Jahon | 12:16 / 28.01.2020
70920
2 daqiqa o‘qiladi

Abduqodir Masharipovning sherigiga 632 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘raldi

Foto: REUTERS / Umit Bektas

2017 yil Yangi yil kechasi Istanbuldagi Reina tungi klubida terakt sodir etgan O‘zbekiston fuqarosi Abduqodir Masharipov ishi bo‘yicha sud jarayoni poyoniga yetmoqda. 

27 yanvardagi sud majlisida Turkiya prokurori so‘z olib, teraktga aloqadorlarga jazo muddatlari berilishini talab qildi. Jumladan, prokuror bosh gumonlanuvchi Abduqodir Masharipovga 40 ta umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishini so‘radi.

Abduqodir Masharipov

Shuningdek, ushbu ish bo‘yicha o‘tayotgan yana bir gumonlanuvchi, teraktlar sodir etishga chaqirgan va ularni amalga oshirishda ko‘mak ko‘rsatgan Ilyos Mamasharipovga 632 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi so‘raldi.

Turkiya prokurori, shuningdek, Abduqodir Masharipovning ikki xotini - Zarina Masharipova va Traora Tenaga 7,5 va 15 yillik qamoq jazolari berilishini so‘radi.  

Shu bilan birga, prokuror ushbu jinoiy ish doirasida hibsga olingan 11 gumonlanuvchini ularga nisbatan isbotlar yo‘qligi va qisman oqlanganlari sababli oqlanishini so‘ragan.

Guvohlarning teraktni aynan Abduqodir Masharipov sodir etganiga ishora qiluvchi ko‘rsatmalariga qaramay, gumonlanuvchi o‘z aybini tan olishdan bosh tortgan va terakt joyida tasodifan bo‘lib qolganini ta'kidlagan.

Turkiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ushbu ish bo‘yicha keyingi sud majlisi 23 mart kuni bo‘lib o‘tadi va unda barcha aybdorlarga yakuniy hukm chiqariladi.

2017 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi Istanbuldagi Reina tungi klubida Yangi yil nishonlanishi vaqtida qurollangan erkak otishma sodir etgan. Terakt oqibatida 39 kishi, jumladan 12 nafar turkiyalik va 27 nafar xorijlik halok bo‘lgan, 69 kishi jarohat olgan. Ushbu terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan. Teraktni sodir etishda gumon qilinib 1988 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonlik Abduqodir Masharipov qo‘lga olingan. 

Mavzuga oid