O‘zbekiston | 20:18 / 09.02.2020
31742
5 daqiqa o‘qiladi

Qozoqboy Yo‘ldoshev: «O‘zbek tili muammolarini hal etish emas, hal etayotganga o‘xshab ko‘rinishni o‘ylayapmiz»

Xalqaro presc klubning navbatdagi sessiyasi o‘zbek tili muammolariga bag‘ishlandi. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi, til ta'limi va tilshunoslik masalalari muhokama qilindi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Sessiyada soha olimlari, professor-o‘qituvchilar, metodistlar, vazirlik mutasaddilari o‘zbek tilining keyingi rivoji uchun o‘z takliflarini bildirishdi.

Pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev press klubga yig‘ilgan va so‘zga chiqib fikr bildirayotganlarga murojaat qilib, muammo mohiyatini teranroq anglashga va xato-kamchiliklarni tan olishdan qochmay, ularni tuzatishga harakat qilishga chaqirdi.

«Biz hozir hammamiz xizmat vazifamizni bajarish bilan, o‘zimizning unchalik yomon ishlamayotganimizni ta'kidlash bilan, o‘zimizning ancha savodli va «o‘zbekparast» ekanimizni ko‘rsatish bilan ovora bo‘lyapmiz.

Hozir qaysidir tadbirkorni to‘g‘ri tushunish kerakligi, Adliya vazirligi nihoyatda to‘g‘ri ishlar qilayotgani yoki Abdug‘affor Qirg‘izboyev (Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri – tahr.) qancha tadbirlar ishlab chiqqani haqidagi gaplar, bu – masalani yechish, tilni rivojlantirish, o‘zbekning ko‘kragini ko‘tarish haqida emas. Bu xuddi men zimmamdagi ishni qilyapman, deganga o‘xshaydi.

Nega bizda o‘zimizdan boshqaga bo‘lgan narsaga intilish kuchli, chunki bizda g‘urur yo‘q!

Qozoqboy Yo‘ldoshev

Nega bizda reklama bannerlarida boshqa tilda yoziladi, chunki bu o‘sha odam uchun yoziladi, demakki, bizni o‘zbekni hurmat qilmaydi. U ingliz, italyan yoki rusni hurmat qilishi mumkin, lekin o‘zbekni emas.

Bu yerda o‘tirganlarga: sizda ham, menda ham, senatorlar, deputatlarda ham nega o‘zi shunaqa bo‘lyapti, degan iztirob paydo bo‘lishi kerak, lekin shu iztirobning o‘zi yo‘q!

Biz o‘ylab ko‘raylik, axir. Azbaroyi vazifa bajarish uchun emas, balki «Ha, biz ulgurolmayapmiz, yomon ishlayapmiz», deya olmaymizmi?! Nega Toshkentday shaharda 53 foiz maktab rus maktabiga aylanib boryapti, buni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu katta fojia aslida.

O‘qishni Navoiydan emas, Tolstoy yoki Pushkindan boshlagan bola dunyoni ularning ko‘zi bilan ko‘radi-da. Qur'onning, hadisning, Navoiyning ko‘zi bilan ko‘rolmaydi-da, albatta. Biz masalani hal qilish haqida emas, hal qilayotganga o‘xshab ko‘rinish haqida o‘ylayapmiz.

O‘zbek tilini bayram qilishdan oldin maqomini joyiga qo‘yish, uni himoya qilish haqida o‘ylashimiz kerak. U halokat yoqasiga kelib qoldi. Ilmiy til yo‘q, ilmiy atamalar boshqacha qabul qilinadi. Agar bizda intilish bo‘lsa, shunga erk bo‘lsa, bu uddalasa bo‘ladigan ish.

Yomon ishlayotganimiz, o‘zimizning sohamiz bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan ishning o‘ndan birini ham bajarmaganimiz bor haqiqat. Hadeb keyingi vaqtda yaxshi bo‘lib ketdi, ancha siljish bor degan bilan ish bitmaydi, siljitaylik uni», – dedi Qozoqboy Yo‘ldoshev.

Filologiya fanlari doktori, professor Adhambek Olimbekov faollarni til siyosati masalasida keskinroq qarorlar qabul qilishga chaqirdi.

«Biz tarixdan bilamiz: 1940 yillarda lotindan kirilga o‘tilganida bir hafta muhlat bergan va bir hafta ichida o‘zgargan. Hozir esa necha yildan beri lotin bilan kirilning o‘rtasida osilib turibmiz», – deydi Adhambek Olimbekov.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagan, shu kuni imzolangan farmon bilan bu sana o‘zbek tili bayrami kuni etib belgilanib, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgan edi. Keyinroq departament huzurida Atamalar komissiyasi ish boshladi.

·       Prezident farmoni: Lotin alifbosini to‘liq joriy etish borasidagi ishlar jadallashtiriladi

Mavzuga oid