O‘zbekiston | 17:42 / 28.02.2020
15444
4 daqiqa o‘qiladi

«Prezident ayollarni hokimlikka tasdiqlayman deb turganda, biz ularni zo‘ravonlikdan asrolmayapmiz» − Norboyeva

Senat raisi Tanzila Norboyeva ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni ko‘zda tutuvchi himoya orderi berish tizimi talab darajasida ishlamayotganini tanqid qildi

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latovning ma'lum qilishicha, hozirga qadar 9 nafar ayol himoya orderi so‘rab murojaat qilgan, bu murojaatlarning barchasi qoniqtirilgan.

“Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik darajasi bilan taqqoslaganda himoya orderi so‘rash holatlari, albatta, kam. Chunki ayollarimiz turmush o‘rtog‘iga nisbatan cheklovlardan turmushim battar bo‘ladi, deb ariza yozmaslik hollari bo‘lyapti. Himoya orderi ayolning murojaati asosidagina beriladi, o‘zimiz bera olmaymiz”, deydi Toshpo‘latov Senatning ikkinchi yalpi majlisida taqdim etgan hisobotida.

Tanzila Norboyeva himoya orderi tizimining yaxshi ishlamayotganiga sabab sifatida targ‘ibot ishlarining yo‘qligini ta'kidlab o‘tdi.

“Ayollar nega himoya orderi so‘rab murojaat qilmayapti? Chunki ular bu orderning mavjudligi haqida bilmaydi. Davlat rahbari o‘z joniga qasd qilish hollari haqida kuyinib gapiryaptilar. Mana shu order tizimi orqali balki ayollarning hayotini saqlab qolish mumkin bo‘lar. 

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qancha nodavlat-notijorat tashkilotlari bor. Targ‘ibot uchun ularni jalb qilmayapsizlar. Mamlakatda zo‘ravonlik bor, o‘z joniga qasd qilish bor, tan olish kerak. Buni yo‘q qilish siz va yangi vazirlikning (Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi nazarda tutilmoqda – tahr.) ishi”, dedi Norboyeva Ichki ishlar vazirligi vakiliga qarata.

Shuningdek, Senat raisi himoya orderi tizimning yaxshi ishlamayotganiga qonun ijrosining kechiktirilgani, profilaktika inspektorlarining bu borada ma'lumotga ega emasligi sababligini qayd etib o‘tdi.

“Profilaktika inspektori himoya orderi nima ekanligini biladimi? Ishonchim komilki, ularning aksariyati bu haqida ma'lumotga ega emas. Ularning hammasini bu bo‘yicha o‘qitish kerak.

Tizim ishlamayotganining sababi, himoya orderi berish jarayoni uning qonuniy asosi yaratilganidan yarim yil o‘tib boshlandi. Ichki ishlar vazirligi ijroni kechiktirib, qonunning ishlamasligiga sabab bo‘ldi”, deya ta'kidladi Tanzila Norboyeva.

“Ayol bu davlatda himoyalanganligini, uning hayotiga hech kim xavf solishi mumkin emasligini bilishi kerak. Davlat rahbari yana ikkita ayolni hokimlik lavozimiga tasdiqlayman deb turgan bir payt. Ammo biz ayollarimizni zo‘ravonlikdan himoya qila olmayapmiz”, deya qo‘shimcha qildi Senat raisi.

Ma'lumot uchun, himoya orderi — tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan ta'sir ko‘rsatish choralari qo‘llanilishiga sabab bo‘ladigan hujjat hisoblanadi.

Himoya orderi berish tartibi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan. Ushbu qonun  2019 yil sentyabr oyida qabul qilingan bo‘lib, uni ijro etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori 2020 yil 4 yanvar kuni chiqqan.

Mavzuga oid