O‘zbekiston | 11:30 / 29.02.2020
25163
20 daqiqa o‘qiladi

Olimlarga yetib kelmayotgan pullar, maxfiy ma'lumotlar va oqsayotgan ta'lim - geolog Nosir Shukurov bilan suhbat

Habib Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti katta ilmiy xodimi, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi, geolog olim Nosir Shukurov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda geologiya fani oldida turgan vazifalar haqida aytib o‘tdi.

Nosir Shukurov/Foto: KUN.UZ

Suhbat davomida olim geologiyada ilmiy tadqiqotlar oqsagani sabablari, oliy ta'limda geologiya bo‘yicha mutaxassislar va yosh olimlar tayyorlash sifatini gapirib, shuningdek geologiya kelajagi borasida o‘z takliflarini bildirib o‘tdi.

«Mablag‘ yo‘qligi hisobiga geologiyaning ilm-fan sohasi rivojlanmay qoldi»

– Mablag‘ yo‘qligi hisobiga geologiyaning fan sohasi rivojlanmay qoldi, ayniqsa, fundamental tadqiqotlar. Innovatsion va amaliy tadqiqotlar ko‘payib boryapti, chunki bu zamon talabi, ammo olim afsuski, grant va xo‘jalik shartnomalari hisobiga oylik olishga majbur.

Fikrni bir joyga jamlab, kitob varaqlab, nazariyalarni ko‘rib chiqib, ilmiy analiz qiladigan olimlar kamayib ketgan. Chunki geologiya sohasida faoliyat yurituvchi olimlar uchun bazaviy moliyalashtirish mexanizmi yo‘q. Senda loyiha bor, grant bor, demak – senda ish bor. Senda grant yo‘q, loyiha yo‘q – sen bo‘shsan. Bu olimni pul ketidan quvishga o‘rgatyapti.

Fundamental loyihalarning tanlovdan o‘tishi qiyin, yoshlar unga bormaydi, moliyaviy stimul yo‘q. Shunday bo‘lgandan keyin, kichik ishlanmalar qilishadi: mavjud strukturalarni o‘rganib, takomillashtiriladi, mavjud konlarni atrof qanotlarini kengaytirish bo‘yicha ish qilinadi.

Yaqinda geolog olimlar va ishlab chiqaruvchilar ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Navoiy kon metallurgiya kombinati 15 mln dollar mablag‘ ajratamiz, Geoinnovatsiya markazi qurish va zamonaviy analitik asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun, deb e'lon qilishdi. Albatta, bu biz uchun juda quvonarli xabar bo‘ldi.

NKMK rahbari Quvondiq Sanaqulov bizda zamonaviy ilg‘or usullar va texnologiyalardan foydalangan holda yer qa'rini o‘rganish, geologiya fanining oxirgi yutuqlarini qo‘llagan holda foydali qazilma konlari genezisi va lokalizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha fundamental tadqiqotlar orqada qolib ketayoganini ta'kidlab o‘tdi.

Bizga aniq kon bor joylarni belgilab beringlar, biz mablag‘ sarflab o‘zlashtiraylik deyishdi. Geologiyada yerning yuza qismidagi ko‘pchilik konlarni qidirib, topib bo‘lishgan. Chuqur qismidagi konlarni topish uchun esa litosferaning quyi qatlamlaridagi strukturalarni o‘rganish bo‘yicha chuqur fundamental tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Bu eng katta muammolardan sanaladi.

Ishlab chiqarish tezligi oshgani sari zaxiralarning umumiy qiymati kamaymoqda. Davra suhbatida, shuningdek, ishlab chiqarishdan kelgan vakillar «Yaqin 5-10 yilgacha zahiramiz bor, keyin nima qilamiz? Bizga bu muammolarni hal qilishda yordamingiz kerak. Bizga 5-10 yillik katta loyihala qilib beringlar. Muruntovga, Qalmaqirga o‘xshagan konlar topilsa, xarajat o‘zini oqlaydi», deyishyapti.

