O‘zbekiston | 15:25 / 28.02.2020
79535
5 daqiqa o‘qiladi

«Dunyodagi vaziyat kasallik yurtimizga kirib kelish xavfini oshirmoqda» - Vazirlik aholini ogohlikka chaqirdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakat aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta'minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda. Vazirlik aholini koronavirusdan xavotirga tushmasdan, ogoh bo‘lishga chaqirdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bugun, 28 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berildi.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, virus boshqa mamlakatlarda Xitoyning o‘ziga qaraganda tezroq tarqalmoqda. So‘nggi bir kun ichida Italiyada kasallanganlar soni uch barobarga ko‘paydi va hozirgi kunda 650 nafardan oshdi. Saudiya Arabistoni rasmiylari ehtiyot chorasi sifatida ziyoratchilarning mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlab qo‘ydi.

COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha yuzaga kelgan bunday noxush vaziyat mazkur kasallikning yurtimizga chetdan kirib kelish xavfini oshirmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmoyishi qabul qilinib, tizimli choralar amalga oshirilmoqda», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Anjumanda ayni paytda mamlakatga yuqumli kasalliklar, jumladan, COVID-19 infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida 53ta sanitariya-karantin punktlari xalqaro talab va mezonlar asosida faoliyat ko‘rsatayotgani qayd etib o‘tilgan.

Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas'ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. O‘zbekistonga koronavirusni aniqlash bo‘yicha zamonaviy test-sistemalari, shuningdek, tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari, tibbiy texnika va tibbiy buyumlar zahirasi yaratilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

«Lekin bu xotirjam bo‘lishga asos bo‘la olmaydi. Shuning uchun ham kecha dastlab Sog‘liqni saqlash vazirligida, so‘ng Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir rahbarligida «Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi»ning navbatdagi yig‘ilishida ham bu borada kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalar belgilab berildi.

Mamlakatimizdagi barcha havo va temir yo‘llarida tashkil qilingan sanitariya-karantin punktlari, hududlarda tuzilgan shtablar faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish, mehmonxonalar va korxonalar, mahalla, ichki ishlar organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularga davlat tomonidan qo‘yilayotgan talab, tavsiyalarni o‘z vaqtida yetkazish, tibbiy-patronaj xizmatini yanada yaxshilash, maktabgacha ta'lim, o‘rta maktab, oliy o‘quv yurtlari va jamoat joylarida sanitariya talablariga rioya qilish yuzasidan mas'ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bundan tashqari, epidemiya keng tarqalgan mamlakatlardan kelgan har bir fuqaroni to‘liq 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olish, birlamchi tibbiyot muassasalarining vrach va patronaj hamshiralari tomonidan gripp, O‘RI va o‘tkir pnevmoniya kasalliklarini erta aniqlash ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha vazifalar yana bir bor qat'iy ko‘rsatib o‘tildi. 

Shu bilan birga, xorijdan kelgan fuqarolar orasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanganda, ularning barchasini koronavirus kasalligiga maxsus laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazishga, shuningdek, kasallik tarqalishining oldini olish va izolyatsiya qilish maqsadida, oilaviy poliklinika shifokorlari tomonidan harorati yuqori bo‘lgan bemorlarga uyida tibbiy yordam ko‘rsatilishiga alohida e'tibor qaratilishi ta'kidlab o‘tildi.

Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari aholini koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyatdan xavotirga tushmasdan, ogoh bo‘lishlarini, jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilishlari lozimligini ta'kidlab o‘tishdi.

  • 28 fevral kungi ma'lumotlarga ko‘ra, COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalgan davlatlar soni 52taga yetdi. Butun dunyo bo‘ylab ushbu koronavirusni yuqtirganlar soni 83 ming kishiga yetgan, virus qurbonlari soni 2858 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid