Iqtisodiyot | 13:20 / 19.02.2020
31290
11 daqiqa o‘qiladi

Obamaning «iqtisodiy mo‘jizasi». AQSh iqtisodiy inqirozdan qanday chiqib ketgandi?

11 yil muqaddam AQShning 44-prezidenti Barak Obama moliyaviy inqirozdan chiqish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun yuzlab milliard dollar ajratish ko‘zda tutilgan 10 yillik davlat dasturini imzolagandi. Ekspertlar buni Obamaning «iqtisodiy mo‘jizasi» deb atashadi.

Foto: : NICHOLAS KAMM/AFP via Getty Images

Barak Obama 17 fevral kuni tvitterdagi sahifasida shunday yozdi: «Bundan 11 yil avval AQSh tarixida eng ko‘p ish o‘rni yaratgan hujjatni imzolagandim».

Ha, 2009 yil 17 fevral kuni AQShning 44-prezidenti Barak Obama tarixiy hujjatga imzo chekkandi. Gap 787 milliard dollarlik inqirozdan chiqish rejasi haqida ketmoqda.

2008 yil butun dunyo iqtisodiyotiga zarba bergan inqiroz ayniqsa AQShga juda jiddiy ta'sir qilgandi. Bunday qiyin holatdan hukumat o‘z fuqarolarini qanday olib chiqib ketgandi?

AQSh prezidentligiga juda noqulay vaqtda kelgan Barak Obama iqtisodiy inqirozdan chiqib ketish uchun juda qimmat rejani taklif qiladi. Obamaning rejasi 1 yilga emas, naq 10 yilga mo‘ljallangan edi. Prezident taklif qilgan inqirozdan chiqish dasturiga davlat budjetidan 787 milliard dollar pul ajratilishi belgilangandi. Obama bu rejasi orqali davlat budjetidagi 1,3 trillion dollarlik defitsitni prezidentligining birinchi muddati yakunida 533 milliard dollargacha kamaytirishni ko‘zlaydi.

Bu tarixiy hujjatni imzolash marosimi tantanali tarzda Kolarado shtatidagi tabiat va fan muzeyida o‘tkaziladi. Rasman nomi «American Recovery and Reinvestment Act» bo‘lgan bu rejaga «AQSh iqtisodiyotini jonlantirish» deb nom beriladi.

Hujjatni imzolagan Obama shunday degandi: «Bu hujjat bilan hamma muammolarimiz hal bo‘lib qolmaydi. Qilishimiz kerak bo‘lgan hamma ishlarni unga sig‘dira olmaymiz, ammo ishoning, bu inqiroz yakunining boshlanishi».

Obama tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyihaga hamma senatorlar rozilik bildirmaydi. Uzoq muhokamadan so‘ng Cenat 13 fevralda loyihani tasdiqlaydi. Uni qo‘llab 61 senator ovoz beradi, 37 senator qarshi chiqadi. Vakillik palatasi inqirozdan chiqish bo‘yicha o‘z loyihasini taklif qilgani bois Obamaning loyihasini qabul qilish kechikib ketadi.

Loyihaning asosiy maqsadi nima edi?

Obama taklif qilgan bu loyihaning asosiy maqsadi davlat xususiy investorlar yordamida tadbirkorlarni qiyin vaziyatdan olib chiqishi kerak edi. Masalan, ajratilishi kerak bo‘lgan pullarning 500 milliard dollari banklardagi qiymati pastlagan aktivlarni sotib olishga qaratilishi mo‘ljallanadi.

Aytaylik, iqtisodiy inqiroz vaqtida biror yirik korxona aksiyalari qadrsizlanib ketadi. Davlat esa boshi berk ko‘chaga kirib qolgan korxonalar aksiyalarini sotib olib ularga qaytadan hayot bag‘ishlaydi.

Rejada faqat pul sarflash emas, uni tejash ham ko‘zda tutiladi. Jumladan, Iroqdagi harbiy harakatlar uchun xarajatlar sezilarli darajada kamaytiriladi. Shuningdek, budjet xarajatlarini tejashning asosiy omillaridan biri sifatida energiya mustaqilligini mustahkamlashga e'tibor qaratiladi. Obama va Bayden bu borada mamlakatda energiya tejamkor texnikalarni ko‘paytirish kerakligini ta'kidlaydi.