Bir narsani e'tiborga olish kerakki, bu konlar o‘z-o‘zidan topilib qolmagan, orqasida qancha-qancha tadqiqotlar yotibdi. Yangi konlar topilishi, geologiyaning rivojlanishi uchun yuqorida aytganimdek vaqt, mablag‘, sharoit talab qilinadi.

Geologiya sohasida olib borilayotgan fundamental ilmiy tadqiqotlarning oqsagani sabablaridan biri – yirik-yirik kombinatlar, konlarimiz bor, lekin ularni ochgan olimga yoki institutga topilgan foydali qazilma konidan olingan foydadan divident, ya'ni ma'lum miqdorda fan uchun mablag‘ to‘lanmaydi.

Boshqa sohalar, masalan, olimlar kimyo korxonalari uchun amaliy ishlanma qilib patentlaydi va shundan ularga divident kelib turadi.

Foydali qazilma konlaridan olinayotgan foydaning ma'lum qismini geologiya fani sohasiga ajratilganida, hozir shu holatga tushilmasdi. Olim kon topgani bilan unga rag‘bat bildirilmasa, foydasi yo‘q.

«Geologiya uchun ko‘p pul ajratganmiz, olimlar qayoqqa qarayapti, deyilyapti. Lekin bu pullar olimga yetib kelmaydi...»

– Institutimiz Fanlar akademiyasidan Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga o‘tkazilgandan keyin fundamental tadqiqotlar yanada qiyinlashdi. Bu yerda geologik qidiruv ishlari degan soha bor, geologiyaga ajratiladigan mablag‘ asosan shu yo‘nalishga sarflanadi. Prezidentimiz geologiyaga juda ko‘p pul ajratyapmiz, olimlar qayoqqa qaraydi, deyapti. Lekin bu pullar olimgacha yetib kelmaydi.

Biz olimlar geologiya qo‘mitasiga mablag‘ ajratishi to‘g‘risida ko‘p bora murojaat bilan chiqqanmiz. Geologlar bilan bir qancha vaqt oldin o‘tkazilgan selektorda ham nega kon topilmayapti, degan masala qo‘yilgandi. Shunda ham bizda ilm-fan qismi oqsayapti deyishgandi.

Lekin vaqtida: «Chuqur geologik tadqiqotlar bizga kerak emas, 4-5 yilda natija beradigan loyihalar qilinglar», deyishgan. Shuning uchun ham keyinroq bizning institutimiz yo‘nalishi biroz o‘zgardi.

Ikkita eng asosiy vazifalaridan biri – litosferaning chuqur qatlamlari tuzilishini o‘rganish. Konning asosiy qismi shu litosferada bo‘ladi. Aynan shu yo‘nalishdagi nazariyalar asosida konlar topilgan. Masalan, Muruntov va Qalmaqir o‘sha nazariyalar mevasi.

Fikrimcha, geologiya sohasidagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish mexanizmini yaratish kerak. Bu tadqiqotlarni geologik qidiruv ishlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirish imkonsiz. Asosiy sabab – bu mablag‘lar doirasida amalga oshiriladigan ishlar ishlab chiqarish xarakteriga ega.

Geologiya-qidiruv ishlari uchun ajratilgan pul fan uchun, aynan fundamental tadqiqotlar o‘tkazaman, degan olim uchun emas, afsuski. Georazvedka uchun alohida, ilmiy tadqiqotlar uchun alohida mablag‘ ajratish kerak.

Geologiya sohasiga ajratilayotgan budjet mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida ularni 2-ta maqsadli moliyalashtirishga bo‘lish: 1. An'anaviy geologik qidiruv va razvedka (GRR) ishlari uchun; 2. Geologiya sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni moliyalashtirishni «Ilmiy tadqiqot va ishlanmalarni rejalashtirish, moliyalashtirish va xarajatlarni hisobga olish bo‘yicha uslubiy yo‘riqnoma» asosida amalga oshirilishini ta'minlansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Fundamental tadqiqotlar o‘tkazish uchun tayyorlangan loyihalar tanlovini doimiy o‘tkazib borish va bu loyihalarning davomiyligini 5-10 yil muddatga belgilansa, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Bu bo‘yicha salohiyat bor deb hisoblayman.

5 yo 10 yillik muddat bilan loyihalar bersin, ilmga e'tibor muddatni talab qiladi. 10 yil desa, ko‘pchilik qo‘rqadi, go‘yoki bekorga pul sarflanayotganday ko‘rinadi. Aslida unday emas, ko‘r-ko‘rona har yerni kavlab tashlagandan ko‘ra ilmga pul tikib natijasini kutish kerak.

«Geologiya-qidiruv ishlari ilm-fan degani emas»

– Geologik qidiruv ishlari uchun berilayotgan pullar bekorga ketyapti, deb aytmayapman, ammo chuqur fundamental tadqikotlarsiz bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning samarasi kamroq bo‘lyapti, deb o‘ylayman.

O‘rganilayotgan hududda chuqur fundamental tadqiqotlar o‘tkazilgan taqdirdagina burg‘ulash va kanavalar qazish uchun sarflanadigan mablag‘lar ancha tejaladi. 700-1000 metrlik chuqurlikda burg‘ulash olib borishadi, buning uchun juda katta pul sarf qilinadi.

Ko‘pchilikda qotib qolgan bir tushuncha bor: geologiya-qidiruv ishlarini ilm-fan deb o‘ylashadi. Bu ham noto‘g‘ri. Bu aslida ishlab chiqarish. Chunki qidiruv ishlaridagi hisob-kitob va maosh pul sarflashga asoslangan. Ya'ni siz ma'lum miqdordagi summani sarflasangiz, shundan sizga maosh chiqariladi.

Kamroq ish hajmini (sarf-xarajatni) rasmiylashtirsangiz, maoshingiz ham shunga yarasha bo‘ladi. Siz ko‘proq pulni kitob varaqlaganingiz, ilmiy va nazariy tahlil qilganingiz uchun emas, necha kilometr marshrut o‘tganingiz, kanava qazdirganingiz, kimyoviy va mineralogik tahlillar qildirganingiz uchun olasiz.

Ya'ni ifodali qilib aytganda 100ta tahlil va 2ta kanava bilan yozsa bo‘ladigan hisobotingizni 1000ta tahlil 10ta kanava o‘tkazib yozishga majbursiz. Aks holda, kam pul sarflagan bo‘lasiz va maoshingiz ham shunga yarasha chiqadi.

«Abituriyentlar geologiyaga o‘zi qiziqib o‘qishga kirmaydi»

– Ta'limning oqsagani ham shunga borib taqaladi. Geologiyaga abituriyentlar o‘zi xohlab borib o‘qishga kirmaydi. Qandaydir imtiyozlar, harbiy kafedra borligi sabab hujjat topshirishadi. Aynan geolog bo‘laman deb boradiganlari juda ozchilikni tashkil qiladi.

1993 yili geokimyo yunalishida 70 yaqin talaba o‘qishni tugatgan. Shulardan atigi 7tasigina (shular ichida men ham) geologiya sohasida ishlab kelmoqda, qolganlari butunlay boshqa sohalarda ishlab ketishdi.

Garchi oliy ta'limda muntazam ishlamasam-da, doktoranturada o‘qigan vaqtim, bir muddat talabalarga dars berganman. Bir guruhdagi 20 nafar talabadan 6 kishi rostan ham geologiyaga qiziqardi. Qolgan salmoqli qismi u joyga diplom uchun kirgan: ba'zisi men baribir bu sohada ishlamayman, desa, ba'zisi organda ishlayman, deydi.

Geolog olimlar yaxshi pul topadigan bo‘lsa, sohaga ko‘proq mablag‘ ajratilsa, albatta geolog olimlar safi ko‘payadi. Negaki, nima uchun harbiy yoki organ sohasiga qiziqadi – sababi oylik maoshi yuqori. Maoshi boshqa kasblardan kam bo‘lmagan darajaga yetkazilsa, albatta ilm yuqorilaydi.

