Minglab kishilarga fuqarolik berishni nazarda tutadigan qonun qabul qilindi
18 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
Qonunning 24-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini muloqot qilish uchun zarur bo‘lgan darajada bilish talabi qo‘yilgan. Bu eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan moddalardan biri bo‘ldi.
Deputat Rasul Kusherbayevning fikricha, bunday talab qo‘yishda millatlarning etnik kelib chiqishi va til xususiyatlarini inobatga olish kerak.
«Masalan,Markaziy Osiyo xalqlari har qanaqa tilni oson o‘rgana oladigan etnik kelib chiqishga ega. Lekin O‘zbekistonda yashayotgan ayrim boshqa millat vakillari o‘zbek tilida muloqot qilishga qiynalishi mumkin. Shuning uchun millatlar etnik kelib chiqishini hisobga olish zarur», – dedi Kusherbayev.
Spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov esa O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishni xohlagan odam davlat tilida hech bo‘lmaganda o‘zi haqida gapirib bera olishi kerak, deb hisoblamoqda.
«Fuqarolik berishda til haqida qo‘yilgan talabni to‘g‘ri deb hisoblayman. O‘zbekiston Respublikasida davlat tili – o‘zbek tili. Respublikada o‘z huquqlari himoya qilinishi uchun, fuqaro davlat tilida muloqot qila olish uchun tilni minimal darajada bilishi zarur. Har qanaqa etnik kelib chiqishdan qat'i nazar, bu talab to‘g‘ri», – dedi Qodirov.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromovga ko‘ra, O‘zbekistonda yashayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslarning asosiy qismini o‘zbeklar tashkil qiladi.
«Shuning uchun til bilan bog‘liq talab ularga muammo tug‘dirmaydi», – deya aniqlik kiritdi Ikromov.
Qonun asosida, davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibini belgilash huquqi Vazirlar Mahkamasiga berilishi mumkin.
«Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti mavjud. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibini vakolati darajasida mazkur tashkilot ko‘rib chiqishi eng maqbul yo‘l», – dedi Alisher Qodirov.
Qonunning 6-moddasida 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga kirib kelgan va doimiy propiskaga o‘tgan, xorijiy davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda bu qonun kuchga kirgan kunga qadar O‘zbekistonda yashash guvohnomasi asosida istiqomat qilgan shaxs, istak bildirgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinishi nazarda tutilgan.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatida e'lon qilgan edi. Shu tariqa 50 mingga yaqin kishi avtomatik O‘zbekiston fuqaroligiga o‘tishi kutilyapti. Mamlakatdagi fuqaroligi yo‘q shaxslarning umumiy soni esa 95 ming nafardan ziyod.
«Qolgan 45 ming nafarini millatlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning asosiy qismi – 80 foizi o‘zbeklardir. Shuningdek, 4 ming nafari rus, ming nafarga yaqini koreyslar», – deya ma'lumot berdi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromov.
Qonunga «vatandosh» tushunchasi kiritilib, fuqaroligi bo‘lmagan vatandoshlarga nisbatan fuqarolikka qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi belgilanmoqda. Fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqishda idoralararo elektron hamkorlik mexanizmlari yaratilishi bo‘yicha normalar kiritilgan.
Hujjat amalga kiritilsa, O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish tartib-taomillari erkinlashtiriladi. Fuqarolikni olish uchun taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar soni qisqaradi. Fuqarolarning konsullik hisobiga turish muddati uzaytiriladi.
Yakunda qonun qabul qilindi va Senatga yuboriladigan bo‘ldi.
Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, 1991 yil sentabr oyidan bugungi kunga qadar 8249 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan. Ularning asosiy qismi – 7765 nafari (94 foizi) 2016 yil dekabr oyidan 2019 yil iyul oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
Mavzuga oid
16:50 / 03.12.2024
Sudyalar Oliy kengashi tarkibi Senat tomonidan saylanishi mumkin
16:10 / 03.12.2024
Qaysi deputat qanday ovoz bergani ochiq bo‘lishi kerak - Bobur Bekmurodov
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
14:13 / 21.11.2024