Jamiyat | 08:17 / 23.02.2020
8473
5 daqiqa o‘qiladi

Kiroyi yo‘llar qanday qurilishi kerak? - Ekologik partiya vakilidan taklif

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega shahar va qishloqlardagi avtoyo‘llarimiz xorijdagi singari oynadek tekis emas? Chunki yo‘lsozlarlarimiz qator yillardan buyon yo‘l qurilishida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelishmoqda ekan.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Uychi tumani partiya tashkiloti kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi B.Otaxonov tomonidan bildirilgan takliflar yo‘l qurilishidan keyingi nosozliklarni bartaraf etish yo‘lida dasturilamal bo‘lsa ajab emas.

Faqat uni parlament darajasida o‘rganib, tegishli qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar qo‘shish talab etiladi.

Quyida mutaxassisning bildirgan takliflari bilan tanishing:

«Yo‘llar qaysi toifali yo‘l bo‘lishidan qat'i nazar, bu yo‘llardan avtomexanizmlar (avtomobillar, traktorlar va boshqalar) harakatlanadi.

Agar katta mablag‘ sarflab qurilgan yo‘llar ayrim sabablarga ko‘ra ko‘p o‘tmasdan o‘yilib ketsa yoki cho‘ka boshlasa — uni qayta ta'mirlash uchun yana mablag‘ talab etiladi. Demak, biz yo‘llar buzilishiga sabab bo‘layotgan o‘sha omillarni bartaraf etishimiz kerak.

Yo‘l qurilishida belgilangan standart va me'yorlarga amal qilmaslik ham bor, albatta. Lekin tan olish kerak, aksariyat holatlarda yo‘llar buzilishiga uning ostidagi bo‘sh qatlam sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, bu bo‘sh qatlam qayerdan paydo bo‘ladi o‘zi?

90-95 foiz holatlarda bo‘sh qatlamlarni o‘zimiz hosil qilyapmiz. Yo‘lning o‘zidan va yo‘l chetidan o‘tishi lozim bo‘lgan kommunikatsiya (suv, gaz, kanalizatsiya va boshqalar) tarmoqlarining loyihalari xato tuzilmoqda.

«Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonundagi me'yor va standartlarda ayrim nomukammalliklar borligi sababli, ana shunday xato loyihalar davlat ekspertizasidan o‘tib ketmoqda. Natijada, kommunikatsiya tarmoqlariga alohida yo‘laklar va yo‘lni kesib o‘tish yo‘laklari ko‘rsatilmasdan, ajratilmasdan, ular yo‘lning qatnov qismi ostida joylashib qolmoqda.

Shu kunlarda shaharlar va qishloqlarda eski turarjoylar va noturar joylar buzilib, yo‘llarni kengaytirilib, yangidan qurilmoqda. Afsuski, davlatning milliardlab mablag‘i sarflanayotgan bu yangi yo‘llarning loyihasida ham kommunikatsiya tarmoqlariga alohida yo‘laklar va yo‘lni kesib o‘tish yo‘laklari ajratilmasdan, ularni yo‘lning qatnov qismi ostiga joylashtirishda davom etishmoqda.

Bu kommunikatsiya tarmoqlari uchun kavlangan chuqurlarni ko‘mib, 100 foiz zichlashning iloji yo‘q. Sababi — bu kommunikatsiya tarmog‘iga aholi ingichka quvurlar orqali ulangani sababli, yuqori bosim va yuqori tebranish berib, zichlashga harakat qilinsa, ulangan joylar (uzellar) uzilib ketadi va yanada ko‘proq tashvish keltirib chiqaradi.

Yo‘l bitkazilgandan keyingi kommunikatsiya tarmoqlariga aholining ulanishlari ham yo‘llarning qatnov qismi ostida yanada ko‘proq bo‘sh qatlam hosil qiladi. Natijada, yo‘llar tez buzilib ketmoqda. Milliardlab mablag‘ behuda sovurilishiga, atrof-muhitga chang-to‘zon ko‘tarilishiga, ekologiya buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Chang esa, ma'lumki, odamlarning organizmiga, sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Bunday holatlarga chek qo‘yish fursati yetdi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli moddalariga va avtomobil yo‘llarini loyihalash sohasidagi normalar va standartlarga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritish lozim, deb o‘ylayman:

  • avtomobil yo‘lining necha polosali bo‘lishidan kelib chiqib, yo‘l o‘rtasidagi barer hamda yo‘l polosalari va veloyo‘laklar, keyin ikki chetga ariq (lotok), so‘ngra kommunikatsiya tarmoqlariga alohida yo‘laklar, undan keyin soya-salqin beradigan daraxtlar ekishga va ko‘kalamzorlashtirish, so‘ngra keyin piyodalar yo‘lkasi (trotuar) uchun ma'lum bir kenglikda joy ajratish me'yorlarining majburiy tartibini joriy etish;
  • Kommunikatsiya tarmoqlarini yo‘llarning qatnov qismi ostidan o‘tkazishga majbur bo‘linganda yoki yo‘lning u betidan bu betiga kesib o‘tadigan kommunikatsiya tarmoqlarini alohida temirbeton tunnellar orqali olib o‘tish bo‘yicha aniq majburiy tartibni joriy etish;

Ushbu sanab o‘tilgan talab va me'yorlarga amal qilinmagan loyihalar davlat ekspertizasida noqonuniy deb baholanishi zarur».

Mavzuga oid