«Magistrlarni ilmiy faoliyatga bog‘laydigan tizim bo‘lishi kerak»

– Fikrimcha, magistraturada o‘qiydigan talaba ilmiy tekshirish institutida albatta ishlashi kerak. Unga beriladigan mavzu ham o‘zi ishlaydigan laboratoriyadan olinsa, yana ham yaxshi bo‘lardi.

Men Xitoy Fanlar akademiyasining Geologiya-geofizika institutiga borganimda talabalar ko‘pligini ko‘rib havas qilganman. Qiziqib ko‘rganimda aniqladimki, magistratura talabalari o‘z universitetlarida o‘qish bilan bir qatorda ilmiy ishlarini akademiya tizimidagi institutlarda qilishadi. Talabaning ilmiy rahbari esa universitetdan bo‘lishi shart emas, ilmiy tadqiqot institutidan bo‘lishi ham mumkin.

Bizda esa oliy ta'lim tizimida ishlamaydigan ilmiy tadqiqot instituti olimi ilmiy rahbar bo‘lish huquqiga ega emas. O‘zim ham magistrlarga rahbarlik qilish tizimi yo‘qligi sababli ko‘pchilik shogirdlarimga rasman ilmiy rahbar bo‘la olmaganman. Garchi ularning ilmga kirib kelishlariga asosiy sababchi bo‘lsam ham. Magistrantlarga ilmiy rahbarlik masalasi jiddiy ko‘rib chiqilishi kerak.

Ilmiy tekshirish institutlarida faoliyat yurituvchi olim-ustozlar va magistr-shogirdlarning rasmiylik darajasini aniqlashtirish – bu ham isloh qilinishi zarur jarayonlardan. Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida magistrlarni ilmiy faoliyatga bog‘laydigan tuzilma tashkil etishi mumkin, masalan. Ya'ni bu oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalarini magistrlar tayyorlashda o‘zaro hamkorligini ta'minlaydi.

Magistrlarni fanga yaqinlashtirmoqchi bo‘lsa, ITM o‘zlari uchun magistrlar tayyorlanishi taklifi bilan chiqib, ilmiy rahbarligini ham olishlari kerak. Innovatsion rivojlanish vazirligi esa bu hamkorlikni muvofiqlashtiruvchisi bo‘ladi.

Geologiyada ma'lumotlarning maxfiyligi

– Geologiyada juda ko‘p ma'lumotlar maxfiy hisoblanadi. Shunday qiyinchilik davrlar bo‘lganki, nufuzli grantlar yutgan paytim ham, asosiy talab qilinadigan narsa – tog‘ jinslaridan namuna olib chiqmaslik bo‘lardi.

Men shug‘ullanadigan soha tuproq va o‘simlik kuli namunalarini o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgani tufayli ko‘p kimyoviy va mineralogik tahlillarni o‘zimizda o‘tkazishimizga to‘g‘ri kelgan. Xorijda, asosan, bu yerdagi olingan natijalarni ularning statistik tahlil uslublari asosida ko‘rib chiqardim. Yoki ulardagi hududlarda hamkorlikdagi tadqiqotlar o‘tkazib taqqoslagan holda olingan natijalar bo‘yicha maqolalar chiqarganmiz.

To‘g‘ri, hamma ma'lumotlarni ochib tashlashni iloji yo‘q. Har bir davlatning o‘ziga yarasha siri bo‘lishi kerak. To‘liq ochib tashlashga men ham qarshi bo‘lardim. Jahon amaliyotida ko‘pchilik ma'lumotlar har 5-10 yilda sirligini yo‘qotadi, bu ma'lumotlarni ochib qo‘yish mumkin. Ulardan geologik-geofizik tadqiqotlarda ma'lumotlar bazasi sifatida samarali foydalansa bo‘ladi.