Soliq tizimini soddalashtirish uchan ham juda katta pul ajratiladi. Yillik daromadi 250 ming dollardan kam bo‘lgan fuqarolar uchun soliqlar soddalashtiriladi. Aksincha, yirik korporatsiyalar va boy amerikaliklar uchun daromat solig‘ini oshirish ko‘zlanadi. Obama bunday choralarni mavjud inqirozdan chiqib ketish uchun bir martalik chora emas, kelajakdagi rivojlanish uchun ko‘prik deb ataydi.

Inqirozdan chiqishning asosiy uch omili

Obama taklif qilgan rejada iqtisodiy inqirozdan chiqib ketishning uchta asosiy omili ta'kidlanadi:

  1. Energiya tejamkor texnikalar yordamida AQSh energetikasini raqobatbardosh qilish;
  2. Ipoteka kreditiga uy olgan odamlarning qarzini sotib olgan holda ularning uyini saqlab qolish;
  3. Moliya bozorida ishonchni saqlab qolish, ya'ni amerikaliklarga inqirozdan chiqib ketish bo‘yicha aynan qanday ishlar olib borilayotgani haqida to‘liq ma'lumot berib borish.

Dasturning energiyaga oid bandida mamlakatda elektrokarlarga o‘tish jarayonini tezlashtirish ko‘zda tutiladi. Elektrokar va gibridli dvigatelga ega mashina sotib olganlarga 7 ming dollar miqdorida soliq imtiyozi taklif qilinadi va shu tariqa o‘sha vaqtda to‘xtab qolgan elektroavtomobillar ishlab chiqarish biznesi yana oyoqqa turishi ko‘zlanadi.

O‘z uyida quyosh batareyasidan foydalanayotgan odamlarga ham soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Farzandlarini maktabga mashinada emas, velosipedda borishga ko‘ndirgan ota-onalar rag‘batlantiriladi. Xohlaganlarga quyosh batareyalari imtiyoz bilan qo‘yib beriladi, bu borada ishlaydigan biznes yo‘lga qo‘yilib, ishchi o‘rinlari paydo bo‘ladi. Bularning hammasi AQShning boshqa mamlakatlardan sotib olinayotgan neftga muhtojligini kamaytirish uchun qilinadi.

Qurilish davlatni qutqaradi

Ko‘pchilik dono rahbarlar kabi Obama ham qurilish davlatni inqirozdan olib chiqadi deb hisoblaydi va mamlakatda yo‘llarni kengaytirish, yangi yo‘llar qurib, mavjudlarini rekonstruksiya qilishga 30 milliard dollar sarflanadi. Axir yo‘l qurilishida minglab odamlar ishlaydi, yuzlab korxonalar ish bilan band bo‘ladi. Asosiysi esa yo‘l yaxshilanishi mamlakat infratuzilmasiga ijobiy ta'sir qiladi.

Albatta, bunday katta dastur ilm-fanni cheklab o‘tishi mumkin emasdi. Rejaga ko‘ra, maktab va kollejlarga soliq imtiyozi taqdim etish uchun davlat budjetidan 85,2 milliard dollar ajratiladi: «AQSh maktablaridagi o‘quvchi ertaga dunyodagi istalgan ishchi bilan raqobat qila oladigan darajada bilim olishi kerak», deydi bu haqda Obama.

Ishsizlarga yangi ish o‘rganish uchun bepul kurslar tashkil etiladi. Ipoteka kreditiga uy olganlarga ularning qarzlari sotib olingan holda uylarini saqlab qolish imkoni beriladi. Buning uchun 28,4 milliard dollar sarflanadi.

Ushbu reja e'lon qilinganidan so‘ng Obamaning reytingi keskin oshib ketadi. Notiqlikni qoyillatadigan Obama xalqini katta o‘zgarishlar zarur ekaniga ishontira oladi. Uni nafaqat demokratlar, balki respublikachi va partiyasizlar ham qo‘llay boshlaydi.

Keling, Obama taklif qilgan va senat tasdiqlagan 11 yil oldingi ulkan rejada pul qanday taqsimlanganini raqamlarda ko‘rib chiqsak.

