Jamiyat | 14:50 / 04.02.2020
5799
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat stomatologiya institutida rektor stipendiyasi va pedagoglar uchun rag‘batlantirish joriy etildi

Toshkent davlat stomatologiya institutida talabalarni qo‘shimcha rag‘batlantirish, ularni faol yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, munosib taqdirlash maqsadida ilmiy kengash qarori bilan rektor stipendiyasi joriy qilindi.

«Tabiiyki, bu a'lo baholarga o‘qigan, olimpiadalarda yuqori natijalarga erishgan talabalar uchun qo‘shimcha manfaatdorlik va yanada  yaxshi o‘qishlari uchun rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Bundan tashqari, o‘z ustida ishlaydigan pedagoglar uchun ham institutda rag‘batlantirish joriy qilindi. Ilmiy izlanuvchi pedagoglarning «Skopus» tizimidagi xalqaro jurnallarda chop qilingan har bir maqolasi uchun 3 million so‘m gonorar joriy qilingani ma'lum qilindi. Ushbu rag‘batlantirish ham talaba, ham pedagoglar uchun sifatli tibbiy ta'lim yaratish yo‘lida  tashlangan  yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Ma'lumki, mazkur oliy o‘quv yurti mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalari ichida birinchi bo‘lib jahondagi nufuzli «Astraia Menegement» xalqaro sertifikatlash tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi va xalqaro ISO sertifikatiga sazovor bo‘lgan edi. Bu esa institutning ta'lim jarayoni xalqaro standartlarga to‘la mos ravishda olib borilayotgani, istiqbolda xalqaro reytinglarda yanada muhim o‘rin egallashi va jahonda ham obro‘si  oshib borishiga hamda xorijiy talabalarni jalb qilishda o‘ziga xos muhim o‘rin tutadi.

Bundan bir muddat oldin Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tuzilgan reytingda Toshkent davlat stomatologiya instituti yurtimiz oliy o‘quv yurtlari orasida 8-o‘rinni egallagan edi. Bu tibbiy oliy ta'lim muassasalari orasida eng yuqori natija hisoblanadi. Qolaversa, o‘tgan yil bo‘lib o‘tgan xalqaro «Stomatologiya Yuga-2019» olimpiadasida ham  mazkur institut talabalari eng yuqori o‘rinlarni egallashgandi. Institut bir qator xalqaro tashkilotlar: Butunjahon stomatologlar federatsiyasi, Butunjahon Shifokor-talabalar assotsiatsiyasi, MDH Davlatlar stomatologlari assotsiatsiyasi, Amerika rinologlar jamiyati, Yaponiya jarrohlar uyushmasining to‘laqonli a'zosi hisoblanadi.

Markaziy Osiyoda stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha yagona oliy ta'lim muassasasi hisoblanuvchi mazkur institutda xalqaro qo‘shma ikki diplomli ta'lim dasturlari soni bakalavrda 4ta, magistrda 9ta, klinik ordinatura yo‘nalishlari bo‘yicha esa 3taga yetdi», deyiladi institut matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid