O‘zbekiston | 21:20 / 23.02.2020
27068
15 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning Turkiyaga safari, koronavirusning yangi o‘choqlari, Yaqin Sharqdagi keskinlik va haftaning boshqa xabarlari

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaga safari davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, O‘zbekistonda turk universitetlari va turk tibbiyot muassasalari filiallarini, shuningdek, turk investitsiyasi asosidagi korxonalar ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Koronavirusdan zararlanish tempi Xitoyda pasaydi, lekin Janubiy Koreya va kutilmaganda Italiyada virusdan zararlanganlar soni oshib ketdi. Suriyada esa harbiy harakatlar avjiga chiqmoqda, Turkiya va Rossiya o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y berish ehtimoli yo‘q emas. 

Yakunlanayotgan hafta ham barcha haftalarda bo‘lganidek muhim jarayonlarga boy bo‘ldi, jahonning turli nuqtalarida ham, O‘zbekistonda ham e'tiborga molik voqealar bo‘lib o‘tdi. Kun.uz o‘tgan haftaning eng asosiy va diqqat markazida turgan mavzulari bo‘yicha haftalik dayjestni taqdim etadi.

Turkiyaga safar

19-20 fevral kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Tashrif doirasida prezident Turkiya ishbilarmon doiralari va kompaniya vakillari bilan uchrashdi, uchrashuvda kelgusidagi loyihalar muhokama qilindi, O‘zbekistonda turk universitetlari filiali, yangi klinikalar va boshqa yo‘nalishlar uchun investitsiyalar. Turkiyaning yirik investorlari O‘zbekistonga kirib kelishi bo‘yicha rejalar belgilab olindi.

  • Turkiya savdo palatalari va birjalari uyushmasi prezidenti Rifat Xisarchiklio‘g‘lining aytishicha, 19 fevral kuni imzolangan bitim bo‘yicha yaqin orada O‘zbekistonda Turkiya universiteti filiali ochiladi.
  • Surxondaryo viloyatida avvalroq tibbiy klinika tashkil qilgan Turkiyaning «Kanimed Sag‘liq Cho‘zumleri» kompaniyasi endilikda Urganch va Termiz shaharlarida zamonaviy tipdagi tug‘ruqxonalar ochishi kutilmoqda. Bu borada kompaniya boshqaruv kengashi raisi Filiz Marashio‘g‘li O‘zbekiston prezidentidan klinikalar ochish uchun yer maydoni, davlat va xususiy sektor sherikchiligi borasida qonunchilikning takomillashtirilishini so‘rab murojaat qildi.
  • «Dunyagoz» kompaniyasi bosh direktori Eray Kapichio‘g‘lining ko‘z kasalliklari klinikasining filialini ochish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib boriladi.
  • «Bahchishehir» universiteti asoschisi va raisi Anvar Yujyel ham O‘zbekistonda o‘z universitetini ochish istagini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda «Bahchishehir» universiteti dunyoning 7ta davlatida, jumladan, Istanbul, Berlin, Vashington, Gruziya va Kiprda filiallariga ega. Prezident ushbu masalaga tegishli yechim topishni O‘zbekistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher A'zamxo‘jayevga topshiriq qilib berdi. O‘zbekistonda Anvar Yujyel bilan hamkorlik qilishni istovchi tadbirkorlar ko‘pligi ham qo‘shimcha qilindi.
  • Turkiyaning mis, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin qazib chiqarish bilan shug‘ullanuvchi «Eczacıbaşı group» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Bulent Ekzachibashi kompaniya O‘zbekistonga investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirkorning O‘zbekistonda biznes boshlashi uchun kerakli sharoitlar yaratib berilishini ma'lum qildi va bu masala bo‘yicha o‘z maslahatchisi Ravshan G‘ulomovga kerakli topshiriqlar berilganini aytdi.

«Toshkentga borganingizdan keyin hech qanday byurokratiyalarsiz ish boshlashingiz mumkin», dedi prezident.

Bundan tashqari, Turkiyaning «Ronesans Holding» kompaniyasi Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga 4,1 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritadi. Shuningdek, «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga 630 million yevro ajratish, shifoxonalar va savdo markazlari qurish bo‘yicha qariyb 3 milliard dollarlik yangi loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishilgan.

Mahalla vazirligidagi tayinlovlar

Prezidentning 18 fevral kungi «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Yakunlangan hafta davomida vazirlik rahbari va uning o‘rinbosarlari kimlar bo‘lishi aniq bo‘ldi:

  • Vazir — Rahmat Mamatov, muqaddam «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi;
  • Vazirning birinchi o‘rinbosari — Elmira Bositxonova, muqaddam Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi;
  • Vazir o‘rinbosari — Sodiqjon Turdiyev, muqaddam «Nuroniy» jamg‘armasi raisi;
  • Vazir o‘rinbosari — Botir Parpiyev, muqaddam «Mahalla» kengashi raisi o‘rinbosari;
  • Vazir o‘rinbosari — Azizbek Ikromov, u bir paytda Ichki ishlar vazirining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ham faoliyatini davom ettiradi.

Bundan tashqari, respublikaning barcha hududlarida viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i va boshliq o‘rinbosarlari tayinlandi. Boshqarma boshlig‘i viloyat hokimi o‘rinbosari ham hisoblanadi.

Foto: Yuksalish harakati

E'tiborli jihati, ular orasida ichki ishlar sohasi vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi.

AQShda prezidentlik poygasi

Trampga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan nomzodlar Sanders, Buttidjich, Uorren va Bayden

AQSh prezidentligi saylovlarida navbatdagi praymerizlar boshlanishi arafasida Amerika razvedkasi vakili Kongress Vakillar palatasining razvedka bo‘yicha qo‘mitasiga Rossiya Donald Trampga qayta saylanishi uchun ko‘mak ko‘rsatishga harakat qilayotgani to‘g‘risida ma'lumot yetkazdi. 

New York Times nashrining anonim manbasi ma'lumotiga ko‘ra, bu haqda o‘tgan haftada qo‘mitada o‘tkazilgan yashirin brifingda ma'lum qilingan. Ma'lum bo‘lishicha, bu brifingdan xabar topganidan keyin Tramp jahl otiga mingan va AQSh milliy razvedka boshqarmasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jozef Maguayrni lavozimga tasdiqlamagan. Ko‘p o‘tmay Tramp AQSh milliy razvedka boshqarmasi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga Richard Grenellni tayinlagani ma'lum bo‘ldi. U bunga qadar AQShning Germaniyadagi elchisi bo‘lgan va razvedka sohasida tajribaga ega emas, ammo u o‘zini sodiq trampchi sifatida namoyon etadi.

Shu vaqtda Trampning boshqa bir safdoshi Rojyer Stoun 2016 yil Rossiyaning AQShdagi saylovlarga aralashuvi bo‘yicha bergan guvohligida yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun 40 oyga qamaldi. Stoun Moskva bilan bog‘liq ishda yolg‘on guvohlik berishda ayblangan Trampning oltinchi yaqin odami bo‘ldi.

Julian Assanjning advokati esa AQSh prezidenti Donald Tramp Wikileaks asoschisiga 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bo‘yicha ma'lumotni rad etish evaziga afv va'da qilgani haqida gapirdi.

Uning aytishicha, Trampning bu taklifini Assanjga respublikachi kongressmen, ko‘plab masalalarda Rossiya tarafdori bo‘lgan Dana Rorabaxer tomonidan yetkazilgan. U Assanj bilan 2017 yil yozida Ekvadorning Londondagi elchixonasida uchrashgan.

Rossiya demokratlarning yozishmalariga aralashuvini tan olmaydi, ammo 2018 yilda Rossiya razvedkasining AQShdagi bir qancha xodimlariga ayblov e'lon qilindi.

