Jahon | 15:33 / 14.02.2020
19009
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy rasmiysi koronavirusga qarshi kurashdagi muvaffaqiyat haqida gapirdi

Xitoy hukumati koronavirusning butun dunyo bo‘ylab tarqalishining oldini olish bo‘yicha sa'y-harakatlari evaziga XXR hududidan tashqaridagi zararlanish ko‘rsatkichlari umumiy ko‘rsatkichning 1 foizidan oshmagan. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Germaniyaga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

© REUTERS / cnsphoto

U koronavirus tarqalishi sekinlashgani va kasallik yuqtirganlar tezroq tuzala boshlaganini ta'kidlagan. Qayd etilishicha, koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xubey viloyatida so‘nggi o‘n kun davomida yangi zararlanish holatlari kamayib kelgan, o‘z navbatida sog‘ayayotganlar soni ortib bormoqda.

Pekin rasmiysi bularning barchasi kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar muvaffaqiyatli bo‘lganidan dalolat berishini ma'lum qilgan.

«Statistik ma'lumotlar va faktlar shuni ko‘rsatmoqdaki, umumiy vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkinki, bu epidemiyani nazorat qilish, bemorlarni esa tuzatish mumkin. Samarali dori vositalarining uzluksiz rivojlanishini hisobga olib, biz ushbu epidemiyani yengishimizga to‘liq ishonamiz», deyiladi vazirlik saytida keltirilgan bayonotda.

U koronavirus tarqala boshlagan ilk kunlardayoq Xitoy bu haqda zudlik bilan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini hamda jahon hamjamiyatini ogohlantirgani va virusga qarshi kurashda boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda shaffoflik va ochiqlik tamoyillari asosida ish olib borayotganini ta'kidlagan.

Virus pnevmoniyasi epidemiyasi
2019 yil dekabri oxirida Xitoy hukumati Xubey viloyatining Uxan shahrida noma'lum virus pnevmoniya keltirib chiqarayotgani haqida ma'lum qildi. Ko‘p o‘tmay bu kasallik qo‘zg‘atuvchisi keyinroq COVID-2019 nomini olgan yangi tipdagi koronavirus ekani ma'lum bo‘ldi.

14 fevral kungi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanganlar soni 63 ming 851 nafarga yetgan, qurbonlar soni 1380 nafarni tashkil qilmoqda, Xitoy hududidan tashqarida ushbu virus aniqlanishi bilan bog‘liq 505 holat qayd etilgan.

Ekspertlar koronavirus bilan Yer aholisining uchdan ikki qismi kasallanishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni ham bildirishgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 13 fevral kuni olingan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanmagan. 

Mavzuga oid