«Fanda ko‘pchilik olamshumul ilmiy kashfiyotlar bir qancha fan sohalarining tutashgan qismida amalga oshgan»

– Ilmda biogeokimyo va ekologik geokimyo yo‘nalishidan ketganman. Ko‘pchilikka kimyo yoki biologiya haqida gapirsam, geologiyada nima qilib yuribsiz, ham deyishadi. Aslida bu yo‘nalishning geologiya sohasidagi o‘rni beqiyos.

Fanda ko‘pchilik olamshumul ilmiy kashfiyotlar bir qancha fan sohalarining tutashgan qismida amalga oshgan. Biogeokimyo va ekogeokimyo yo‘nalishi ham geologiya, kimyo va biologiya fanlarining o‘zaro tutashgan qismida shakllangan. Bu yo‘nalish ma'dan konlarini topishda o‘simlik kuli va tuproq tarkibidagi darakchi elementlarning miqdorini o‘rganish orqali ularning tarqalish maydonlarini aniqlashga asoslangan.

Ikkinchi zamonaviy qo‘llanilish sohasi bu – ekologik-geokimyo, ya'ni tog‘-konchilik va sanoat korxonalarining atrof-muhit ekologiyasiga ta'sirini o‘rganadi. O‘simlik, suv va tuproq tarkibidagi zararli va og‘ir metallarning tarqalish areollarini o‘rganish orqali atrof-muhit ekologiyasini juda aniq baholash mumkin.

Oxirgi 10 yillikdagi ilmiy tadqiqotlarim atrof-muhit ifloslanishini ekogeokimyoviy usullar yordamida baholash bilan bir qatorda, tog‘-konchilik korxonalari chiqindilari tarkibidagi metallar miqdori va uchrash shakllarini o‘rganish va zaxiralarini baholash orqali ularni noananaviy kon sifatida qayta ishlab chiqarishga jalb etgan holda atrof-muhitni texnogen chiqindilardan tozalash bo‘yicha davom etmoqda.

Nomzodlik dissertatsiya himoyasidan so‘ng, Isroil davlatida YuNeSKO ilmiy stipendiyalar dasturi bo‘yicha postdoktoranturada o‘qiganman. U yerda tuproq ekologiyasi va mikrobiologiyasi bo‘yicha o‘z ilmiy tajriba va salohiyatimni oshirib qaytdim. Keyinroq INTAS YS, NATO SPS, TWAS, Alexander von Humboldt, Fulbright xalqaro ilmiy stipendiyalar dasturlari doirasida Germaniya, AQSh, Gretsiya, Shvetsariya, Yamayka, Xitoy davlatlarining universitet va ilmiy markazlarida taniqli olimlar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib bordim, tajriba orttirdim. Asosiysi, ingliz tilida maqola yozish va ularni nufuzli xalqaro jurnallarda chop etish bo‘yicha bebaho malakaga ega bo‘ldim.

Hozirda maqolalarim Web of Sciences va SCOPUS tizimidagi jurnallarda anchagina, iqtiboslik darajasi ham ancha yuqori.

«Zaxiralarni faqat kon topish emas, texnologiya hisobiga ham ko‘paytirish mumkin»

– Bizda yana bir yo‘nalish rivojlanishi kerak. Chiqindilar tog‘-konchilikdagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi.

Qazib olinayotgan mavjud ma'danlar, tog‘-konchilik chiqindilarini to‘la o‘zlashtirish lozim. Ularning tarkibida juda ko‘p foydali qazilmalar bor. Masalan, tarkibidagi mis miqdori kondagidan kam, lekin uning texnologiyasi yaratilsa, yangi konni partlatib mis qazib olishdan ko‘ra zararsiz va arzonga tushadi. Ya'ni zaxiralarni faqat kon topish emas, texnologiyalar yaratish hisobiga ko‘paytirsa bo‘ladi.

Hamma joyni kon qilib tashlash ham mumkin emas, o‘zi shu ikki kon ham atrof-muhitga ancha-muncha zarar keltiryapti.

