarning aksariyati yahudiylar edi. «Yahudiylar ishi» yopilgani bilan Stalinning yahudiylarga bo‘lgan munosabati o‘zgarmaydi.
Markaziy Komitet Prezidiumining a’zosi V.Malishevning eslashicha, 1952 yil 1 dekabr kuni Stalin Markaziy Komitet a’zolari oldida «Har qanday yahudiy millatchisi — AQSh razvedkasining ayg‘oqchisi. Yahudiy millatchisi yahudiylarni AQSh qutqardi, deb o‘ylaydi. Ayniqsa, vrachlar orasida yahudiy millatchilari ko‘p», deydi.
Stalinning shu gapi mamlakat bo‘ylab taniqli vrachlarning qamoqqa olinishiga sabab bo‘ladi. Avvaliga millati yahudiy bo‘lgan vrachlarni hibsga olishadi. So‘ng ular bilan birga ishlagan vrachlarni qamashadi. Shu tariqa mamlakatdagi eng kuchli vrachlar qamoqqa olinadi. Ular orasida Stalinning shaxsiy vrachi V.Vinogradov ham bor edi.
Stalin qatag‘onlari ro‘yxatida eng oxirgi ish «Vrachlar ishi» bo‘ladi. Oradan biroz o‘tib, 1953 yil 5 mart kuni u vafot etadi.
Stalin qatag‘onlarining oqibatlari
Xalqaro «Memorial» tashkiloti hisobotlariga ko‘ra, Stalin qatag‘onlari tufayli 10–12 milliondan 38–39 million nafargacha odam halok bo‘lgan.
4,5–4,8 million nafar odam siyosiy ayblar bilan qamalgan va ulardan 1.1 million nafari otuvga hukm qilingan.
6,5 million kishi deportatsiya qilingan.
4 milliondan oshiq odam saylov huquqidan mahrum qilingan.
6–7 million kishi turli yillarda ro‘y bergan ocharchilik tufayli halok bo‘lgan.
17 ming 961 nafar kishi majburiy mehnat natijasida halok bo‘lgan.
1954 yil KPSS Markaziy Komiteti Birinchi Kotibi Xrushchyov nomiga tayyorlangan ma’lumotnomaga ko‘ra, 1921 yildan 1954 yilgacha NKVD «troyka»lari va harbiy tribunal tomonidan 3 mln 777 ming 380 nafar odamga hukm e’lon qilingan.
Ulardan 642 ming 980 nafari otuvga hukm qilingan.
2 mln 369 ming 220 nafar odam 25 yilgacha qamalgan.
765 ming 180 nafari surgun qilingan.
SSSR IIV qoshidagi 1-maxsus bo‘linma ma’lumotlariga ko‘ra, 1921 yildan 1954 yilgacha SSSR bo‘ylab 4 mln 60 ming 306 nafar odam sudlangan.
Ulardan 799 ming 455 nafari otuvga hukm qilingan. 2 mln 631 ming 397 nafari qamoqxonalarda saqlangan. 413 ming 512 nafari surgun qilingan. 215 ming 942 nafariga yengil jazo qo‘llangan.
Umuman olganda, bugun tarixchilar va ekspertlar Stalin qatag‘onlari haqida berilgan rasmiy statistikaga ishonmaydi.
Ularning fikriga ko‘ra, rasmiy ma’lumotlar ancha kamaytirib ko‘rsatilgan.
Masalan, tarixchi V.Popovning bildirishicha, 1923-1953 yillarda Stalin tuzumi tomonidan qatag‘on qilingan shaxslarning umumiy soni 40 milliondan kam emas.
Stalin qatag‘onlarining ijrochilari
Stalin qatag‘onlarining asosiy ijrochilari NKVDning rahbarlari G.Yagoda, N.Yejov hamda L.Beriya bo‘lishgan. Keyinroq ularning taqdiri ham ayanchli yakunlanadi.
Yagoda 1934-1936 yillarda NKVDga rahbarlik qiladi. 1936 yil 26 oktyabrda vazifasidan ozod etiladi. 1937 yil 28 martda qamoqqa olinib, tergov qilinadi va 1938 yil 15 martda sud hukmiga ko‘ra otib tashlanadi.
1936 yil 26 sentabrda Yagodaning o‘rniga NKVD rahbari etib N.Yejov tayinlanadi. Yejov NKVD rahbari sifatida bor-yo‘g‘i ikki yil ishlaydi. 1938 yil 24 noyabrda uni bo‘shatishadi va suv transporti komissari lavozimiga o‘tkazishadi.
1939 yilda Yejovni o‘z kabinetidan qo‘liga kishan taqib uning o‘rniga NKVD rahbari bo‘lgan Beriyaning o‘zi olib chiqib ketadi.
1940 yil 3 fevralda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi Yejovni ham otuvga hukm etadi. 4 fevral kuni hukm ijro etiladi.
Stalin qatag‘onlarining eng yovuz ijrochilaridan biri Lavrentiy Beriya 1938 yil 22 avgustda NKVD rahbari etib tayinlanadi.
Stalin vafotidan keyin, uning sodiq xizmatkori sifatida Beriyaning boshida ham qora bulutlar aylana boshlaydi. 1953 yil 26 iyunda Xrushchyov SSSR Ministrlar Sovetining maxsus yig‘ilishini chaqiradi.
Yig‘ilishda Beriya masalasi ko‘riladi va uni «mamlakatning sotsializm yo‘lidan rivojlanishga to‘siq bo‘layotgan shaxs» sifatida va yana bir qator ayblar bilan ayblashadi va o‘sha yerning o‘zida qamoqqa olishadi.
Beriyaning qo‘liga kishanni shaxsan marshal Jukovning o‘zi taqadi. Beriya 1953 yil 24 dekabrda SSSR Oliy sudi tomonidan otuvga hukm qilinadi va hukm o‘sha kunda ijro etiladi.
Shu tariqa, Stalin qatag‘onlarining asosiy ijrochilaridan yana biri o‘z jazosini oladi. Stalin vafotidan keyin uning insoniyatga qarshi qilgan jinoyatlariga munosib baho beriladi.
Bugun aksariyat tarixchilar Stalinni Adolf Hitler bilan bir safga qo‘yadi. Hitler urush tufayli millionlab insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan bo‘lsa, Stalin tinch zamonlarda millionlab insonlarni yostig‘ini quritgan va insoniyatning katta bir bo‘lagiga barcha yomonliklarni qo‘llab ko‘rgan.
Bugun Stalinning yovuzliklaridan gap ketganda, tarafdorlari uning qattiqqo‘llik bilan fashizm ustidan g‘alaba qozonganini dastak qilishadi. Stalin fashistlar Germaniyasini yenggan bo‘lsa-da, SSSRga hujum qilgunicha u boshliq davlat Germaniyaga ittifoqdosh bo‘lgan. Qolaversa, o‘sha urushda bolalarini urushga jo‘natib, kamiga bir burda nonini o‘zi yemay, frontga jo‘natgan xalqning ham hissasi katta bo‘lgan. Shuni unutmasak bas.
G‘ayrat YO‘LDOSh tayyorladi.
Mavzuga oid
09:20 / 30.10.2024
Rossiyada va dunyoda «Ismlarni qaytarish» aksiyasi bo‘lib o‘tdi
10:30 / 12.10.2024
Rossiyada Stalinga haykal qo‘yiladi
15:10 / 20.09.2024
Rossiyada qatag‘on qurbonlari reabilitatsiyasi bo‘yicha 4000 ta qaror bekor qilindi
07:15 / 05.08.2024