Jamiyat | 12:28 / 14.02.2020
7065
2 daqiqa o‘qiladi

«Boburnoma»ning yangi nashri taqdim etildi

Bugun, 14 fevral Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligiga bag‘ishlangan «Shoh, adib va shoir» mavzusida davra suhbati va «Boburnoma» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda yig‘ilgan ijodkorlar, olimlar Boburning hayot yo‘li, uning vatanparvarligi, ijodi, komillikka undovchi asarlari, betakror she'riyati, u ilgari surgan g‘oyalarning yosh avlod tarbiyasida muhim ahamiyatga egaligi haqida so‘z yuritishdi. «Boburnoma» asari to‘g‘risida turli qiziqarli va tarixiy ma'lumotlar berib o‘tildi.

«Boburnoma» qomusiy xarakterdagi asarlardan bo‘lib, unda ilm-fan, urf-odat, ijtimoiy-siyosiy, tabiiy etnografik bilimlar mohirlik bilan ifodalangan. Ushbu muhtasham majmua jahon adabiyotining nodir, durdona asarlaridan  hisoblanadi.

Tadbir doirasida agentlik tasarrufidagi «O‘qituvchi» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan chop etilgan «Boburnoma» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu kitobning o‘ziga xos jihati tushunarli tilda yozilgani ta'kidlandi.

Shuningdek, «Boburnoma» asaridan tashqari «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyotining «Ikki daho — ikki bebaho» va «Imperatorning tug‘ilishi» (Boburning yoshligi) kitoblari taqdimoti ham o‘tkazildi.

Mavzuga oid