Oltin qazib olishni 90 tonnadan 130 tonnaga ko‘tarishlari haqida eshitdim. Menimcha, shu miqdorni o‘zini ushlab turish yetarli bo‘lar edi, undan ortig‘i tabiat uchun ortiqcha bosim bo‘ladi.

Ko‘pincha yuqoridan tushadigan buyurtma asosida ish qilinadigan bo‘lib qolgan. Hozir ham shunaqa. Bajarilgan o‘sha buyurtma uchungina pul beriladi. Lekin olimning ijodkorligi-chi?! Olim faqat buyurtma bajaraversa, ishlab chiqaruvchiga aylanib qolmaydimi? Olimda qanday g‘oya bor, buni bilish kerak.

Chet elda ilmiy loyihalarni berishda «bottom-up» – pastdan tepaga degan tushuncha bor. G‘oyalar pastdan chiqishi kerak.

Keyin olimlardan fikrlar olinyapti-da, yo‘l xaritalari tuzilyapti. Bunda ham o‘ylab ish tutish kerakki, birdaniga katta ko‘tarilish bo‘lib ketmaydi, va shunisi to‘g‘ri. Ilmga e'tibor qaratilib, pul tikilyaptimi, demak, undan keyin vaqt kerak, kutish kerak. E'tibor davomiy bo‘lsa, natijasi bo‘ladi, albatta. Ayonki, hamma narsa davomiylikka bog‘liq.

Bugun ko‘tar-ko‘tar bo‘lib ertaga esdan chiqsa, unaqada rivojlanish bo‘lmaydi. Hozir bo‘lib turgan ba'zi jarayonlar, tadbirlar, majlislar, «tezda bajarish kerak» – hammasi protokol uchun bo‘layotganday taassurot qoldiryapti. Bunda aynan juda qisqa muddatlar qo‘yilayotgani, shaxsan menga yoqmayapti.

Mening ilmiy guruhimda 8 nafar olim ishlaymiz. Biz fundamental loyihamizga uzog‘i 3 kishini to‘liq shtatda olishimiz mumkin. Qo‘shimcha olinsa, boshqalarning ulushi qisqarib boraveradi. Hamma kiritiladigan bo‘lsa, 0,5 shtatga o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Yo‘qotishni qoplash uchun xo‘jalik shartnomalari olamiz, bu mavzudan chetga chiqishga, fikr chalg‘ishiga sabab bo‘ladi.

Takliflar

– Geologiya fani va sohasi haqidagi bilim va tushunchani maktab yoshidan boshlab shakllantirish kerak. Ko‘pchilik abituriyentlar bu sohaga hujjat topshirishga shoshilmaydi: avval ham shunday edi, hozir ham shunday.

Mendan geologiya sohasidagi fundamental tadqiqotlar sifatini xalqaro darajaga yetkazish uchun nimaga e'tibor berish kerak deb so‘rashganida:

– maktabdan boshlab yosh avlodga geologiya faniga oid tushunchalar berishni;

– shu yo‘nalishda tahsil olgan talabalarga ko‘proq amaliy tajriba orttirish uchun imkoniyatlar yaratib berish;

– magistratura bosqichidagi talabalarga albatta sohaga oid ilmiy tekshirish institutlarida faoliyat yurituvchi olimlardan ilmiy rahbar tayinlab, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun asosiy malakani berish;

– magistraturadan keyingi bosqichda imkon qadar o‘zi ishlagan jamoada doktoranturada ilmiy izlanishlarini davom etirishini;

– yangi ilmiy darajaga ega bo‘lgan mutaxassislarning iloji boricha ko‘pchiligini rivojlangan mamlakatlarda postdoktorantura o‘tab qaytishini targ‘ib qilgan bo‘lardim.

Shu holdagina biz orzu qilgan va kutgan dunyo darajasidagi yetuk olimlarning yangi avlodi yetishib chiqadi.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Mavzuga oid