Ijtimoiy soha

  • Boshlang‘ich maktab va oliygohlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilishga — 20 milliard dollar;
  • O‘qituvchilarni qayta tayyorlash, sinfxonalarda kompyuter va laboratoriya xonalari tashkil etishga — 1 milliard dollar;
  • Talabalarning stipendiyasini 500 dollarga oshirishga —15,6 milliard dollar;
  • Kollejlardagi ishlayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlashga — 490 million dollar;
  • Nogiron bolalar uchun grantlarga — 13 milliard dollar;
  • Tibbiyotni kompyuterlashtirishga — 20 milliard dollar;
  • Yuqumli kasalliklarni profilaktika qilish, vaksinatsiyaga — 3 milliard dollar;
  • Tibbiy izlanishlarga — 1 milliard dollar;
  • Klinikalarni yangilashga — 1 milliard dollar;
  • Sug‘urtalanmagan amerikalarlarga tibbiy yordamga — 500 million dollar;
  • Yoshlarga yozda 1 million ish o‘rni yaratishga — 1,2 milliard dollar;
  • Iqtisodiy sektorda yoshlar uchun ish dasturlari yaratishga — 2,8 milliard dollar;
  • Nogironlarga yordam berish va ularga ish topishda ko‘maklashish — 500 million dollar;
  • Ishsizlarga ish topishda yordam berishga — 500 million dollar;
  • Daromadi kam bo‘lgan katta yoshlilarga ish topishga — 120 million dollar;
  • Ishsizlikning oldini oladigan dasturlarga imtiyozlar sifatida — 27 milliard dollar;
  • Ishsizlik nafaqasini 300 dollardan 400 dollarga oshirish uchun — 9 milliard dollar.

Iqtisodiyot va ishlab chiqarish

  • Energiya tarmoqlarini modernizatsiya qilishga — 11 milliard dollar;
  • Turar joylarni energiya tejamkor holatga keltirib ta'mirlashga — 2,5 milliard dollar;
  • Temir yo‘llar tizimini yaxshilashga — 1 milliard dollar;
  • Avtobuslar sotib olishga — 6 milliard dollar;
  • Kanalizatsiya tizimini yaxshilashga — 1,5 milliard dollar;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqotlarga — 29 million dollar;
  • Yo‘l va ko‘priklar qurishga — 30 milliard dollar.

Biznes

  • Mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy akkumulyator xarid qilishda qo‘llashga — 2 milliard dollar;
  • Eski mashinalarni yangisiga almashtirishda ishlab chiqaruvchilarga yordam berishga — 600 million dollar;
  • Internetga simsiz ulanishni rag‘batlantirishga — 6 milliard dollar;
  • Kichik biznesga kredit kafolatlashga — 430 million dollar;
  • Yopiq ishlab chiqarish va harbiy obektlarni foydalanish uchun berishga — 400 million dollar.

Boshqa sohalar

  • Boquvchisiz bolalarni ovqat va transport bilan ta'minlashga — 66 million dollar;
  • Ota-onasi bilan ishlaydigan bolalarga yordam berishga — 2 milliard dollar;
  • Kam ta'minlanganlarga yordam berishga — 24,2 milliard dollar;
  • Yoshi kattalar uchun harakatlanuvchi oshxonalar tashkil qilishga — 200 million dollar;
  • Maktab o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta'minlashga — 726 million dollar;
  • Kam ta'minlanganlarga elektr energiya uchun to‘lovlarda yordam berishga — 1 milliard dollar.

Ko‘rib turganingizdek, Obama taklif qilgan reja butun mamlakatni qamrab oladi. Bu reja natijasida 3,2 millionta ish o‘rni yaratilishi taxmin qilinadi. Obama o‘ta qiyin pallada o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan, davlat pullarini yig‘ib o‘tirishdan, AQSh dunyodagi eng boy davlat ekanini quruq ta'kidlayverishdan foyda yo‘qligini, pullarni o‘rnida sarflamasa, ular yo‘qolib ketishini xalqqa tushuntira olgandi.

787 milliard dollar biz uchun juda katta pul bo‘lib ko‘rinishi mumkin, aslida yillik YaIM hajmi 21 trillion dollar bo‘lgan AQSh uchun ham bu katta pul, ammo dunyodagi eng katta davlatning 10 yillik «iqtisodni tiriltirish» rejasi uchun bu arzirli pul. Obama buncha pulni shunchaki havoga uchirishni emas, butun mamlakatni qamragan chuqur islohotlarga ishlatish kerakligini aytadi. Natijada, AQSh yana o‘z o‘zaniga tushib olgan holda yo‘lida davom etmoqda. 11 yil avval ham, bugun ham odamlar bu mamlakatga borishni, «Ozodlik» haykalini bir marta bo‘lsa-da ko‘rishni orzu qilishadi...

Mavzuga oid