O‘zbekiston | 21:32 / 14.02.2020
72013
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bir kunda 11ta OTMda rahbar o‘zgardi. Avvalroq prezident rektorlar faoliyatini tanqid qilgandi

Bugun, 14 fevral kuni Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-qurilish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektorlari lavozimidan ozod etildi.

Vazirlar Mahkamasining 14 fevral kungi 82-sonli «Oliy ta'lim muassasalari rektorlarini lavozimlarga tayinlash to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekistondagi 11ta oliy ta'lim muassasasida rahbar o‘zgardi.

Hukumat qaroriga muvofiq, Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyor Xudayberdiyevich Daniyarov lavozimdan ozod qilindi. 2010-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Daniyarov 2017 yilning mayida mazkur institut rektori etib tayinlangandi.

Baxtiyor Daniyarov

Endi uning o‘rniga Bahodir Boypo‘lotovich Sobirov Navoiy davlat pedagogika institutining yangi rektori sifatida ish boshlagan. U shu vaqtga qadar Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta'limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutiga direktorlik qilib kelayotgandi.

Bahodir Sobirov

Shuningdek, Namangan muhandislik-qurilish instituti rektori Shukurjon Sharipovich Kenjaboyev lavozimidan ozod etilib, Sharibboy To‘lanovich Ergashev institutning yangi rektoriga aylandi.

Shukurjon Kenjaboyev

Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti rektori Nazirila Nasimxanovich Maxmudov lavozimdan ozod qilingan va uning o‘rniga Orifjon Shodiyevich Bozorov institutning yangi rektori etib tayinlangan.

Nazirila Maxmudov

Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori Azizjon G‘ulomjonovich Eminov lavozimdan olingan, Mamirjon Yusupovich Atadjanov uning o‘rnida ish boshlagan.

Azizjon Eminov

Abdullajon Qodirovich Hamroqulov Astraxan davlat texnika universitetining Toshkent viloyatidagi filiali ijrochi direktori - Filial direktori o‘rinbosari bo‘lgan.

  • Namangan davlat universiteti rektori Muzaffar Esanov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rnini Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov egallagan.
  • Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori Azamat Shamsiyev lavozimidan ozod etilgan.
  • Toshkent davlat stomatologiya instituti rektori lavozimida ishlab kelayotgan Jasur Rizayev ham lavozimdan olinib, Azamat Shamsiyev o‘rniga Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori etib tayinlangan.
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Shavkat Sharipov lavozimidan ozod etilgan va Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov yangi rektor etib tayinlangan.
  • Jizzax davlat pedagogika institutining rektori Abdug‘ani Xolbekov ham lavozimidan ozod etilgan va uning o‘rnini Shavkat Sharipov egallagan.
  • Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori Shuhrat Mutalov lavozimidan ozod qilingan hamda uning o‘rniga Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari Botir Usmonov tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta'lim masalasida fikr bildirib, rektorlar faoliyatini tanqid qilgan hamda ko‘plab rektorlar ishdan olinishi haqida gapirgandi.

«Yaqinda ko‘p rektorlar ishdan olinadi. Mening stolimda turgan ma'lumotlarga ko‘ra, bu rektorlar bilimi, saviyasi va vatanparvarlik darajasi bilan rektor bo‘lish u yoqda tursin, hatto qorovul bo‘lishga arzimaydi», degandi prezident.

Mavzuga oid