Rorabaxerning o‘zi Oq uy topshirig‘i bo‘yicha emas, o‘z tashabbusi bilan harakatlanganini aytgan.

22 fevral kuni Nevadada kokuslar bo‘lib o‘tdi. Hisob bo‘yicha uchinchi praymerizda ham Berni Sanders yetakchilik qildi - u qariyb 50 foiz olgan, ikkinchi o‘rinni sobiq vitse-prezident Jo Bayden egallagan.

Endi 29 fevral kuni Janubiy Karolinada praymeriz bo‘lib o‘tadi.

3 mart kuniga esa «superseshanba» belgilangan, shu kuni mamlakatning 14ta shtatida (jumladan, eng ko‘p delegatlar ovozini yutish mumkin bo‘lgan Kaliforniya va Texasda ham) saylov bo‘lib o‘tadi.

Koronavirus jahonga yoyilmoqda

Foto: Reuters

Yakunlanayotgan haftada Janubiy Koreya koronavirus tarqalishining yangi o‘chog‘iga aylandi. Ayni vaqtda bu mamlakatda 600dan ortiq kishida yangi virus aniqlangan, 5 kishi halok bo‘lgan.

Yakunlanayotgan hafta boshida ham Janubiy Koreyada yangi virus bilan xastalanganlar soni 30 kishidan kamroq edi, ammo payshanba kuni ularning soni 100 kishiga yetdi, juma kuni esa 200 kishidan oshib ketdi. Poytaxt Seuldan 300 kilometr masofada joylashgan va 2,4 million aholi istiqomat qiladigan Tegu shahri COVID-19 koronavirusining bosh o‘chog‘iga aylangan.

Shuningdek, kutilmaganda Italiyada yuzdan ortiq kishi koronavirus yuqtirib oldi, ikki kishi virus qurboni bo‘ldi.

Koronavirus Italiyaning jami beshta viloyatida qayd etilgan. Kasallanish holati mamlakatning beshta viloyatida kuzatilgan. Venetoda 17 nafar, Emiliya-Romane va Latsioda ikki nafar, Pemontda bir nafar odam koronavirusga yo‘liqqan. Butun mamlakatda koronavirus yuqtirib olganlar soni 132 nafarga yetgan, ularning 26 nafari og‘ir ahvolda. 

Mamlakatda turli sport tadbirlari, jumladan, Italiya A Seriyasi o‘yinlari qoldirilgan. 

Italiyada koronavirusning tarqalishi modeler Jorjo Armanining (Armani kompaniyasi asoschisi) Milanda o‘tadigan moda haftaligi yopiq eshiklar ortida tomoshabinlarsiz o‘tadigan bo‘ldi. Vogue moda uyi axborot xizmati namoyishlarning «Armani.com» va brendning Facebook hamda Instagram’dagi sahifalarida translatsiya qilinishini ma'lum qilgan. 23 fevral, yakshanba kuniga 8 ta moda uyining namoyishi, jumladan, Dolce & Gabbana taqdimoti ham o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, ammo ularning o‘tish yoki o‘tmasligi tasdiqlanmagan. AP nashri Italiyadagi moda uylarining aksar qismi COVID-19 yangi pnevmoniyasi ushbu biznesga jiddiy zarar keltirishi mumkinligidan xavotirda, sababi Yevropa Ittifoqiga keluvchi xitoylik sayyohlar moda brendlari savdosining chorak qismini xarid qiladi. Italiya moda palatasi (CNMI) 2020 yil birinchi yarim yilligidagi daromad foizga pastlashini taxmin qilgan.

