Jahon | 16:35 / 30.01.2020
16920
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiyada dasturchilar davlatga tekinga sayt tayyorlab berdi. Bu ishga 16 mln yevro sarflamoqchi bo‘lgan vazir ishdan bo‘shatildi

Chexiyalik dasturchilar guruhi hukumat uchun firmalardan biri buyurtma olgan saytni tekinga tayyorlab berdi. Ular buni transport vazirligining “isrofgarchiligi”ga nisbatan norozilik belgisi sifatida amalga oshirdi: ularning fikricha, amaldorlar oqlab bo‘lmaydigan darajada qimmat shartnoma tuzgan.

Ma'lum qilinishicha, transport vazirligi pullik avtomagistrallarda harakatlanishga elektron tarzda ruxsatnoma beruvchi servis yaratish uchun hech qanday tendersiz Asseco Central Europe firmasi bilan qiymati 400 million chex kronasiga (16 million yevro) teng shartnoma tuzgan. Shartnomaga ko‘ra, firma internet-do‘kon hamda iOS va Android ilovalar yaratishi, saytni to‘rt yil davomida qo‘llab-quvvatlab turishi lozim bo‘lgan.

Bu buyurtma Chexiyadagi IT-hamjamiyatining noroziligini keltirib chiqardi. Actum Digital kompaniyasi Tomash Vondrachek bu ishni ikki kunda bajarishi mumkinligini aytdi.

Vondrachek mahalliy dasturchilarga birlashishni va xuddi o‘sha saytning muqobilini yaratishni taklif qildi. Kompaniya ofisiga yig‘ilgan 60 nafar dasturchi ikki kun ichida 16 mln yevrolik sayt talabiga javob beruvchi fairznamka.cz platformasini tayyorladi. Ular shu yo‘l bilan soliq to‘lovchilarning pullari behuda sarflanayotganligini ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Dasturchilarning ishini kuzatish uchun Chexiya bosh vaziri Andrey Babish ham keldi.

Vondrachek kelgusidagi ishlar uchun shartnoma qiymatining to‘rtdan bir qismi miqdorida mablag‘ ketishini aytdi.

Davlat buyurtmasi qiymati oshirib ko‘rsatilgani sababli mamlakat transport vaziri Vladimir Kremlik iste'foga chiqarildi va davlat buyurtmasini bajarish uchun tender o‘tkaziladigan bo‘ldi. Asseco Central Europe vakillari shartnomani bekor qilishga tayyorligini bildirdi.  

“Bundan buyon davlat buyurtmasining asossiz ravishda oshirilish holatlariga chek qo‘yildi deb o‘ylayman”, dedi Vondrachek ushbu voqeadan so‘ng va kompaniyasi tender tanlovida ishtirok etmasligini qo‘shib qo‘ydi.

Mavzuga oid