Koronavirus 2019 yil dekabr oxirlarida Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida tarqala boshlagan. Koronavirus Xitoyning materikli qismidan tashqarida jami 28 mamlakatda kuzatilgan: AQSh, Rossiya, Italiya, Fransiya, Isroil, Eron, Misr, Ispaniya, Tayvan, Yaponiya va boshqalar. 23 fevral holatiga ko‘ra, butun dunyoda jami 78 724 nafar odam koronavirusga chalingan, ularning 2,4 ming nafardan ko‘prog‘i ushbu kasallikdan vafot etgan. Kasallanish holatlarining 1800tasi, o‘lim holatlarining 20tasi Xitoyning materik qismidan tashqarida qayd etilgan.

JSST esa epidemiya Afrikaning qashshoq davlatlari bo‘ylab yoyilishidan tashvishga tushmoqda.

Suriyadagi eskalatsiya

Turkiya minglab turk harbiylarini Suriya shimoliga tashlagan
Aref Tammawi / AFP / Scanpix / LETA

20 fevral kuni ham Turkiya Idlibda ikki nafar harbiysi halok bo‘lganini ma'lum qildi va bu bilan turklarning Suriyada shu oydagi qurbonlari soni 15 nafarga yetdi. Bundan biroz avvalroq Rossiyaning Suriyadagi dushman tomonlarni yarashtirish markazi Su-24 bombardimonchilari guruhi Idlibdagi ayirmachi kuchlar pozitsiyalariga zarba bergani haqida ma'lumot tarqatgandi. Xabarda muxolifat kuchlari turk artilleriyasi ko‘magida Suriya armiyasining Idlibdagi marralarini yorib o‘tishga harakat qilgani aytiladi. Turkiyadagi nashrlarda aytilishicha, turk harbiylari Idlibdagi muxolifat kuchlarini nafaqat artilleriya orqali, balki maxsus topshiriqli jangchilar bo‘linmalari va tanklar yordamida ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an turk armiyasining Suriya hukumatiga qarshi amaliyoti «muqarrar» ekanini aytdi.

«Idlibda harbiy amaliyot boshlanishi - vaqt masalasi», - dedi Erdo‘g‘an va Suriya hukumatiga so‘nggi ogohlantirish berilayotganini ta'kidladi.

Shu bilan bir vaqtda, Anqara Moskva bilan munosabatlarda o‘zini tiyib turibdi.

Rossiya suriyalik harbiylarni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan.

Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Idlibdagi harbiy kuchlarni tarqatib yuborish va og‘ir qurollarni deeskalatsiya zonasidan olib ketish shartlarini ta'minlamagan hamda Suriyadagi jangari guruhlarga «doimiy ravishda harbiy anjomlar, o‘q-dorilar va harbiy texnika» yetkazib berilmoqda.

Rossiya va Turkiya aynan nima istamoqda?
Rossiya va Turkiya 2018 yil sentyabrida tuzilgan Sochi kelishuviga amal qilinishini talab qilmoqda. Unga ko‘ra, Idlib anklavida quyidagi shartlar asosida sulh tuzilgan:

  • Rossiya va Eron Suriya prezidenti Bashar Asadning ittifoqchisi sifatida Suriya harbiylari Idlibdagi anklavga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik.
  • Turkiya Asad muxolifatining bir qismiga ittifoqchi sifatida bu guruhlarni front chizig‘idan 20 kilometr ichkariga olib ketish va «mo‘'tadil muxolifatchilar»ni «Al-Qoida»ga yaqin bo‘lgan terrorchi guruhlardan ajratish.
  • Chegara hududida turklarning, rossiyaliklarning va eronliklarning kuzatuv postlari o‘rnatilgan — ularning har biriga bir necha o‘nlab harbiylar joylashtirilgan.
  • Bundan tashqari, anklavdagi muxolifat Idlib hududidan o‘tgan ikkita asosiy trassada: M5 Damashq — Halab va M4 Lataqiya — Halab shosselarida harakat xavfsizligini (shu jumladan, hukumatga qarashli transport vositalari harakati) ta'minlashi kerak bo‘lgan.

Kelishuv shartlari Turkiya tomonidan bajarilmagan; Suriya va Rossiya ham bir necha marta kelishuvni buzgan.

Mavzuga oid